Internetda tarqalayotgan videoda Reding universiteti akademigi Filippa Darbre tarkibida parabenlar mavjud bo’lgan kosmetika tufayli ko’krakda saraton hujayralari rivojlanishi haqida gapiradi. “Mana, nima bo’ldi: mikroskop orqali biz o’sgan saraton hujayralarini ko’rishimiz mumkin. Parabenlar barcha kosmetika va yuvish vositalarida, ayniqsa qo’ltiq ostiga qo’llaniladiganlarda juda ko’p ishlatiladi. U aynan ko’krak yonida joylashgan, shuning uchun saraton osongina rivojlanishi mumkin”, – deydi Filippa Darbre.
HUKM: YOLG’ON
Parabenlar – kosmetika va shaxsiy parvarish mahsulotlariga ularning yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun qo’shiladigan kimyoviy moddalar. Demak, konservantlarsiz kosmetikaning saqlanish muddati juda qisqa bo’lib, ularni muzlatgichda asrash lozim bo´lardi. Parabenlar juda past konsentratsiyalarda foydalanilganida ham xavfsiz, yumshoq va samarali konservantlardir. Bu faktlar Yevropa Ittifoqining iste’molchilar xavfsizligi bo’yicha ilmiy qo’mita (SCCS) tomonidan bir necha bor tasdiqlangan.
2004-yilda Reding universiteti doktor Filippa Darbre “Аmaliy toksikologiya” jurnalida “Inson ko’krak bezi o’smalarida paraben kontsentratsiyasi” nomli klinik bo’lmagan tadqiqotni nashr etdi. Unda aytilishicha, bir guruh tadqiqotchilar insonning 20 xil ko‘krak o‘simtalarini o‘rgangan va ularning barchasida parabenlar topilgan. Ammo Filippa Darbrening tadqiqot guruhi o’smalarni o’rab turgan sog’lom, kasallanmagan to’qimalarda parabenlar bor-yo’qligini tekshirib ko’rmadi.
Ta’kidlash kerakki, tadqiqot klinik bo’lmagan va dalilli klinik tadqiqotlar parabenlar organizmga estrogen kabi ta’sir qilmaydi, degan xulosaga keldi. Parabenlarning faolligi inson organizmida ishlab chiqarilgan estrogenlardan 10 000-100 000 marta past.
Shuningdek, tadqiqotlar natijalari shuni ko’rsatdiki, qisqa zanjirli parabenlar mahalliy qo’llanilganda teri tomonidan yaxshi so’rilmaydi, epidermis qatlamida (tashqarida) qoladi va hech qachon qon oqimiga kirishi mumkin bo’lgan dermis qatlamiga yetib bormaydi.
Bu tadqiqot xatosi bo’lib chiqdi.
Darbrening tadqiqot guruhi o’smalar atrofidagi sog’lom, kasallanmagan to’qimalarda parabenlarni tekshirishni e’tiborsiz qoldirdi. Agar nazorat ostida bo’lgan klinik sinovlar parabenlarning ham sog’lom, ham kasal to’qimalarda mavjudligini aniqlaganida, parabenlar saraton kasalligini qo’zg’atuvchi omil bo’lishi mumkin, deb bo’lmasdi. Ular parabenlar kasal to’qimalarda topilgan (fakt) va ko’krak bezi saratoni paydo bo’lishi uchun javobgar (yolg’on) ekanligini ta’kidlab, jamoatchilikka yarim haqiqatni aytdilar. Ya’ni, agar parabenlar sog’lom to’qimalarda topilmaganida, u saraton kasalligini qo’zg’atuvchi omil deb hisoblanishi mumkin edi. Ammo tadqiqot guruhi sog’lom to’qimalar haqida gapirmadi, faqat kasal to’qimalardagi parabenlar to’g’risida aytdi.
Ommaviy axborot vositalari va boshqa eko-faollar tadqiqotdagi ushbu o’ta muhim kamchilik haqida xabar bermadilar va faqat parabenlar kasal to’qimalarda topilganligi to’g’risidagi haqiqatni shov-shuv qilishga qaror qilishdi.
Filippa Darbre OAVda e’lon qilinganlarni rasman rad etdi.
“Maniskriptlarning hech bir joyida parabenlarning mavjudligi ko’krak bezi saratonini keltirib chiqarganligi to’g’risida aniq bayonot yo’q” – Filippa Darbre (Robert Golden va Jey Gandiga javoban – “Amaliy toksikologiya” jurnali, 2004 y.)
Hozirgi vaqtda parabenlarning odamlarda haqiqatan ko’krak bezi saratonini keltirib chiqarishini tasdiqlovchi ilmiy tadqiqotlar mavjud emas.