Faktchekerlar uchun foydali bo’lgan 9 ta xaritalash vositalari

Xaritalar – bu geo-mos (geo-bog’liq) ma’lumotlarni konteksga joylashning taniqli va qulay usuli. Bundan tashqari dunyoni mutlaqo g’ayrioddiy nuqtai nazardan ko’rishga imkon beradi va bundan tashqari, ular shunchaki jozibali.

Jurnalistik materiallaringizni yanada ishonchli va esda qolarli qilish uchun chiroyli va ma’lumot beruvchi xaritalarni qanday yaratishni o’rganishga arziydi. Bugungi kunda texnologiya rivojlanishi bilan besh yil oldingiga qaraganda ancha foydali va kuchli xaritalash vositalari mavjud. Ammo bu, o’z navbatida, mos vositani tanlashni murakkablashtiradi.

Quyidagi ro’yxatda mavjud vositalarning barchasi ko’rsatilmagan, ammo vizualizatsiya sohasidagi ishimizda biz aynan ushbu ro’yxatdagi vositalardan tez-tez foydalanamiz.

Ularning aksariyati oddiy va ishlatish uchun qulay: bir nechta nuqta qo’ying va/yoki jadvalga ma’lumotlaringizni qo’shing. Biroq, so’nggi bir nechta vositalar bilim va ma’lum darajada dasturlash ko’nikmalarini talab qiladi.

My Maps

Qiyinchilik darajasi: oson.

Foydalanish sohasi: nuqtalarni xaritaga ulash, oddiy vizualizatsiya.

Google’ning My Maps xaritalar yaratishni boshlashning eng oson usullaridan biridir. Agar sizda manzillar yoki GPS koordinatalari bo’lgan jadvalingiz bo’lsa, siz allaqachon xarita yaratishingiz mumkin. Ma’lumotlar to’plamini import qiling, markerlar koordinatalarini o’z ichiga olgan ustunni tanlang. Ushbu xaritada ko’pburchaklar yordamida siz qiziqadigan joylarni belgilashingiz va hatto marshrutlar haqida ma’lumot qo’shishingiz mumkin. Bu yerda xaritalar dizaynini sozlash uchun juda ko’p imkoniyatlar mavjud emas, asosiy xaritalar va marker ranglarining cheklangan to’plami mavjud. Xaritalar saytga joylashtirilishi yoki havola orqali ulashilishi mumkin.

Afzalliklaridan: xaritalarni yaratish va almashish juda oson.

Kamchiliklaridan: cheklangan sozlamalar va dizayn imkoniyatlari.

BatchGeo

Qiyinchilik darajasi: oson.

Foydalanish sohasi: nuqtalarni xaritaga ulash, oddiy vizualizatsiya.

BatchGeo xizmati sodda va ishonchli ishlaydi. Google’ning My Maps xizmati kabi, sizga kerak bo’lgan yagona narsa manzillar yoki GPS koordinatalari bo’lgan jadvaldir. BatchGeo xaritada nuqtalarni koordinatalariga muvofiq joylashtiradi. Agar siz ustunni belgilasangiz, nuqtalar rangli markerlar yordamida avtomatik ravishda guruhlanadi. BatchGeo xaritalari ham saytga joylashtirilishi yoki havola orqali baham ko’rilishi mumkin. Shaxsiy sozlash uchun asosiy xaritalar to’plami mavjud, siz markerlarning ranglarini ham o’zgartirishingiz mumkin. My Maps bilan solishtirganda, BatchGeo kamroq funksiyalarga ega, ammo ko’proq taqdimotli va ijodiy xaritalarni yaratishga imkon beradi.

Afzalliklaridan: xaritalarni yaratish va bo’lishish juda oson va xaritalar My Maps bilan yaratilganlarga qaraganda estetik jihatdan jozibaliroq ko’rinadi.

Kamchiliklari: cheklangan sozlamalar va dizayn imkoniyatlari.

Jurnalistlar uchun BatchGeoCoder

Qiyinchilik darajasi: oson.

Foydalanish sohasi: joylarning katta ro’yxati uchun GPS koordinatalarini qidirish.

BatchGeo’dan farqli o’laroq, Batch GeoCoder joy nomlarini ommaviy ravishda geografik ma’lumotlarga aylantirish uchun mo’ljallangan. GeoCoder xaritada nuqtalarni ko’rsatmaydi, u bunga mo’ljallanmagan. Xaritalar uchun GPS koordinatalarini topishning ko’plab usullari mavjud. Masalan, siz Google xaritalarda manzilni qidirishingiz va uning koordinatalarini URL manzilidan nusxalashingiz mumkin. Ammo o’nlab yoki hatto yuzlab joylarning koordinatalarini topish kerak bo’lsa, bu usul ishlamaydi. Jurnalistlar uchun Batch GeoCoder – bu ob’ektlarning geografik joylashuvini aniqlashni avtomatlashtirishga imkon beruvchi kam sonli vositalardan biri. Bu juda oson: faqat joylarni kiriting va geokodlash dasturini ishga tushiring. Joylar ro’yxati ularning geografik koordinatalari bilan tuziladi. Noaniq yoki topilmagan nuqtalar ham ularni tuzatishingiz yoki qo’lda kiritishingiz uchun belgilanadi.

Afzalliklari: foydalanish oson.

Kamchiliklari: global qidiruv muayyan mamlakatlar orqali qidirishdan ko’ra yomonroq ishlaydi.

GeoTools

Qiyinchilik darajasi: oson.

Foydalanish sohasi: ko’pgina funktsiyalar, jumladan, xarita qismlarini yuklab olish, geografik hududlarning o’lchamlarini hisoblash va taqqoslash va boshqalar.

GeoTools – bu yangi loyihalarni rejalashtirishda yordam beradigan geologik xaritalash va namuna olish vositalarining yangi to’plami. To’plamda to’rtta vosita mavjud, shu bilan birga  Radius va How Big juda o’xshash. Ularning ikkalasi ham yer uchastkasining o’lchamini baholash uchun ma’lum radius yoki maydonning doirasini yaratish va xaritalash imkonini beradi. Reprojektor vositasi sizga hududni tanlash va uning hajmini xaritadagi boshqa hududlar bilan solishtirish uchun uni butun dunyo bo’ylab ko’chirish imkonini beradi. Ulardan eng foydalisi Gimme Geodata vositasi bo’lib, u sizga xaritadagi hududni osongina tanlash va undan so’ng xohlagan xarita bo’laklarini yuklab olish imkonini beradi. Masalan, siz mamlakat viloyatining, so’ngra uning tumanlaridan biri uchun ma’lumotlarni yuklab olishingiz mumkin.

Afzalliklari: foydalanish oson, hududni o’rganish uchun qulay.

Kamchiliklari: ma’lumotlar geoJSON fayl formatida yuklab olinadi, bu esa vizualizatsiya qilish uchun boshqa vositalardan foydalanishni talab qiladi.

Ogre

Qiyinchilik darajasi: o’rta.

Foydalanish sohasi: shakl fayllarini GeoJSON fayllariga aylantirish va shakl fayllariga qayta aylantirish.

Ushbu ro’yxatdagi ko’plab vositalar, jumladan, MapShaper va QGIS sizga turli xil xarita formatlarini o’zgartirish imkonini beradi, ammo agar sizga shakl fayllarini GeoJSON formatiga aylantirish uchun maxsus vosita kerak bo’lsa, Ogre’ni sinab ko’rish arziydi. Ogre’ning xususiyatlar to’plami nisbatan cheklangan, ammo u sizning ilovalaringizdan konvertatsiya qilish imkonini beruvchi API’ga ega. (Shape-file – geometrik joylashuv va geografik ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni saqlash uchun oddiy, topologik bo’lmagan format – muharrir eslatmasi).

Afzalliklari: foydalanish oson.

Kamchiliklari: cheklangan xususiyatlar to’plami.

MapShaper.org

Qiyinchilik darajasi: o’rta (ba’zi rivojlangan xususiyatlar maxsus ko’nikmalarni talab qiladi).

Foydalanish sohasi: xarita ma’lumotlarini o’rganish, formatlarni o’zgartirish, xarita o’lchamlarini kamaytirish va solingan xaritalar to’plamlarini yaratish.

MapShaper eng ko’p qo’llaniladigan vositalardan biridir. U xaritalarni oldindan ko’rish, formatlarni o’zgartirish, xaritaning alohida qismlarini filtrlash kabi jarayonlarni soddalashtiradigan juda katta funktsiyalar to’plamiga ega. MapShaper ko’pgina formatlarda xaritalarni ochadi, masalan, shakl fayllari, geoJSON va TopoJSON. Shuningdek, u sizga xaritalarni ushbu formatlarga, shuningdek, SVG va CSV formatlariga eksport qilish imkonini beradi. Eksport qilingan xaritalar tugallangan holda ko’rinishi uchun ularni Illustrator yoki Figma kabi boshqa ilovalarda qayta ishlash mumkin. Agar siz asosiy dasturlash ko’nikmalariga ega bo’lsangiz, buyruq qatoridan foydalanib, xaritalar bilan yanada murakkab operatsiyalar uchun MapShaper’ning o’rnatilgan ajoyib vositalaridan foydalanishingiz mumkin.

Afzalliklari: xaritalar bilan murakkab operatsiyalarni bajaradi, xaritalarning o’lchamlarini osongina o’zgartiradi va boshqa formatlarga eksport qiladi.

Kamchiliklar orasida: ilg’or funksiyalardan foydalanish uchun dasturlash ko’nikmalari talab qilinadi.

Leaflet.js

Qiyinchilik darajasi: o’rta/murakkab.

Foydalanish sohasi: Javascript yordamida interaktiv onlayn xaritalarni dasturlash.

Leaflet – bu xaritalash uchun Javascript kutubxonasi; xaritalarni shaxsiylashtirish uchun tengi yo’q vosita. Leaflet’dan maksimal darajada foydalanish uchun siz Javascript’da dasturlash imkoniyatiga ega bo’lishingiz kerak; Leaflet’ning afzalligi shundaki, u deyarli har qanday xaritani yaratish imkonini beradi. Leaflet Javascript’da ishlaydi, lekin u boshqa ko’pgina kutubxonalarni qabul qiladi, shuning uchun xaritalarga individual xususiyatlarni berish imkoniyatlari deyarli cheksizdir. Qulay asosiy xarita tanlash vositasi bilan birgalikda siz haqiqatan ham noyob xaritalarni yaratishingiz mumkin.

Afzalliklari: Internetda nashr qilish uchun noyob xaritalar yaratishingiz mumkin.

Kamchiliklari: dasturlash bo’yicha tajriba va ma’lum ko’nikmalarni talab qiladi.

QGIS

Qiyinchilik darajasi: o’rta/murakkab, vazifaga qarab.

Foydalanish doirasi: mavjud xaritalarni tahrirlash va tahlil qilish, murakkab xaritalar yaratish yoki xaritalarda ma’lumotlarni tahrirlash va boshqa ko’plab funktsiyalar.

Agar siz kartografik faoliyat bilan jiddiy shug’ullanmoqchi bo’lsangiz, QGIS’ni tanlang. Ushbu vosita ochiq manba bo’lib, so’nggi bir necha yil ichida u pullik dasturiy ta’minotga pul sarflamasdan xaritalashga chuqurroq kirishni xohlaydiganlar uchun beqiyos bo’lib qoldi. QGIS ushbu ro’yxatdagi qolgan vositalardan ko’ra ko’proq xususiyatlarga ega. QGIS’ni o’zlashtirish juda qiyin vazifa bo’lishi mumkin, ayniqsa, agar siz birinchi marta jiddiy xaritalash bilan shug’ullanayotgan bo’lsangiz. Biroq, ko’plab ajoyib qo’llanmalar, jumladan QGIS’ning o’z hujjatlari ham  mavjud. Ushbu vosita deyarli barcha turdagi xaritalar va fazoviy ma’lumotlarni tahlil qilish va tahrirlash uchun ishlatilishi mumkin, shuningdek vektor va rastr qatlamlarini qo’llab-quvvatlaydi. Endi boshlaganlar uchun QGIS xaritalar va tegishli ma’lumotlarni tahrirlash uchun eng foydali bo’lishi mumkin. Bundan murakkabroq xaritalardan olingan aniq tafsilotlar asosida yangi xaritalar yaratish uchun ham foydalanish mumkin. Ilg’or foydalanuvchilar juda batafsil xaritalarni yaratish va turli xil manbalarga asoslangan yangi xaritalar yaratish imkoniyatini qadrlaydilar. Agar siz kartografiya bilan jiddiy shug’ullansangiz, QGIS’ni o’zlashtirish mantiqan to’g’ridir.

Afzalliklari: professional darajadagi kuchli xaritalash vositasi.

Kamchiliklari: agar siz xaritalar tilini yaxshi bilmasangiz, boshlash qiyin bo’lishi mumkin.

Boshqa vositalar

Ro’yxatda xaritalarni yaratish jarayonida foydali bo’lishi mumkin bo’lgan qo’shimcha vositalar to’plamini taqdim etilgan.

MapStack – bu Stamen’dan foydalanish uchun qulay vosita bo’lib, u sizga rasmlaringiz uchun chiroyli uslublar va xarita tasvirlarini yaratish imkonini beradi.

Color Brewer – xaritalaringiz uchun to’g’ri rang sxemasini topish uchun qulay vosita.

Flourish ham, DataWrapper ham yaxshi o’rnatilgan xaritalash vositalariga ega. Aksariyat onlayn vositalarda quyi darajadagi batafsil xaritalash ma’lumotlari o’rnatilgan emas, lekin ularning ko’pchiligi o’z ma’lumotlaringizni qo’shish imkonini beradi.

CartoDB hali ham ajoyib xaritalash vositasidir, lekin uning eng yaxshi funktsiyalari endi obunani talab qiladi, shuning sababli u ko’pchilik uchun ochiq bo’lmasligi mumkin.

Agar siz Leaflet kabi vosita yordamida xaritani ishlab chiqishni chuqurroq o’rganmoqchi bo’lsangiz, Leaflet Provider Demo va Leaflet Plugin Library‘dagi asosiy xarita uslublari va misollarini ko’rib chiqish maqsadga muvufiq.

Google xaritalarini vizualizatsiya qilish vositalarining aksariyati endi bepul va juda kuchli Google Earth Pro ilovaga kiritilgan. Google Earth Pro‘dan foydalanib, endi ro’yxatdagi bir nechta joylarga tashrif buyurishni ko’rsatadigan uchuvchi effektli animatsion xaritalarni yaratish juda oson.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, yana bir bor eslatib o’tmoqchimizki, ushbu kartografik vositalar ro’yxati to’liq emas, ammo xarita yaratishni endi boshlayotganlar uchun foydali bo’lishi mumkin deb umid qilamiz.

P.S.: Ushbu material rerayt (matnni sinonim so’zlar bilan o’zgartirgan holda yangi matn tayyorlash) asosida tayyorlangan. Manba uchun link: https://gijn.org/2022/12/19/9-kartograficheskih-instrumentov-neobhodimyih-zhurnalistam-v-2022-godu/