Ijtimoiy tarmoqlarda “planshet portlashi oqibatida 11 yoshli qizaloq vafot etdi” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Xabarda aytilishicha, qizaloq planshetni zaryadkaga qo’ygan holda o’ynagan, gadjet yuqori yuklama ta’sirida uning qo’lida portlab ketgan, og’ir jarohat natijasida qiz o’sha zahoti hayotdan ko’z yumgan. Holat Ukrainada sodir bo’lganligi aytilmoqda. Biz voqeaning rost yoki yolg´onligini tekshirib ko´rdik.
HUKM: ROST
Haqiqatan ham, Ukrainaning Xarkov viloyatida 11 yoshli qiz qo’lidagi planshetning portlab ketishi oqibatida halok bo’lgan. Bu haqida viloyat politsiyasi bergan ma’lumotlarga tayanib, RBK-Ukraina xabar berdi.
Ma’lum bo’lishicha, 7-avgust kuni soat 01:05 lar atrofida politsiyaga Bogoduxovsk tumanida 11 yoshli qiz vafot etganligi haqida xabar kelib tushgan. Shundan so’ng tuman politsiya bo’limi tergov guruhi darhol voqea sodir bo’lgan manzilga yetib borgan. Pavlivka qishlog’ida sodir bo’lgan voqeaga elektr tokiga ulangan planshetning portlab ketishi sabab bo’lgan. Dastlab qiz zaryadlanayotgan planshetni o’ynayotgan paytida elektr toki urishi natijasida o’limga olib keluvchi jarohat olgan, birozdan so’ng esa gadjet uning qo’lida portlab ketgan.
Ukraina politsiyasi fuqarolarni zaryad olayotgan telefon yoki boshqa gadjetlardan foydalanmaslikka chaqirdi. Boisi zaryad olayotganda qurilma qizib ketadi, bu paytda undan foydalanish qo’shimcha yuklanishga olib keladi. Agar haddan tashqari qizib ketsa, qurilma yonib ketishi, foydalanuvchini elektr toki urishi mumkin.