Qo’qondagi bozor yong’indan so’ng muddatida tiklanmadi

2023-yilning 12-iyun kuni soat 19:17 da Farg’ona viloyati Qo’qon shahar Baynalminal ko’chasida joylashgan “Buyuk ipak yo’li” savdo kompleks xududidagi do’kon rastalarida katta hajmdagi yong’in sodir bo’layotganligi to’g’risida xabarlar tarqaldi. Favqulotda vaziyatlar vazirligi 10 ta yong’in-qutqaruv ekipaji soat 19:25 da voqea joyiga yetib borgani va yong’in o’chirilgani haqida xabar bergandi.Voqeadan bir necha kun o’tgach, Farg’ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov va Qo’qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov bozor hududida tadbirkorlar bilan uchrashgan. Jarayon tavfsilotlarini Gazeta.uz internet nashriga ochiqlagan viloyat hokimligi Matbuot xizmati rahbari  Dilmurod Jumaboyev: “Qurilish ishlari 15 kunda yakunlanadi”, — deya ma’lum qilgan. Buning uchun yetarli quruvchilar jalb etilib, vaziyat nazoratga olinganligini bildirgan.

Foto: Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning bozor hududida mulk egalari bilan uchrashuvi, bozorni 15 kun ichida tiklashga va’da bergan kun

15-iyun kuni esa, O’zbekiston Prezidentligiga O’zLiDeP dan nomzod, amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning farg’onalik saylovchilar bilan uchrashuvi bo’lib o’tgan. Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev: “Qo’qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo’lsin, biz hech kimni o’z holiga tashlab qo’ymaymiz”, — deb Qo’qonda bo’lgan yong’in yuzasidan munosabat bildirgan. Ushbu uchrashuvda “Bu bozor uzog’i bilan bir oyda to’liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do’konda faoliyat yuritgan bo’lsa, o’sha yerda tadbirkorligini davom ettiradi”, — deb va’da berilgan. Ushbu munosabat matnini O’zLiDeP o’z rasmiy telegram sahifasida ham e’lon qilgan. 

Yong’indan keyingi loyihalashtirishga oid bozor joylashuvi sxemasi

Nashrimiz jurnalisti Davlat rahbari va viloyat hokimi tomonidan berilgan va’dalar bajarildimi yoki yo’qmi, aniqlash uchun oradan ikki oydan ortiq vaqt o’tib, 12-avgust va 8-sentyabr kunlari Qo’qon shahridagi “Buyuk ipak yo’li” savdo majmuasining yong’in sodir bo’lgan qismida bo’ldi. Bozorda esa hali qurilish montaj ishlari to’liq yakunlanmaganining guvohi bo’ldi. Quyidagi fotosuratlar bozor hududidan olingan holatni tasvirlaydi.

Yong’indan so’ng bozor hududidagi magistral yo’lga ko’chirib o’tqazilgan savdogarlar shu holatda tadbirkorlikni amalga oshirmoqda. Foto 12-avgust sanasida olingan.

Yong’indan keyin bozorni qayta tiklash ishlari boshlangan. Har bir savdogar uchun mana shunday do’konlar qurilishi boshlangan. Biroq berilgan va’daga muvofiq bozor hanuz bitkazilmagan.

HUKM: BAJARILMADI

Bozorning bir qismida esa yangi savdo do’konlarining ayrimlariga, to’liq bitmagan bo’lsa ham, savdogarlar ko’chib kirishni boshlashgan. “Bu yerdagi ishlarning to’liq yakunlanishiga 20 kun yoki 1 oydan ortiq vaqt ketadi”, — deydi ismini ochiqlashni istamagan savdogarlar.

Ushbu hodisadan “Risq baraka savdo kompleksi” MCHJ ja’mi miqdorda qancha zarar ko’rganligi biror manbada ochiqlanmagan. Biroq,“Risq baraka savdo kompleksi” MCHJni qayta qurish ishlari smetasini ochiqlagan bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Unga ko’ra, qurilish ishlari loyihasi 26 mlrd so’mga baholangan. Shundan, 15 mlrd so’mi bankning kredit mablag’lari va qolgan 11 mlrd so’mi jamiyatning 49 % ta’sischisining xususiy mablag’lari hisobidan amalga oshirilishi ko’rsatib o’tilgan. 

Bozor ma’muriyatining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumoti.

Zararni qoplash bozor majmuasini qayta qurish va foydalanishga topshirish jarayoni bilan bog’liq bo’lib, tadbirkorlik jarayoni bilan vaqtinchalik shug’ullana olmayotgan do’kon egalarining o’tgan muddat ichidagi yo’qtishlarini kompensatsiya qilish bo’yicha hech qanday munosabat yoki bayonot berilmagan. Biz jarayonni kuzatishda davom etamiz.