Shizofreniya ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushuniladigan ruhiy salomatlik holatlaridan biridir. Kaliforniyaning Nyuport-Bich shahridagi Psixiatriya va ruhiy salomatlik alyansi doktori Hadi Estaxr shizofreniya haqidagi eng keng tarqalgan 5 afsona haqida ma’lumot beradi.
1-mif: Shizofreniya kishida bir nechta shaxsiyat holati mavjudligini anglatadi
Fakt: Shizofreniya shaxsiyat bo‘linishini keltirib chiqaradi degan noto‘g‘ri tushuncha mavjudligiga qaramay, bu haqiqat emas. Shizofreniya va dissotsiativ identifikatsiya buzilishi ikki xil holatdir. Shizofreniya gallyutsinatsiyalarga olib kelishi mumkin, bunda odam turli ovozlarni eshitadi. Biroq bu shaxsiyatning bo‘linishi emas.
Shizofreniyaning boshqa belgilariga quyidagilar kiradi:
- faktlar taqdim etilganda ham aldanish va yolg‘on e’tiqodlarga ishonish;
- xotiraning yaxshi emasligi;
- tartibsiz fikrlash;
- gallyutsinatsiyalar (shu jumladan, turli ovozlarni eshitish va vizual gallyutsinatsiyalar);
- emotsiyalarning cheklanganligi;
- diqqatni jamlashda qiyinchilikka duch kelish;
- qaror qabul qilishda muammolar.
2-mif: Shizofreniya agressiyani keltirib chiqaradi
Fakt: Tadqiqotlarga ko‘ra, shizofreniya qayd etilgan odamlarning aksariyati zo‘ravonlik xususiyatiga ega emas. Filmlardagi shizofreniyaning chalg‘ituvchi tasviri tufayli ko‘pchilik shizofreniyani zo‘ravonlik va tajovuz bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Tadqiqotchilar, aksincha, shizofreniya bilan og‘rigan odamlarning zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi ehtimoli uni amalga oshirish ehtimolidan ko‘ra ko‘proq ekanligini ta’kidlamoqda.
3-mif: Noto‘g‘ri tarbiya shizofreniyaga olib kelishi mumkin
Fakt: Bu masalada ko‘plab faktorlar mavjud, ammo noto‘g‘ri tarbiya shizofreniyaga olib kelmaydi. Shizofreniya ruhiy kasallik bo‘lib, uning aniq sababi noma’lum bo‘lsa-da, tadqiqotchilar ushbu holatning rivojlanishiga sabab bo‘ladigan ko‘plab omillarning kombinatsiyasini taklif qilishadi. Faktorlar orasida genetika, shuningdek, psixologik va ekologik omillar mavjud. Kuchli stress va/yoki jiddiy hissiy hayotiy hodisa allaqachon unga moyil bo‘lgan odamda psixotik epizodni keltirib chiqarishi mumkin.
4-mif: Shizofreniyasi bo‘lgan odam hech qachon ish topa olmaydi
Fakt: Davolanmagan shizofreniya hayot sifatiga, shu jumladan, ishchanlik qobiliyatiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, gallyutsinatsiyalar ish joyida qaror qabul qilish qobiliyatini cheklashi ehtimoli bor. Biroq to‘g‘ri davolanish hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. To‘g‘ri davolanish va to‘g‘ri kasb tanlash bilan shizofreniya qayd etilgan ko‘plab odamlar odatiy hayot kechira oladilar. Reabilitatsiya va mehnat ta’limi ham bu borada muhim rol o‘ynaydi.
5-mif: Shizofreniyaning davosi yo‘q va u kishi bilan umrbod qoladi
Fakt: Shizofreniyani davolash boshqa ruhiy salomatlik holatlariga qaraganda qiyinroq bo‘lishi mumkin, ammo buning sabablaridan biri ba’zi odamlar hatto o‘zlarida shizofreniya alomatlari ko‘rinayotganligini anglamasliklaridir. Shuningdek, shizofreniyani davolash usullari mavjud. To‘g‘ri davolash orqali shizofreniya bilan og‘rigan bemorlarning taxminan 25 foizi to‘liq sog‘ayadi. Yana 25% kishi simptomlarda yengillanishlarga erishadi, ammo ular qaytalanishni boshdan kechirishlari ham mumkin. Muntazam terapiya va doktor bilan muloqot qilish bemorga relaps belgilarini imkon qadar erta aniqlashda yordam beradi.
Umuman olganda, shizofreniyani davolash hayot nazoratini tiklashga yordam bera oladi. Davo choralari odatda dori-darmonlar va terapiya seanslarini o‘z ichiga oladi.