Antibiotiklar haqida 9 ta mif: nimalarni bilish kerak?

Antibiotiklar davolash faoliyatining muhim qismlaridan biri bo‘lib, ko‘p hollarda bemorning tuzalishi, sog‘lig‘ini tiklab olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq yetarlicha tibbiy ma’lumotga ega emaslik ortidan ko‘p hollarda antibiotiklar oddiy aholi tomonidan noto‘g‘ri maqsadlarda yoki noto‘g‘ri usulda ishlatiladi. Ba’zilar esa “antibiotiklar zararli” degan noto‘g‘ri tushuncha ta’sirida ulardan foydalanishdan zaruriy hollarda ham voz kechadilar. Oila shifokori Yelena Shimanski polza.ru sayti uchun antibiotiklar haqida eng keng tarqalgan 9 ta mifni sharhlab berdi.

1-mif. Shamollash va tomoq og‘rig‘ini antibiotiklar bilan davolash kerak. 

Bu bugungi kundagi eng mashhur afsona. Aksariyat hollarda nafas yo‘llarining kasalliklarini antibiotiklar ta’sir qilmaydigan viruslar keltirib chiqadi. Shamollash davrida antibakterial preparatlarni qabul qilish nafaqat foydasiz, balki zararli hamdir. Sababi ular kasallik simptomlarining berkinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar bodomsimon bezlarda balg‘am topilsa, eng to‘g‘ri yo‘l streptat testini o‘tkazishdir. Odatda, tomoq og‘rig‘iga virus sabab bo‘ladi, ammo ba’zi hollarda buning sababi streptokok bo‘lishi ham mumkin. Streptokokli tomoq og‘rig‘i yurak va bo‘g‘imlardagi asoratlari tufayli xavflidir, shuning uchun to‘g‘ri davolash taktikasi uchun kasallikning xususiyatini darhol aniqlash yaxshiroqdir. Bunda 5 daqiqada natijani olish mumkin bo‘lgan ekspress testlar mavjud. Ba’zida, bakterial infeksiya virusga qo‘shilganda og‘irroq vaziyatlar ham yuzaga keladi. Bunda shifokor ayrim alomatlar yoki kasallikning og‘irlik darajasi haqida ogohlantirishi mumkin. Har holda, antibiotiklar faqat tasdiqlangan bakterial infeksiya uchun buyuriladi. Antibiotiklarni profilaktik maqsadda qabul qilish faqat vaziyatni yomonlashtirishi mumkin. Sababi bakteriyalar nafaqat antibiotiklarga qarshilik genlar hosil qiladi, balki ularni boshqa bakteriyalarga o‘tkazishi ham mumkin.

2-mif. Bemor balg‘ami yashil tusga kirsa, antibiotikni qabul qilish vaqti keldi. 

Bu doim ham to‘g‘ri emas. Ya’ni sariq-yashil burun oqishi yoki balg‘am har doim ham bakterial infeksiyaning belgisi emas. Kasallikning 3-4-kunidan boshlab bu rang kasallikning himoya qon hujayralari neytrofillar burun bo‘shlig‘idagi mikroorganizmlarga qarshi kurashish uchun ferment ajrata boshlaganligi bilan izohlanadi. Va bu ferment balg‘amning sarg‘ish-yashil rangga kirishiga sabab bo‘ladi. Nafas olish yo‘llari infeksiyalari paytida faqat ajralma rangiga e’tibor qaratish noto‘g‘ri.

3-mif. Antibiotiklarni doimiy ravishda qabul qilishgina bakteriyalarning ularga qarshilik genlarni hosil qilishiga olib keladi. 

Aslo bunday emas. Buning uchun antibiotik terapiyasining bir kursi (hatto to‘liq bo‘lmagan) yetarli. Bakteriyalar dorilarga qanchalik tez qarshilik ko‘rsatishi bakteriya turiga va u ma’lum bir antibiotik bilan nechanchi marta uchrashishiga bog‘liq. Antibiotiklar ta’siriga chidamlilik hattoki ular ma’lum bir a’zoga, masalan, quloq yoki burunga antibakterial tomchi sifatida buyirilganda ham shakllanishi mumkin. Antibiotiklar mahalliy ravishda qo‘llanilganda, dozani hisoblash deyarli imkonsiz va qabul qilingan miqdor barcha bakteriyalar bilan kurashish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. 

4-mif. Surunkali kasalliklarning kuchayishi (bronxit, otit, tsistit) kuzatilsa, antibiotikni shifokor bilan maslahatlashmasdan turib ham “o‘tgan galgi kabi” qabul qilish mumkin. 

Tez-tez qaytalanish yoki kasallikning kuchayishi holatlarida antibiotikni almashtirish masalasini ko‘tarish to‘g‘ri bo‘ladi, chunki tibbiyotning vazifasi har safar infeksiyani bostirish emas, balki kasallik qaytmasligi uchun uni davolashdir. Takroriy kuchayish holatida amalga oshiriladigan oltin standart bak-pasev (balg‘am, siydik) olish va ma’lum bir bakteriya qaysi antibiotikka sezgirligini va qaysi antibiotikga chidamliligini aniqlashdir.

5-mif. Antibiotiklar ichak mikroflorasini o‘ldiradi, shuning uchun ularni probiyotiklar bilan birga qabul qilish kerak. 

Bizning mikrofloramiz juda xilma-xil va o‘zini o‘zi boshqarishga qodir. Ambulatoriya sharoitida buyurilgan dozalarda va foydalanish muddatiga amal qilinganda antibiotiklar tanaga zarar yetkaza olmaydi. Ba’zi hollarda individual intolerans yuzaga keladi. Har bir dori uchun nojo‘ya ta’sirlar uning yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan. Agar siz antibiotikni qabul qilayotganda yo‘riqnomada aks ta’sir sifatida ko‘rsatilgan holatlardan birortasini o‘zingizda sezsangiz, bu antibiotikning sizga mos emasligini anglatadi. Ya’ni bu haqda tananing o‘zi signal beradi. Bunday holda preparat qabuli to‘xtatiladi va shifokor bilan birgalikda boshqa vosita tanlanadi. Aksariyat hollarda antibiotiklar ichak mikroflorasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Probiyotiklar haqida gap ketganda samaradorligi tasdiqlangan dori-darmonlar kam. Saccharomyces boulardii (masalan, Enterol) asosidagi dorilar eng samarali hisoblanadi. Ammo antibiotik terapiyasining birinchi kunidan boshlab hatto “ishlaydigan” probiyotiklarni ham buyurish ma’nisiz. Ushbu preparatlar tarkibidagi foydali bakteriyalar soni ichaklarimizdagi mikroorganizmlarning umumiy soniga nisbatan shunchalik ahamiyatsizki, sezilarli ta’sir bo‘lmaydi. Antibiotikni qabul qilish paytida va undan keyin bir necha kun davomida diyetangizga fermentlangan sut mahsulotlarini qo‘shish kifoya.

Antimikrobial terapiya oqibatlarining eng og‘ir versiyasi — antibiotiklar bilan bog‘liq diareya — florani tashqaridan kolonizatsiya qilish orqali emas, balki antibiotik bilan davolanadi. Bu muammo kamdan-kam hollarda, qoida tariqasida, kasalxonada bo‘lgan zaiflashgan bemorlarda uchraydi.

6-mif. Inyeksiyali antibiotiklar tabletkalarga qaraganda yaxshiroq ishlaydi. 

Bunday emas. Ta’sir tezligi haqiqatan ham farqli bo‘lishi mumkin, biroq bu shunchaki preparatning qon oqimiga tezroq kirib borishi tufayli bo‘ladi. Tabletkalar yarim soat ichida kuchga kirishni boshlaydi, inyeksiya esa bir daqiqada. Lekin bu muhim emas. Antibiotik terapiyasining terapevtik ta’siri uchun preparatning tezligi emas, balki qondagi konsentratsiyasi muhim ahamiyatga ega. Bunday holda, dori shaklini tanlash qulaylik va xavfsizlik faktorlari bilan belgilanadi. Ambulatoriya sharoitida tabletkalarni qabul qilish osonroq, shifoxonada tomir ichiga kateter bo‘lsa, ukol qilish osonroq. Hozirgi kunda hatto kasalxonada ham bemorlar ko‘p hollarda antibiotiklarni og‘iz orqali qabul qilishadi. Chunki og‘riqli inyeksiya qilishning ma’nisiz. Bemorning ahvoli og‘ir bo‘lgan holatlar bundan mustasno. Misol uchun, sepsis holatida, infeksiya qonda bo‘lsa, antibiotikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonga yuborish maqsadga muvofiqdir.

7-mif. Antibiotiklar immunitetni pasaytiradi. 

Yo‘q, antimikrobial preparatlar immunitetni pasaytirmaydi. Antibiotiklar immunitet tizimiga zarar yetkazishdan ko‘ra infeksiya bilan kurashishga yordam beradi. 7-10-14 kunlik antibiotik terapiyasining belgilangan kursi bilan mikroflora jiddiy zarar ko‘rmaydi, hamma narsa o‘z-o‘zidan tiklanadi.

8-mif. Antibiotik qabul qilgan hayvonlarning go‘shti odamlar uchun zararlidir. 

Hammasi go‘sht tarkibidagi dozaga bog‘liq. Hayvonlarga aslida infeksiyalarga qarshi kurashish uchun antibiotiklar beriladi. Belgilangan qoidalarga ko‘ra, preparatlar berilishi ularni so‘yishdan ma’lum bir muddat oldin to‘xtatilishi kerak. Nazorat qiluvchi veterinariya xizmatlari go‘shtda turli moddalar, jumladan, antibiotiklar konsentratsiyasini tekshiradi. Sinovdan o‘tgan go‘sht sotuvga chiqariladi. Bu yerda, aksincha, mahsuloti majburiy tekshiruvdan o‘tmaydigan xususiy fermerlardan ehtiyot bo‘lish kerak.

9-mif. Spirtli ichimliklar va antibiotiklarni birga qabul qilib bo‘lmaydi. 

Bu haqiqat. Ba’zi antibiotiklar guruhlari jigar va buyraklarga ko‘proq yuk beradi (masalan, izoniazidlar va tetratsiklinlar). Ular spirtli ichimliklar bilan mutlaqo qabul qilinmasligi kerak. Standart penitsillin seriyasiga tegishli antibiotiklar kamroq gepatotoksikdir. Nazariy jihatdan, agar siz penitsillinlarni qabul qilayotganda bir stakan shampan vinosini ichsangiz, jigarga alohida zarar yetmaydi. Dori va alkogolning o‘zaro ta’siri antibiotikning ta’sirini kamaytiradigan moddalarni ishlab chiqarmasligiga kafolat berish mumkin emas. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar bilan bir vaqtning o‘zida dori-darmonlarni qabul qilish nojo‘ya ta’sirlar xavfini oshiradi. 

Antibiotiklar atrofida qanchalik qo‘rqinchli mish-mishlar tarqalmasin, ular deyarli yuz yillardan buyon kishilar hayotni saqlab qolayotganligini unutmaslik kerak. Va agar biz davolanishga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni boshlasak, ular buni davom ettiradilar.