Kechki ovqatni soat 21:00 dan keyin yeyish mumkin emasligi rostmi?

Telegram kanallarida 21:00 dan keyin ovqatlanish insult va mini insultga olib kelishi mumkinligi haqida maʼlumotlar tarqalmoqda.

“Tadqiqotda 100 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi va etti yil davomida kuzatildi. Bu vaqt davomida yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan, yurak xuruji va insult kabi 2000 ga yaqin holat qayd etilgan”, — deyiladi xabarda.

HUKM: QISMAN ROST

Fransuz tadqiqotida odamlarning nonushta va kechki ovqat vaqtlari, shuningdek yurak-qon tomir kasalliklari xavf darajasi o‘rganilgan.

Xususan, miyada qon aylanishiga ta’sir qiluvchi tserebrovaskulyar kasalliklar — insult va mikroinsult haqida gap borgan.

Xatarlar qatoriga yurak xurujlari va barqaror stenokardiya kabi yurak ishemik muammolari ham kiradi.

Kechki ovqatni 21:00 dan keyin iste’mol qilgan odamlarda, uni soat 20:00 dan oldin tanavvul qilganlar guruhiga qaraganda, yurak ishemik kasalliklari rivojlanishning yuqoriroq xavfi qayd etilmagan.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, kechiktirilgan har bir soat uchun insult yoki mikroinsult ehtimoli 8% ga oshadi. Nafaqat kechki ovqat, balki kechiktirilgan nonushta ham turli yurak-qon tomir kasalliklariga olib kelishi mumkin, bu xavf 6 foizga oshgani qayd etilgan.

Ovqatlanish vaqti va yurak muammolari o‘rtasidagi bog‘liqlik asosan tadqiqot ko‘ngillilarining qariyb 80 foizini tashkil etgan ayollarda kuzatilgan.

Erkaklarda bir soatga kechiktirilgan nonushta qilish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 11% ga oshirishi bilan bog‘liq edi — ammo bu tadqiqotda statistik jihatdan ahamiyatli natijalarga erishish uchun juda oz sonli erkaklar borligi sababli bo‘lishi mumkin.

Avvalgi ishlarda bo‘lgani kabi, bu tadqiqot ham tungi ovqatdan kechish sog‘liq uchun foydali bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘proq dalillarni aniqladi. Ushbu davrda ovqatdan kechishning har bir qo‘shimcha soati insult yoki mikroinsult xavfini 7% ga kamaytirishida aks etdi.

Biroq, bu kechki ovqatni kech iste’mol qilish va ertasiga nonushtani kechiktirish strategiyasi bilan emas, balki kechki ovqatni erta tanavvul qilgan va nonushtadan oldin uzoqroq och qolgan odamlar  bilan bog‘liq tadqiqot natijasi.