Oʻzbekistonda tugʻilganlik haqidagi guvohnomani olish jarayonida daraxt ekish uchun buyurtma berish yoʻlga qoʻyiladi, degan xabarlar tarqaldi.
Factchecknet.uz sayti bu maʼlumotni tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
O‘zbekistonda farzandi tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani olish jarayonida daraxt ekish uchun buyurtma berish, uning nomiga tamg‘alangan holda daraxt ko‘chatlarini ekib, “Yangi avlod bog‘lari”ni barpo qilish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu qaror loyihasi 19-martgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ushbu taklifni qo‘llab quvvatlovchi har kim havola orqali o‘tib, ovoz berishi mumkin.
Qaror loyihasiga koʻra, har yili 1-noyabrga qadar hududlarda “yashil bogʻlar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bogʻlari” barpo qilinadi. Tuman va shahar hokimliklari balansidagi boʻsh turgan yerlar roʻyxati, maydoni
va manzili haqida maʼlumotlar toʻplanadi va GIS elektron xaritasi tayyorlanadi.
Ota-onalar farzandi tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani olishda daraxt ekish uchun buyurtma bera olishlari uchun davlat xizmati va elektron platforma yo‘lga qo‘yiladi. Platformani 2024-yil 1-iyulgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bu qanday ishlaydi?
- Bolaning ota-onasi yoki vasiyi farzand tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekishga buyurtma beradi.
- “Yashil to‘lov” elektron platformasi yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali buyurtma uchun to‘lovni amalga oshiradi.
- To‘lovlar miqdori buyurtma beruvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda belgilanadi.
- To‘langan mablag‘lar toʻgʻridan-toʻgʻri Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida tashkil etilgan “Yashil xayriya jamg‘armasi” hisob-raqamiga yoʻnaltiriladi.
- “Yashil xayriya jamgʻarmasi”ning hisob raqamida jamlangan mablagʻlar farzandning nomiga tamgʻalangan daraxt koʻchatlarini ekish orqali “Yangi avlod bogʻlari”ni barpo qilish tadbirlariga sarflanadi.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, yuqoridagilarni yo‘lga qo‘yish orqali “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlarini milliy an’ana va qadriyat darajasiga ko‘tarishga erishiladi. Xonadonda farzand tug‘ilganda uning nomiga tamg‘alangan daraxt ko‘chatlari ekilib, har bir tuman va shaharlarda “Yangi avlod bog‘lari” barpo qilish mexanizmi takomillashtiriladi. Shuningdek, respublika yashillik darajasi oshirilib, qulay ekologik muhit yaratiladi.