Factchecknet.uz bir qancha vaqtdan buyon “Open budget” loyihasi va un bilan bog‘liq muammoli keyslarni yoritib keladi. Shunday harakatlar ortidan Sirdaryo viloyatidagi vaziyat ijobiy yakunlanganligi haqida ilgariroq yozgan edik.
Bu safar Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani “Uloch” MFYdagi holatni o‘rgandik.
“Qani” qishlog‘i ichki yo‘llarini ta’mirlash tashabbusi openbudget.uz dagi “Mening yo‘lim” dasturi 2023-yil birinchi mavsumida g‘olib chiqdi. Bu tashabbus uchun 13770 ovoz to‘plangan. Mahalla mas’ullariga ko‘ra, “Uloch” MFYda jami 3600 nafar fuqaro istiqomat qiladi, shundan 1600 nafari “Qani” qishlog‘ida yashaydi. Ovoz to‘plash uchun qishloqning ja’mi aholisidan deyarli 2,5 baravar ko‘p ovoz beruvchilar jalb etilgan. Bu ovoz yig‘ish uchun qilingan harakat ko‘lamini ko‘rsatadi.“Tashabbusli budjet” saytida ushbu yo‘l parametrlari quyidagicha ko‘rsatiladi:

Loyiha uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Biroq bugungi kunga kelib, faqat 591 million so‘mlik ish moliyalashtirilgan.

Loyiha holati esa “foydalanishga topshirilgan” statusida belgilangan.
Loyiha tashabbuskori Murodjon Xurramov ijro sifatini “qizil” bilan baholab, shunday izoh yozadi: “Qani” qishlog‘ining ichki yo‘llarini asfalt qilish uchun “Mening yo‘lim” loyihasi tomonidan 1 mlrd … so‘mdan 600 mln so‘m Shahrisabz tuman moliyasi tomonidan ajratildi, qolgan 406 mln 250 ming so‘m pul yo‘q. Yotqizilgan asfalt sifati qoniqarsiz, talabga javob bermaydi”.
Izoh 2023-yilning dekabr oyida yozilgan.

Biz 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ qayerga ketgan degan savolga javob izlash va yo‘llarning sifatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida Shahrisabzda bo‘ldik.

Murodjon bizni loyiha doirasida ta’mirlangan va ta’mirlanmay qolgan yo‘llar bilan tanishtirdi.


Ushbu suratda yotqizilganiga ko‘p bo‘lmagan asfalt ostidan o‘t yorib chiqqanligi ko‘rinadi. Tashabbuskor buni asfalt qalinligi talabga javob bermasligi bilan izohlaydi.

Ushbu suratda ta’mirdan chiqqan yo‘l bo‘ylab taxminiy nuqtadan suratga olingan asfalt qalinligi ko‘rinadi. Buyurtmachiga ko‘ra, smetada asfalt qalinligi 5 sm bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Asfaltlanmagan ko‘cha
Ko‘proq suratlar bu yerda.
Loyihaning buyurtmachisi sifatida Shahrisabz tuman obodonlashtirish boshqarmasi ko‘rsatilgan.

Boshqarma hisobchisi va boshqa mas’ul xodimlari telefon orqali suhbatda na sifatsiz qurilgan yo‘l, na “g‘oyib bo‘lgan” 400 million so‘m mablag‘ masalasida hech narsani bilmasligini aytishdi.
E’tiborlisi, ushbu tashabbusning smeta hujjatlari va loyihachi ma’lumotlari “Open budget” portaliga yuklanmagan. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, barcha loyihalarda smeta hujjatlari portalga yuklanishi kerak. Tashabbuskor bizga loyihachi tashkilot xodimining kontaktlarini taqdim qildi. Raqam egasi loyihachi tashkilot vakili ekanligini, smeta hujjatlarining portalga yuklanmagani masalasida hech qanday ma’lumotga ega emasligini, hujjatlarni taqdim qila olmasligini, ular buyurtmachiga berilganligini aytish bilan kifoyalandi.
Shundan so‘ng, yo‘lning sifati va smeta bo‘yicha savollarga javob topish maqsadida pudratchi bilan bog‘landik. Ushbu loyihaning pudratchisi etib “Shahrisabz bunyodkori” MCHJ belgilangan. U ishni 23411006052333 lot raqami ostida bo‘lib o‘tgan tenderda yutib olgan (tender protokoli).

Kompaniya uchun qilingan to’lovlar tarixi quyida:

“Shahrisabz bunyodkori” MCHJ mas’uli yuqoridagi suratlarga ko‘ringan asfalt orasidan o‘t o‘sib chiqishi holatini shunday izohlaydi:
“Odatda loyiha qilinayotganda asfalt tagidan yotqizish uchun ma’lum miqdorda shag‘al olinishi belgilanadi, bundan tashqari, yo‘l chetini ham maxsus ta’mirlash kerak bo‘ladi. Smetada shag‘al miqdori o‘ta kam belgilangan, yo‘l chetini ta’mirlash (yopish) ko‘zda tutilmagan. Shuning natijasida yog‘ingarchilik payti suv kirib, o‘tlar o‘sib chiqqan. Buni bartaraf qilish mumkin, o‘zim bu masalaga aralashib, hal qilib beraman. Asfalt qalinligiga kelsak, labaratoriya tekshiruvida qalinlik smetadagi kabi ekanligi tasdiqlangan, ayrim joylarda yupqaroq qoplamalar ko‘zga tashlanib qolishi tabiiy, chunki yo‘l tekis emas, bular ichki ko‘chalar”.
Quruvchiga ko‘ra, ushbu tashabbusli loyiha bo‘yicha yo‘llarni ta’mirlagan tuzilmalar soni bitta emas. U boshqa tashkilotlar ham shu tashabbus bo‘yicha yo‘l qurganini aytadi. Lekin aynan qaysi tashkilotlar va qanday kelishuv asosida buni amalga oshirgani bizga noma’lum.
“Uloch” MFY mas’uli Sobir Xudaykulovga ko‘ra, aholi e’tirozlaridan keyin tuman obodonlashtirish boshqarmasi jamg‘armasi hisobidan 242 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, yana 3 ta ko‘cha ta’mirlangan. Quyidagi ekran tasviri olingan chatda ushbu uchta ko‘chaning ta’miri uchun ham aholi o‘zi pul yiqqanligini taxmin qilish mumkin.

Qani qishlog‘i aholisining o‘zi tashkil qilgan telegram guruhidagi chatdan ekran tasviri.
Qishloq faollaridan biri Dilorom Kurbonovaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbusning g‘olib chiqishi uchun to‘plangan 14 mingga yaqin ovozni yig‘ishda qishloq aholisi jonbozlik ko‘rsatgan. Bunda qishloq aholisi 150 million so‘mga yaqin mablag‘ sarf qilgan.
“Men ko‘p murojaat qildim, Shahrisabz moliyasining rahbari ajratilgan pulning 60 %ini olasizlar dedi. Keyin yuqoriga, moliyaga murojaat qildim. Yuqoridan iyul oyida menga telefon qilishdi. Pulning qolganini o‘tkazishdimi, deyildi. Men “yo‘q, o‘sha 600 million so‘m o‘tgan, qolgani yo‘q, dedim. Oradan 15 minutlar o‘tgach, tuman moliya boshlig‘i telefon qilib “opa, nega bermadi pulni dedingiz, menga oylik maoshingdan bo‘lsa ham to‘laysan, dedi-ku” deb nolib qoldi. Men “bermayapsizlar-ku 406 million 250 mingni” degandim. Shu jimligicha bermay ketdi. Obodonchilikning boshlig‘i Ilyos Kattayev va’da berdi, bajarmadi. Ana endi bizning qishloqdan 1 kmdan ortiq masofa asfaltsiz qoldi,” — deydi u.
Dilorom opa ovoz yig‘ish ishlariga hissa qo‘shish maqsadida sarf-xarajatlar uchun o‘z nomiga 30 million so‘m kredit olganini aytadi.
Kamoliddin aka Giyasov ismli tuman moliyasi mas’uliga ko‘ra, “Uloch” MFY uchun jami 600 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. “Saytda xato ko‘rsatayotgan bo‘lsa kerak,” — deydi u.
Tekshirib ko‘rilganda, mas’ulning so‘zlarida jon bordek ko‘rinadi. Sababi, “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 2023-yilning 1-mavsumida Shahrisabz tumani uchun 2,1 mlrd so‘m ajratilganligi ko‘rsatilgan. Bu summa ikki loyiha uchun taqsimlangan.

Shundan “Ommug‘on” ko‘chasi uchun 1,5 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Bundan kelib chiqib, “Qani” qishloq ichki yo‘li uchun 600 million so‘m mablag‘ qoladi.
Biroq hali ham quyidagi savollar ochiq qolmoqda:
- Nega portalda loyiha uchun tasdiqlangan va moliyalashtirilgan summa 1 milliard so‘mdan ortiqroq ko‘rsatilgan? Bundan chiqdi, saytga ma’lumotlar xato kiritilganmi?
- O‘rganilgan hududda haqiqatan ham 600 million so‘mlik ishlar bajarilganmi? Yo‘l sifati buni tasdiqlaydimi?
- Agar 600 million so‘m o‘tkazilib, hamma ishlar qonuniy tartibda amalga oshirilgan bo‘lsa, nega qishloq faoli boʻlmish Dilorom Kurbanovaga qo‘ng‘iroq qilib, “pulning qolgan qismini o‘tkazishdimi” deyishgan?

“Qani” qishloq ichki yo‘llari ta’miri uchun yutib chiqqan tashabbus sahifasida hisobda qoldiq borligi ko‘rinadi.
Mazkur muammoli holat ijobiy yechim topishiga umid qilib, tegishli idoralardan vaziyatni o‘rganishlarini, qishloq aholisining savollarini javobsiz qoldirmasliklarini so‘rab qolamiz.