Havoni suvga aylantiruvchi qurilma yaratilganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, havoni ichimlik suviga aylantiradigan oshxona jihozi yaratilgan. “Qurilma kuniga 19 litrgacha suv to‘plashi mumkin” deyiladi xabarda.

Factchecknet.uz mavzuni o‘rgandi.

HUKM: ROST

2023-yilda AQShda “DrinkingMaker” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va havo namligidan suv to’playdigan zamonaviy qurilma hozirda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu innovatsion texnologiya xalqaro texnologiya ko‘rgazmalarida, jumladan, Gong Kong elektronika ko‘rgazmasida katta muvaffaqiyatga erishdi. 

Qurilma havodan namlikni yig‘ib oladi va uni 6 bosqichli filtrlash tizimidan o‘tkazadi. Ushbu tizim paxta va faol uglerod filtrlari, UV nurli sterilizatsiya va HEPA (High-Efficiency Particulate Air – havoni yuqori samarali tarzda tozalaydigan filtr bo’lib, chang, allergenlar, bakteriyalar va boshqa zararli zarrachalarni ushlab qoladi) filtrini o‘z ichiga oladi. Ushbu filtrlash jarayoni katta zarrachalar va iflosliklarni olib tashlaydi, mikroblar va bakteriyalarni yo‘q qiladi va havoni tozalaydi. 
Qurilma quyosh panellari orqali ham ishlashi mumkin, bu esa uni ekologik jihatdan qulay va barqaror qiladi. Bu texnologiya plastik butilkalar va boshqa an’anaviy suv idishlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, bu esa global ifloslanishni kamaytirishga yordam beradi. Qurilmaning quyosh panellari bilan mosligi esa uni off-grid (elektr yoki boshqa infratuzilma tarmoqlaridan mustaqil yashashni ifodalovchi holat) hududlarda ham ishlatishga imkon beradi, bu esa suv ta’minotini yaxshilashda katta yordam beradi.