Telegram kanallarda yolg’iz ovqatlanish inson salomatligi uchun xavfliligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Yolg’iz ovqatlanish katta yoshli ayollarda yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga sabab bo’lishi mumkin” – deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA, QISMAN ROST.
Hozirgi kunda ijtimoiy izolyatsiya va yolg’izlik keng tarqalgan bo’lib, hisob-kitoblarga ko’ra,dunyo bo’ylab har 4 keksa kishidan 1 nafari ijtimoiy izolyatsiyani boshdan kechiradi va o’smirlarning 5 dan 15 foizigacha yolg’izlikni boshdan kechiradi. Ko’plab tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, ijtimoiy izolyatsiya va yolg’izlik jismoniy va ruhiy salomatlik, hayot sifati va uzoq umr ko’rishga jiddiy ta’sir qiladi. Ijtimoiy izolyatsiya va yolg’izlikning o’limga ta’siri chekish, semizlik va jismoniy harakatsizlik kabi boshqa aniq tasdiqlangan xavf omillari bilan solishtirish mumkin.Amerikada yolg’iz yashaydiganlar soni 1920-yildagi 5 foizdan 2013-yilda 27 foizga ko’tarildi. Ko’plab tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yolg’iz yashash insonning his-tuyg’ulari, o’ziga ishonchi va ruhiy farovonligiga ham ta’sir qilishi mumkin. Boshqa tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yolg’iz ovqatlanadigan odamlar, ayniqsa erkaklar, semirib ketish xavfi kuchliroq.
Tadqiqot Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Dongguk universiteti Ilsan kasalxonasi tadqiqotchilari tomonidan olib borildi. Olimlar 7725 nafar kattalar va ularning yashash odatlarini kuzatib, sog‘liklarini ularning yolg‘iz ovqatlanishlari bilan solishtirgan. Natijalar shuni ko’rsatadiki, ishtirokchilar orasida yolg’iz ovqat iste’mol qilgan erkaklarda semirish xavfi 45 foizga, yuqori xolesterin yoki metabolik sindromning rivojlanish xavfi esa 64 foizga oshgan. Ko’pincha yolg’iz ovqat iste’mol qiladigan ayollarda metabolik sindromni rivojlanish ehtimoli odatda sherik bo’lganlarga qaraganda 29 foizga ko’proq bo’lgan. Yolg’iz ovqatlanish metabolitik sindrom uchun potensial xavf omili hisoblanadi.
Dalillar shuni ko’rsatadiki, yolg’iz ovqatlanish ijtimoiy munosabatlar nuqtai nazaridan psixologik, metabolik va yurak-qon tomir hamda jismoniy salomatlikka salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ko’p odamlar yolg’iz ovqatlanish vaqtida taomni nisbatan tezroq yeb tugatadi. Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, tezroq ovqatlanadigan odamlar semizlik va yuqori qon bosimi kabi boshqa muammolarga duch kelishadi. Semirib ketish va yuqori qon bosimi ba’zi surunkali kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi. Bu esa o’z navbatida tana og’irligi indeksi va arterial bosim ko’rsatkichining oshib ketishiga olib keladi.Ushbu omillarning barchasi birgalikda yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ehtimolini oshirib yuboradi.