Firibgarlar internetda aldashning yangi usullarini o‘ylab topishmoqda. Yana bir shunday usul ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
Instagram’da paydo bo‘lgan reklama xabarida shunday deyiladi: “Qarzlardan qutuling. Har bir kishiga 3 soatda plastik kartasiga 8 933 000 so‘m tashlanadi. Musulmonlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi”.
HUKM: FEYK
Firibgarlar O‘zbekiston Prezidentining suratidan foydalanmoqda, go‘yoki u bunday dasturni ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlagan.
Maqsad oddiy: sizdan havola orqali o‘tib, pul olishingiz so‘raladi. Biroq, bu siz uchun moliyaviy resurslarni yo‘qotishiga olib kelishi mumkin.
Shubhali havolalarga ishonmang, bank kartangiz ma’lumotlarini kiritmang va telefoningizga kelgan kirish kodlarini hech kimga bermang!
Ushbu postdagi ma’lumotlar soxta. O‘zbekistonda har kimga shuncha pul o‘tkazishni va’da qilgan bunday dastur rasman joriy qilinmagan.
IIV Kiberxavfsizlik markazi ham maʼlumotlar soxta ekanligini maʼlum qildi va foydalanuvchilarni ehtimoliy tahdid haqida ogohlantirdi.
“Internetdagi firibgarlikning eng keng tarqalgan turi bu davlat rahbari yoki boshqa mansabdor shaxslar nomidan yolg‘on xabarlar tarqatishdir. Fuqarolarni bunday yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka va virtual firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz”, — deyiladi xabarda.