O‘zbekistonda Dubay va Tailanddagi kabi tungi hayot bo‘ladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda klublar, restoranlar va avtobuslar kechayu kunduz ishlashi haqida maʼlumotlar paydo boʻldi.

“Toshkentning top hududlarida 24 soat ishlovchi klublar, tungi faolliklar, avtobuslar va metrolarning 24/7 ishlashi — O‘zbekiston uchun shunday kelajak taklif qilinmoqda. Dubay, Tailand va AQShdan ilhom olgan rasmiylar tungi hayotni turizm va iqtisodiyotning drayveriga aylantirmoqchi”, — deyiladi xabarda.

HUKM: QISMAN YOLG‘ON

Bu taklif Strategik islohotlar agentligi saytida paydo bo‘ldi. Uning vazifalariga alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, islohotlar samaradorligini baholash, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini monitoring qilish va boshqalar kiradi.

Biroq, bu taklif loyihaning amalga oshishini anglatmaydi. Ammo, g‘oya darajasida u haqiqatan ham mavjud.

Agentlik saytidagi xabarda beshta davlatning (Buyuk Britaniya, Tailand, AQSh, BAA va Avstraliya) tungi iqtisodiyot sohasidagi tajribasi oʻrganilgani hamda Oʻzbekistonda ushbu sohani yanada rivojlantirish istiqbollari qayd etilgan.

O‘rganilayotgan mamlakatlarda kuchli tungi iqtisodiyotga ega bo‘lgan shaharlarda yillik daromad iqtisodiy o‘sishni sezilarli darajada rag‘batlantiradi.

“2023-yil holatiga ko‘ra, Londonda tungi iqtisodiyotdan daromad 44 milliard dollarni, Bangkokda 10 milliard dollarni, Nyu-Yorkda 35 milliard dollarni, Dubayda 29 milliard dollarni va Sidneyda 3,8 milliard dollarni tashkil etdi”, — deyiladi veb-saytda.

Toshkentda 24 soatlik ikkita gastronomik ko‘cha (Sultonali Mashxadi va Taras Shevchenko ko‘chalari) mavjud.

Tavsiyalar orasida quyidagilar qayd etilgan:

– tungi vaqtda transport xizmatlariga yuqori talab saqlanib qolmoqda, bu hozircha faqat xususiy taksilar tomonidan qondirilmoqda, 24 soatlik jamoat transporti tashkil etilmagan;

– madaniyat va sport muassasalarining 24/7 rejimida ishlashi uchun imkoniyatlar mavjud. Masalan, galereyalar, muzeylar va kinoteatrlarga kechayu kunduz ishlash huquqi, sport maydonchalari, kibersport va fitnes klublari uchun esa uzaytirilgan ish vaqti berilishi mumkin;

– mahalliy aholi va sayyohlar foydalanishi mumkin bo‘lgan tungi dam olish maskanlari (kafelar, klublar, muzeylar va sport majmualari) haqidagi ma’lumotlarga ega elektron platforma ham yaratilmagan;

Takliflar orasida:

1. 2025-yil 1-fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzish.

2. Tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘ngilochar maskanlarning juma va shanba kunlari tunu-kun ishlashini ta’minlash va ularning ish vaqtiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash.

3. Toshkent shahridagi turistik jozibador hududlarni aniqlash va ularda tungi mashg‘ulotlar uchun joylar tashkil etish.

4. Toshkent shahridagi jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish.

5. Tunda ishlaydigan maskanlar, jamoat transporti yo‘nalishlari va maxsus takliflar haqidagi ma’lumotlardan iborat “Tungi Toshkent” elektron platformasini yaratish.

6. Tungi iqtisodiyot uchun ayrim hududlarni modernizatsiya qilish, ko‘chalarni yoritishni kuchaytirish hamda aholi va sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.

Shuningdek, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi va tungi iqtisodiyot sohasini litsenziyalash tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif etilgan.