Sun’iy ozuqalar ona sutining o‘rnini bosa oladimi?

Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning qo‘shimcha ozuqalari ona suti bilan bir xil tarkibga egaligini da’vo qiluvchi reklamani ko‘ramiz. Xalq orasida ham ona sutining o‘zi yetarli emasligi, qo‘shimcha ozuqalar shartligi haqida tavsiyalar uchrab turadi. Factchecknet.uz ushbu maqolada bolalarni oziqlantirishning har ikki usulidagi afzallik va kamchiliklarni keltirib o‘tadi. 

HUKM: MANIPULYATSIYA

Yangi tug‘ilgan chaqaloqni qanday oziqlantirish ota-onalar duch keladigan eng muhim masalalardan biridir. Ikki asosiy usul mavjud: ona suti bilan emizish yoki sun’iy oziqlantirish. 

Ona sutining tarkibi va xususiyatlari

Amerika pediatriya akademiyasi (AAP) bolaning hayotidagi dastlabki olti oy mobaynida faqat ona suti bilan oziqlantirishni tavsiya etadi. Chunki ona suti chaqaloqning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan oziq moddalar manbaidir. U oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va minerallardan tashkil topgan. Ona sutining tarkibi doimiy emas, u chaqaloqning yoshi, kunning vaqti va hatto bir marta emizish davomida ham o‘zgarib, uning ehtiyojlariga moslashadi.

Ona sutining muhim xususiyatlaridan yana biri uning immunologik omillarga, jumladan, antitanalar, laktoferrin va lizotsimga boyligi hisoblanadi. Bu moddalar chaqaloqning immunitet tizimini kuchaytiradi va yuqumli kasalliklardan, jumladan, quloq infeksiyalari, nafas yo‘llari kasalliklari va diareyadan himoya qiladi.

Emizish jarayoni ona va bola o‘rtasida yaqin his-tuyg‘ular bog‘lanishini ta’minlashga yordam beradi. Bu bog‘liqlik bolaning ruhiy-emotsional rivojlanishi uchun juda muhimdir. Bundan tashqari, ba’zi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, emizish ona salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, xususan, tug‘ruqdan keyingi tiklanishni tezlashtirishi va ko‘krak hamda tuxumdon saratoni, diabet kabi kasalliklar xavfini kamaytirishi mumkin.

Sun’iy ozuqalar tarkibi va xususiyatlari

Sun’iy oziqlanish formulasi emizishning iloji bo‘lmaganda chaqaloqlarni oziqlantirish uchun mo‘ljallangan. U odatda sigir suti yoki soya oqsili asosida tayyorlanib, vitaminlar, minerallar, yog‘lar va uglevodlar bilan boyitiladi.

Zamonaviy sun’iy oziqlanish formulalarining tarkibi imkon qadar ona suti tarkibiga yaqinlashtirilgan. Ishlab chiqaruvchilar chaqaloqning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha oziq moddalar bilan ta’minlashga harakat qilishadi. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, sun’iy oziqlanishda ona sutining barcha biologik faol komponentlari, ayniqsa immunologik omillari mavjud emas. Shu sababli, ona suti bilan kam oziqlangan bolalarga kasallik yuqish xavfi biroz yuqori bo‘ladi.

Sun’iy oziqlanish formulasini tayyorlashda gigiyena qoidalariga va ishlab chiqaruvchining ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish muhimdir. Noto‘g‘ri tayyorlangan ozuqa chaqaloqda ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, sun’iy oziqlanish doimiy xarajatlarni talab qiladi, bu esa oila budjetiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Sunʼiy ozuqalar uchun idishlar va suv haroratini doim bir xilda ushlash ancha murakkab. Agarda ular tayyor holatda boʻlmasa, ochqagan chaqaloq bilan tayyorlash qiyin bo‘lib, onani anchagina charchatadi. 

Sun’iy ozuqalar ona sutining o‘rnini bosa oladimi?

Ona suti va sun’iy ozuqalarning qiyosiy tahlili

Ona suti chaqaloq uchun eng tabiiy va foydali ozuqa ekanligi ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan. Uning tarkibidagi noyob moddalar chaqaloqning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi hamda immunitet tizimini mustahkamlash uchun juda muhimdir. Biroq har bir oilaning vaziyati o‘ziga xos bo‘lib, ba’zi hollarda sun’iy oziqlanish yagona to‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkin. Ota-onalar har ikki variantning afzalliklari va kamchiliklarini xolis baholab, farzandlari va oilalari uchun eng maqbul yo‘lni tanlashlari lozim.

Muhim eslatma!

Chaqaloqni qanday oziqlantirish haqida yakuniy qarorni qabul qilishdan oldin, albatta, pediatr bilan maslahatlashish zarur. Shifokor onaning vaziyatini inobatga olgan holda to‘g‘ri tanlov qilishga yordam beradi.