Xushbo‘y shamlar sigaretdan ham xavfliroq ekanligi rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda xushbo‘y shamlar sigaretdan ham xavfliroq bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’vo faol muhokama qilinmoqda. Mavjud tadqiqotlarni ko‘rib chiqib, ushbu da’voni tekshirib ko‘rishga qaror qildik.

HUKM: QISMAN ROST

Xushbo‘y shamlar, ayniqsa parafindan tayyorlanganlari, kanserogenlar sifatida tasniflanadigan benzol va toluol kabi uchuvchi organik birikmalar (UOB)ni chiqaradi. Ushbu moddalar nafas olish, allergiya va salomatlik uchun boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sham yonganidagi PM 2,5 zarrachalari darajasi JSST ko‘rsatmalaridan 15 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Shamlar yonganda, o‘zidan saraton xavfi bilan bog‘liq bo‘lgan formaldegid va politsiklik aromatik uglevodorodlarni (PAU) chiqaradi. Misol uchun, bir tadqiqot xushbo‘y shamlardan foydalanish va siydik pufagi saratoni xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatdi.

Shamlar chiqaradigan zaharli moddalarning uzoq muddatli ta’siri o‘pka va yurak-qon tomir tizimi holatini yomonlashtirishi mumkin. Hatto hidsiz shamlar ham oz miqdorda bo‘lsa-da, zararli birikmalarni chiqarishi mumkin.

Foydalanishning maqbul sharoitlarida xushbo‘y shamlar chekish kabi katta zarar keltirishi dargumon.

Sigaret chekish surunkali bronxit va emfizemani o‘z ichiga olgan surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining asosiy sababidir.

Shuningdek, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, chekish kattalarda astma alomatlarini yomonlashtiradi. Chekuvchilarda chekmaydiganlarga qaraganda tez-tez va og‘ir astma xurujlari bo‘lib turadi. Bundan tashqari, passiv chekish ta’siri bolalarda astma belgilarini kuchaytiradi, bu esa kasalxonaga yotqizish va dori-darmonlar qo‘llashning ortishiga olib keladi.

Chekish immunitetni zaiflashtiradi va o‘pka funktsiyasini buzadi, pnevmoniya va tuberkulyoz kabi respirator infektsiyalar xavfini oshiradi. Bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, chekuvchilar chekmaydiganlarga qaraganda tuberkulyoz kasalligidan ko‘proq aziyat chekishadi, bu xastalikka chalinish va o‘lim holatlarining oshishiga olib keladi.

Sigaret tutuni nafas yo‘llarining epiteliysiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi, hujayra shikastlanishi va apoptoz (dasturlashtirilgan hujayra o‘limining tartibga solinadigan jarayoni)ni keltirib chiqaradi. Ushbu zararlar surunkali rinosinusit va nafas yo‘llarining boshqa yallig‘lanish kasalliklarining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Uzoq muddatli tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, chekish o‘pka funktsiyasining pasayishini tezlashtiradi. 6000 nafarga yaqin chekuvchilar ishtirokidagi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, chekishni davom ettirganlarda chekishni tashlaganlarga qaraganda nafas olish va o‘pka funktsiyasi sezilarli darajada yomonlashgan.

Xushbo‘y shamlar sigaretdan ko‘ra xavfliroq degan da’vo ba’zi asoslarga ega, ammo aniqlashtirishni talab qiladi. Barchasi foydalanish shartlari, shamning materiali va uni ishlatish chastotasiga bog‘liq.

Xatarlarni minimallashtirish uchun mutaxassislar quyidagilarni tavsiya qiladilar:

1. Xushbo‘y shamlardan foydalanishni cheklang.

2. Tabiiy mum (masalan, soya yoki asal mumi)dan tayyorlangan shamlarni tanlang.

3. Xonani doim shamollatib turing.