Olimlar suvda eriydigan plastik yaratdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda yaponiyalik olimlar dengiz suvida butunlay parchalanadigan yangi plastmassa turini yaratishgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. “Yangi material noyob xususiyatlarga ega boʻlgan supramolekulyar polimerlarga asoslangan.  Bu polimerlar tuzli suv taʼsirida osongina yoʻq boʻladigan tuzilishga ega”, – deyiladi tarmoqda tarqalgan xabarlarda.

Factchecknet.uz ushbu xabarlar qanchalik asosliligini tekshirdi.

HUKM: ROST

Yapon hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan tadqiqotchilar guruhi o‘simlik moddalari va bakteriyalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, qayta ishlanadigan va biologik parchalanadigan bioplastiklar yaratish ustida ishlayotganligi haqida xabar berilgan edi.

Yapon xalqaro tadqiqotchilar jamoasi atrof-muhit ifloslanishini va okeanlarda plastmassa to‘planishini kamaytirish maqsadida dengiz suvida parchalanishi mumkin bo‘lgan plastmassa turini ishlab chiqdi.

Bu ma’lumot AQShning  “Science”  akademik jurnalining juma kungi sonida chop etilgan.

“Riken” milliy ilmiy-tadqiqot instituti va Tokio universiteti a’zolaridan iborat tadqiqot guruhi a’zolari so‘zlariga ko‘ra, “supramolekulyar” plastmassa deb nomlangan material ham neftga asoslangan plastmassalar kabi qayta ishlanishi mumkin.

Yangi plastmassa oziq-ovqat qo‘shimchalarida ishlatiladigan va organik materiallarda yaratilgan monomerlardan tayyorlangan. Okean tuzli suvi materialning tezda monomerlarga ajralishiga va okean yoki tuproq ichidagi bakteriyalar tufayli parchalanishiga olib keladi.

Tadqiqot guruhining ta’kidlashicha, qayta ishlanadigan va yonmaydigan ushbu material nozik mashinalar va arxitektura yopishtiruvchi qismlarida ishlatilishi kutilmoqda. Qadoqlash va boshqa maqsadlarda ishlatiladigan plastmassaning katta qismi dunyo okeanlarida to‘planib qolgan. Chunki u axlatga tashlanganidan keyin ham tabiiy ravishda parchalanmaydi.

“Riken” guruhi direktori va Tokio universitetining taniqli professori Takuzo Aida boshchiligidagi jamoa suvda ikki turdagi biologik parchalanadigan tabiiy kelib chiqadigan monomerlarni aralashtirdi. Bu yerda birlashtirilgan monomerlar tizilmalari paydo bo‘ldi. Tuzilmalarni ajratib olish va quritish orqali jamoa rangsiz va shaffof, ammo juda zich plastik materialga ega bo‘ldi.

Jamoa ikkita aralashtirilgan monomerlardan birini o‘zgartirish orqali ushbu materialga issiqlikka chidamlilik, qattiqlik kabi turli xususiyatlarni berish mumkinligini aniqladi.

Ushbu sinov yangi plastmassaning ko‘p jihatdan an’anaviy plastmassalar bilan o‘xshashligini ko‘rsatadi. Ammo jamoaning so‘zlariga ko‘ra, yangi plastik material tuzli suvga botirilganda bir necha soat ichida monomerlarga bo‘linadi.

Plastik chiqindilar global va mahalliy miqyosda jiddiy muammo hisoblanadi. Har yili dunyoda 400 million tonnadan ortiq plastik ishlab chiqariladi. Dunyodagi jami plastik chiqindilarning faqat 9% qayta ishlanadi. Umumiy plastik chiqindilardan har yili taxminan 8 million tonna plastik okeanga tushadi. Bu o‘ta jiddiy muammodir.

Shu jumladan, O‘zbekistonda ham plastik chiqindilar bilan bog‘liq holat qoniqarli darajada emas. Mamlakatimizda har kuni 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘ladi va ulardan katta qismi plastikdan iborat. O‘zbekistonda plastik chiqindilarning faqat 17-21% qayta ishlanadi. Qolgan qismi poligonlarga yoki noqonuniy chiqindixonalarga tashlanadi. Mamlakatimizda plastik chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar soni oshayotgan bo‘lsa-da, ammo hozircha bu muammo bartaraf etilganicha yo‘q. 

Shu jumladan, ta’kidlash kerakki, plastik chiqindilarning tabiiy sharoitlarda parchalanishi ming yillarga cho‘ziladi. Plastik chiqindilar bilan ifloslangan yer va suv resurslari, iqtisodiy va ekologik zarar yetkazadi. Shu sababli olimlar tomonidan yaratilgan suvda parchalanadigan plastmassa ushbu xavfli holatlarning yana bir yechimi bo‘lishi mumkin.