Toshkent shahrida “Biseptol” savdo belgisi ostida qalbaki dori vositalari sotilayotgan 69 ta dorixona aniqlandi. Xususan, ushbu dorixonalarda ular “Biseptal” va “Besetol” nomlari bilan sotilmoqda.
Adliya vazirligining Intellektual mulk markazi tomonidan qalbaki “Biseptol” ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Sharq Darmon” va “Spring Pharmaceutic” kompaniyalariga tegishli ko‘rsatma berildi.
Ushbu tovar belgisiga egalik huquqi bo‘lgan Polshaning “Adamed Pharma S.A.” kompaniyasi katta moliyaviy yo‘qotishlar va qalbaki mahsulotlarni olib tashlash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani haqida xabar berdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, kontrafakt mahsulotlar faqat ayrim dorixonalardan olib tashlanmoqda, boshqalarida esa sotilishda davom etmoqda.
Biroq Adliya vazirligi kontrafakt tovarlarni sotuvdan olib qo‘yish huquqiga ega emas.
— O‘zbekistonda kontrafakt tovarlarni olib qo‘yish bo‘yicha samarali sudgacha bo‘lgan choralar mavjud emas. Javobgarlik choralari ko‘rsatmalar va jarimalar bilan cheklanadi. O‘zbekistonda hozirda kontrafakt mahsulotlarni sotish, olib kirish va saqlash uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik yo‘q. Hibsga olish faqat sud tartibida, xo‘jalik sudi qarori bilan amalga oshirilishi mumkin, — deydi patent vakili Madina Tursunova.
“Bundan tashqari, ko‘pincha vijdonsiz ishlab chiqaruvchilar qadoqlash yoki nomga kichik o‘zgarishlar kiritadilar”, — deydi Tursunova. Xuddi shu narsani “Adamed Pharma S.A.”ning javobidan ham ko‘rish mumkin: “Dorilar biroz o‘zgartirilgan, “Adamed” tomonidan ishlab chiqarilgan doriga chalkash darajada o‘xshash nom bilan qaytmoqda”.
“AstraZeneca” kompaniyasining davlat idoralari bilan ishlash bo‘yicha menejeri Aleksey Teteryukning fikricha, kontrabanda yoki kontrafakt mahsulotlarni sotish holatlari aniqlansa, bunday dorixonalar litsenziyasidan mahrum bo‘lishi kerak.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekistonda dorixonalarning qalbaki dori vositalarini sotish litsenziyasidan mahrum qilinishi uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish mumkinmi yoki yo‘qligi haqida amaldagi qonunchilikka asoslanib, aniq javob bermadi. Markazning qayd etishicha, qonun hujjatlari buzilganligi, shu jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlari narxlarini belgilash tartibini qo‘pol ravishda buzganligi sababli litsenziyasi tugatilgan dorixonalar hamda huquqbuzarliklarga bevosita yo‘l qo‘ygan xodimlar (farmatsevtlar)ning yagona manzil reestri uzpharmcontrol.uz saytida doimiy ravishda yangilanadi.
Aleksey Teteryuk tovar belgilariga mutlaq huquqni qasddan va tizimli ravishda buzgan, xususan, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, olib kirish va sotish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘rib chiqishga arziydi, deb hisoblaydi. Intellektual mulk markazi jinoiy javobgarlikni joriy etish imkoniyati haqidagi savolga javob bermadi.