“O’zbekistonda denominatsiya amalga oshmaydi” — Markaziy bank

Ijtimoiy tarmoqlarda “so’m yangilanmoqda, O’zbekistonda denominatsiya kutilyapti” mazmunidagi xabarlar keng tarqaldi. “Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, yangi pul muomalasi 10.000:1 nisbatida amalga oshiriladi.  Mish-mishlarga ko’ra, eski va yangi miqdor 2025-yilgacha parallel ravishda harakat qiladi. 2025-yil 1-yanvar kuni plastik kartadagi pullar avtomatik ravishda to’rtta nolni yo’qotadi. Hozirda muomalada bo’lgan 500, 1000, 5000, 10,000, 50,000, 100,000 va 200,000 so’mlik pullar 2024 yil 31 dekabrgacha parallel ravishda bo’ladi. Ya’ni, pul belgisidan keyin eski 1000 so’m — 10 tiyin, 10.000 so’m — yangi 1 so’mga teng bo’ladi. 100 AQSH dollari narxi taqriban 85 so’m bo’ladi” deyiladi xabarda. “TGstat” xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, qisqa vaqt ichida xabar 30 ming martadan ortiq ko’rilgan, salkam 400 marta ulashilgan. 

Mazkur xabarning qanchalik haqiqatga mos kelishini tekshirib ko’rishga qaror qildik.

HUKM: YOLG’ON

Respublika Markaziy banki o’zining rasmiy Telegram kanalida bu kabi tarqatilayotgan xabarlarga nisbatan munosabat bildirdi.

“O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan pul birligining denominasiya qilinishi, ya’ni 1:10 000 nisbatda yangi pul belgilariga almashtirilishi hamda eski va yangi pul belgilari 2025 yilgacha parallel ravishda muomalada bo’lishi to’g’risidagi xabarlar borasida quyidagilarni ma’lum qiladi. Ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas, bugungi kunda pul birligini denominasiya qilish masalasi O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy banki tomonidan ko’zda tutilmagan” deyiladi xabarda.

Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, agar mamlakatda pul birligi bilan bog’liq qandaydir o’zgarishlar amalga oshiriladigan bo’lsa, bu haqida, albatta, O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy veb-saytida xabar beriladi. Veb-saytda o’z aksini topmagan xabarlarga ishonish kerak emas va bunday hollarda turli xabarlarga ishonishdan oldin rasmiy veb-sahifalarni tekshirib ko’rish maqsadga muvofiqdir.