Xonanda Nilufar Usmonovadan muxlislari uchun millionlar

Facebook tarmog’ida “Nilufar Usmonova suratda yashiringan sonni topgan kishiga falon summa xayriya qiladi” mazmunidagi ko’plab postlar aylanmoqda.

Xabarlarning ba’zilariga havolalar keltiramiz: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 15 

Postlar to’g’ridan to’g’ri efir shaklidagi video tarzida uzatilgan, bir necha soat davom etgan va bu vaqt oralig’ida ba’zilarida 22 mingtacha ishtirokchi bo’lganini ko’rish mumkin. 

HUKM: FEYK

Xonandaning administratori biz bilan suhbatda bunday mazmundagi kontentning yolg’on axborot ekanligini ta’kidladi. Nilufar Usmonova mazkur tovlamachilik holatlari to’g’risida o’zining instagram sahifasida ham ogohlantirish bergan.

«O’yin» davomida tovlamachilar uning ishtirokchilaridan mavjud xabarni ma’lum miqdordagi guruhlarga tarqatish, maxsus veb-saytga shaxsiy ma’lumotlar kiritish kabi komandalarni bajarishni ham so’raydi.

Xuddi shunday tabiatga ega xabarlar, sportchilar, boshqa taniqli shaxslar nomi bilan bog’langan holatda ham tarqalmoqda va ularga minglab odamlar ishtirok etyapti. (Keys 1, 2, 3)

Sovrinli o’yinlar, katta meros va’dasi, ijtimoiy ko’mak, guruhlarga odam qo’shish evaziga pullarga ega bo’lish kabilar onlayn firibgarlik sxemalari orasida eng keng tarqalganlari bo’lib, ular odatda shaxsiy ma’lumotlaringizni o’g’irlash va hisob raqamingizdan pul yechib olinishi bilan yakunlanadi. Firibgar sizdan sovrinni yetkazib berishi harajatlari uchun pul so’raydi (va siz uni ixtiyoriy o’tkazib berasiz) yoki mobil qurilmangizga kelgan kodni qo’lga kiritish orqali sizni chuv tushiradi.

Bunday hodisalar jabrlanuvchisiga aylanmaslik uchun e’lonlardagi har qanday aksiyalar, pul yutuqlari hamda boshqa takliflarni rasmiy sahifalar yordamida qayta tekshirib ko’rish, ishonchliligi o’z tasdig’ini topmagam platformalarga shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan bu kabi havolalarni tekshirmasdan ochmaslik va boshqalarga tarqatmaslik tavsiya etiladi.