Ichimlik suvi bilan mashina yuvganlik uchun jarimalar haqida

Telegram’da mashinani ichimlik suvi bilan yuvish 3 million so’m jarimaga sabab bo’ladi, mazmunidagi xabarlar keng tarqalmoqda. Shuningdek, ularda bog’ni sug’orish, hovliga suv sepish kabi harakatlar uchun ham javobgarlik belgilanganligi yozilgan.

HUKM: YARIMHAQIQAT

Xabarni qisman to’g’ri deb qabul qilish mumkin, ammo javobgarlik turi turlicha holatlar uchun farq qilishini inobatga olish kerak.

O’zbekiston Adliya vazirligiga tegishli “Huquqiy axborot” Telegram kanaliga ko’ra, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda (mashina yuvish, tomorqa sug’orish, hovliga suv sepish) foydalanish yoki oqilona foydalanmaslik (mevalarni muzlatish uchun ochib qo‘yish) suvni to’xtatib qo’yish uchun аsos hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur qoidalarni buzish, ya’ni suvdan xo’jasizlarcha foydalanish fuqarolarga BHMning bir baravaridan (330 ming so‘m) uch baravarigacha (990 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan (1 mln 650 ming so‘m) o’n baravarigacha (3 mln 300 ming so’m) miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Eslatib o’tamiz, bu turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega xabarlarni tarqatishda rasmiy manbalarga to’g’ridan-to’g’ri havolalar berish yoki aynan javobgarlik masalalari kabi ahamiyatli qismlarni o’zgartirishlarsiz, obyektiv yoritishga harakat qilish o’rinlidir. Asosli xabarlarlar yuzaga kelishi mumkin bo’lgan anglashilmovchilik va dezinformatsiyaning oldini oladi.

Ma’lumot o’rnida aytish mumkinki, biroz avval Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev 2024-yilgi davlat byudjetiga suvni tejashni rag’batlantiradigan mexanizmlar kiritilishini bildirgan edi. “Suvni sarflash madaniyati, uni o’lchash va yetkazib berish bo’yicha juda keskin takliflarimizni tayyorlayapmiz”, – degan edi vazir.