O‘zbekiston Qrim-Kongo gemorragik isitmasi sababli xavfli davlatmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Qrim-Kongo gemorragik isitmasi (QKGI) sababli xavfli davlatlar ro‘yxatiga kiritilgani haqidagi xabar tarqaldi. Bu qanchalik rost? O‘zbekiston haqiqatdan ham Qrim-Kongo gemorragik isitmasi sababli xavfli davlatmi? Biz bu haqdagi faktlarni tekshirdik va hukm chiqardik.

HUKM: MANIPULYATSIYA

Bu kabi xabarlarda mazmun bo‘rttirilib ko´rsatiladi va jamoatchilik fikriga taʼsir qiladi.

Xabar qayerdan tarqaldi?

Angliyaning Daily Mail tabloidi yozgi taʼtil vaqtida sayohatga otlangan britaniyaliklarni turli kasalliklardan ogoh bo‘lishga chaqiruvchi maqolani eʼlon qildi.

«Yozgi taʼtilga chiqishni rejalashtiryapsizmi? Yo´l olgan manzilingizda yashirinib yotadigan kana-qotillar ro‘yxatini o‘qishni unutmang», deyiladi maqola sarlavhasida.

Nashr Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikada keng tarqalgan virusli kasalliklar va ularni qo‘zg‘atuvchilar haqida maʼlumot bergan. Maqolada 104 ta mamlakat va ularda yuqtirib olish mumkin bo‘lgan infeksiyalar ro‘yxati keltirilgan. Jumladan, O‘zbekistonda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi va vabo kasalligi tarqalishi xavfi borligi aytilgan.

Bu qanday kasallik?

Qrim-Kongo gemorragik isitmasi – shu nomdagi virus keltirib chiqaradigan, kana chaqishi oqibatida yuqadigan o‘tkir yuqumli kasallik. U isitma, kuchli intoksikatsiya, teri va ichki organlarda qon ketishi bilan tavsiflanadi. Birinchi marta 1944-yilda Qrimda, shuningdek, 1956-yilda Kongoda ham aniqlangan.

Kasallik o‘tkir boshlanib, bemorning tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi, sovqotib qaltirashi, mushaklari og‘rishi, badanga toshma toshishi, yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terisi qizarishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Baʼzi holatlarda kasallik og‘ir kechib, bemorda qon ketishi natijasida o‘lim qayd etiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga ko‘ra, QKGI infeksiyasi keng tarqalgan paytda o‘lim darajasi 40 foizga yetadi. Virus odamlarga asosan kana va chorva hayvonlaridan o‘tadi. Bemorning qoni, axlati bilan yaqin aloqada bo‘lganda odamdan odamga ham yuqishi mumkin. QKGI kasalligiga qarshi samarali vaksina yo‘q.

Manbaning nufuzi qanday?

Daily Mail Britaniyadagi ommalashgan nashrlaridan biri, biroq, uning ishonchli manba sifatidagi obro´si shubha uyg‘otadi.

2017-yilda “Vikipediya” internet-ensiklopediyasi Daily Mail nashriga beriladigan havolalardan voz kechish haqida qaror qabul qildi. Tahririyat «sensatsiyaga intilib, faktlarni yaxshi tekshirmaydigan, uydirma to‘qishga intiladigan yomon obro‘ga ega nashr», deb baholandi. Qayd qilinishicha, bu “Vikipediya” uchun juda g‘ayritabiiy harakat bo‘lib, manbalardan foydalanish yoki ularga beriladigan havolalarni kamdan-kam taqiqlaydi.

O‘zbekiston Qrim-Kongo gemorragik isitmasi sababli haqiqatdan ham xavflimi?

Qrim-Kongo gemorragik isitmasi O‘zbekistonda tarqalish xavfi yuqori ekani yangilik emas. O‘zbekistonning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi.

Foto. QKGI tarqalish o‘choqlari (to‘q qizil ranglarda). Manba: Oxford Academic

Ushbu infeksiyani tarqatuvchilari – Hyalomma marginatus, Dermacentor marginatus, Ixodes ricinus kanalari O‘zbekiston hududida ham keng tarqalgan.

1948-1983-yillarda O‘zbekistonda 553 holatda QKGI kasalligi aniqlangan. Boshqa maʼlumotlarga ko‘ra, 1944-2018-yillarda O‘zbekistonda 665 holatda QKGI kasalligi aniqlangan va 66 bemor vafot etgan.

2018-yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi 16 holatda qayd etilgan.

2022-yilda Qashqadaryoda Qrim-Kongo gemorragik isitmasidan 2 nafar bola vafot etgan.

O‘zbekiston Qrim-Kongo gemorragik isitmasi tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga allaqachon kiritilgan. Daily Mail tomonidan buning eʼlon qilinishi sensatsion yangilik emas. Shu sabab, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu maqolaga alohida urg‘u berilish shov-shuv ko‘tarish, klikbeyt sarlavhalar orqali ko´ruvlar sonini oshirish maqsadida amalga oshiriladi. Xabar sarlavhalarida ham manipulyatsiya belgilari yaqqol seziladi.

O‘zbekistonda haqiqatdan ham Qrim-Kongo gemorragik isitmasi tarqalishi xavfi bor, ammo u hech qachon epidemiya darajasiga ko‘tarilmagan.