Yaponiyada ovqatini oxirigacha yemagan mijozlar jarimaga tortiladimi?

Jurnalist Ilyos Safarov 1-iyul kuni Telegramdagi kanaliga joylagan postida “Ekologiya vazirligi isrofgarchiliklarni kamaytirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida restoran va kafelarda orttirib qoldirilgan ovqat uchun jarima joriy qilmoqchi” ekanini yozdi. Uning aytishicha, bunday amaliyot Yaponiyada ham mavjud ekan.

Biz bu ma’lumotni  rost yoki yolg‘on ekanini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldik.

HUKM: QISMAN ROST

Gap shundaki, Yaponiyada oziq-ovqat isrofgarchiligiga qarshi kurash asr boshidan buyon davom etib kelayotgan bo‘lishiga qaramay, u hali ham keng tarqalgan muammo sanaladi. Mamlakatda har yili taxminan 6,5 million tonna oziq-ovqat chiqindiga tashlab yuboriladi. Ko‘rsatkich shu darajada ulkanki, hisob-kitoblarga ko‘ra, chiqitga chiqarilgan ovqatlar odamlarga tarqatilsa, kuniga butun mamlakatning har bir fuqarosi kamida bir piyoladan ovqatga ega bo‘lar ekan.

Qonunchilikda jarima bo‘yicha hech qanday norma yo‘q

Shu sababli hukumat 2019-yilda “Oziq-ovqat isrofini kamaytirishga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgan. Unga ko‘ra, holatni bartaraf etish uchun keng aholi o‘rtasida oziq-ovqat isrofini kamaytirishga doir tushuntirish ishlari olib boriladi. Chiqitga chiqarilayotgan yaroqli yeguliklar yig‘ilib, muhtojlar va tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan insonlarga tarqatiladi. Milliy va mahalliy hukumat iste’molchilar hamda korxonalarga takliflar berib boradi. 

Qonun mazmuni asosan ko‘rsatma shaklida, ya’ni unda ovqatni axlatga tashlab yuborganlik uchun konkret jazo choralari haqida so‘z bormagan. Aksincha, hujjat har bir yaponiyalikni vaziyatni mustaqil hal qilishga undab, muammoga qarshi milliy harakat sifatida birlashish uchun qabul qilingan. 

Shunga qaramay, qonunda kafe va restoranlar, ovqatlanish shoxobchalari egalari uchun bir qancha tavsiyalar berilgan. Xususan, endi oshxona xodimlari mijozlarni yetarli miqdordagina buyurtma berishga undaydi, ularga ortib qolgan ovqatni uyiga olib ketish imkonini beruvchi xizmatlarni taklif qiladi. Shuningdek, menyularga kichik portsiyadagi ovqatlar qo‘shiladi. 

Tadbirkorlar tashabbusi bilan jarimalar qo‘llanishi mumkin

Ammo qonunda ovqatini oxirigacha yemagan xo‘randalarni jarimaga tortish haqida hech qanday band yo‘q. Shunchaki tadbirkorlarga bu muammoga qarshi o‘z yechimlarini berib, mustaqil tarzda harakat qilishga ruxsat etilgan, hamma turlicha usullarni qo‘llaydi. Misol uchun, Sapporo shahridagi Hachikyo nomli dengiz mahsulotlari restorani ovqatini yeb tugatmagan mijozlarga jarima solishni yo‘lga qo‘ygan. Jarima miqdori qancha yegulik qolib ketganiga qarab turlicha bo‘ladi. Undan tushgan mablag‘ oshxona ixtiyoriga o‘tadi.

Restoran rahbaridan nega bunday yo‘l tutilgani haqida so‘ralganida u baliqchilar og‘ir va xavfli sharoitlarda ishlashini, ovqat isrofi esa ularning mehnatiga bo‘lgan hurmatsizlik deb tushunilishini aytgan. Ta’kidlanishicha, yangi tizim joriy etilganidan so‘ng, mijozlar hatto bir dona guruchni ham uvol qilmayapti.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yaponiya hukumati ommaviy tarzda barcha ovqatlanish maskanlarida ovqat isrofi uchun jarima tayinlash chorasini ko‘rmagan. Bunday holat faqat ayrim oshxonalargagina taalluqli bo‘lib, ular nafaqat Yaponiyada, balki Hindiston, Xitoy, Tayvan kabi boshqa Osiyo davlatlarida ham mavjud.