“O’ldirib yuborilgan” korealik futbolchilar – haqiqat yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda “mag’lub bo’lganligi bois o’ldirib yuborilgan terma jamoa” haqidagi videolavhalar o’zbek tilida keng tarqalmoqda. Unga ko’ra, 2010-yilda Janubiy Afrikada bo’lib o’tgan futbol bo’yicha jahon chempionatida G guruhidan o’rin olgan Shimoliy Koreya terma jamoasi uch turda mag’lubiyatga uchrab, chempionatning eng yomon natijasini qayd etgan. Ushbu sharmandali holatdan so’ng mamlakatning o’sha paytdagi prezidenti Kim Chen Ir qarori bilan terma jamoa a’zolari Shimoliy Koreyaning eng zararli va inson zoti yashamaydigan hududlarida qullarcha ishlatiladilar va bir kechaning o’zida otib o’ldiriladilar. 

Biz videolavhada keltirilgan ma’lumotlarni tekshirib ko’rishga qaror qildik.

HUKM: YOLG’ON

Avvalo, KXDRning jahon chempionatlari bilan bog’liq tarixiga to’xtalish kerak bo’ladi. Mamlakat terma jamoasi o’z tarixi davomida jahon chempionatida ikki marta — 1966 va 2010-yillarda o’ynagan. Konslager haqidagi mish-mishlar esa 2010-yilgi emas, balki 1966-yil voqealari bilan bog’liq. O’sha yilda Angliyada bo’lib o’tgan jahon chempionatining guruh bosqichida KXDR terma jamoasi Sovet Ittifoqiga mag’lub bo’lgan (0:3), keyin chililiklar bilan durang o’ynagan (1:1) va uchinchi o’yinda Italiya terma jamoasi ustidan sensatsion g’alabaga erishgan (1:0). Chorak finalda koreyslar dastlabki 24 daqiqada uchta gol urishga muvaffaq bo’lgan portugaliyaliklar bilan to’qnash kelgan. O’yinda Koreya terma jamoasi 3:5 hisobda mag’lubiyatga uchraydi. Qayd etish kerakki, bungacha Osiyoning hech bir terma jamoasi jahon chempionatining bu bosqichiga chiqa olmagan. Biroq, turli manbalarga ko’ra, bu jamoani jazodan qutqarib qola olmagan. 

Xususan, KXDRlik qochqin jurnalist Kan Chol Xvan o’zining “Pxenyan akvariumlari” kitobida ta’kidlashicha, Portugaliya bilan o’yindan ikki kun oldin milliy terma jamoa o’yinchilari mast holdagi qizlar bilan omma oldida o’yin-kulgi qilganlari kuzatilgan. “Pxenyanda milliy terma jamoaning o’yin-kulgilari burjua, buzgunchi va reaksion imperialistik g’oyalar bilan sug’orilgan deb topilgan edi”, deb yozgan Kan Chol Xvan. Jurnalistning so’zlariga ko’ra, ziyofat kechasi qorni og’rib qolgan Pak Du Ikdan tashqari hamma konslagerga jo’natilgan.

Biroq 2002-yilga kelib britaniyalik rejissyor Deniel Gordon “Ularning hayot o’yini” hujjatli filmini yaratadi va unda Shimoliy Koreya jamoasining o’sha paytda tirik bo’lgan yetti nafar a’zosining taqdirini yoritadi. Unda aytilishicha, o’shanda futbolchilar o’z uylariga sharaf bilan kuzatilgan va Shimoliy Koreyada tinchgina hayot kechirishgan. “Ularning yo’q qilinishi haqidagi hikoya Sovuq urush tashviqoti edi”, deydi film mualliflaridan biri. 

Vanihoyat, 1966-yilgi jahon chempionatidan so’ng Shimoliy Koreya terma jamoasi oradan 44 yil o’tibgina jahon chempionatiga chiqishga muvaffaq bo’ladi. JCh-2010 guruh bosqichida KXDR terma jamoasi birinchi o’yinda Braziliya terma jamoasiga mag’lub bo’ladi (1:2), ikkinchi o’yinda Portugaliyaga yirik hisobda yengiladi (0:7). Jamoa bosh murabbiyi Kim Chen Xong jiddiy mag’lubiyatdan so’ng natija uchun to’liq javobgarlikni o’z zimmasiga olishini bildiradi. “Futbolchilar qo’llaridan kelganini qilishdi. Taktik sxemamiz barbod bo’ldi va biz portugallarni to’xtata olmadik. Bu mening aybim: o’yin uchun to’g’ri strategiyani tanlay olmadim”, deydi murabbiy o’yindan keyingi matbuot anjumanida. Turnir ahamiyatini yo’qotgan guruh bosqichining so’nggi o’yinida KXDR termasi Kot-d’Ivuar termasiga 0:3 hisobda mag’lub bo’ladi. 11 to’plar farqi bilan Shimoliy Koreya guruh bosqichining antirekordini o’rnatadi.Shimoliy Koreya OAV terma jamoaning barcha futbolchilari va murabbiylari rasmiylar bilan uchrashish uchun Pxenyandagi Xalqlarni o’rganish saroyiga chaqirilgani, ular 6 soat davomida tanqid qilingani haqida xabar beradi. Shu bilan birga, o’sha paytda “The Guardian” Shimoliy Koreya futbolchilari “sotsialistik vatan oldidagi ayblarini oqlash uchun ko’p mehnat qilishga majbur” bo’lishlarini, ular konlarda ishlashga yuborilishini yozgan. Bu ma’lumot FIFA rahbariyatini xavotirga solgan va tashkilot maxsus tekshiruv boshlagan. FIFA prezidenti Yozef Blatter Shimoliy Koreya rasmiylariga shaxsan murojaat qilgan. Keyinroq janubiy koreyalik razvedka manbasining mahalliy gazetaga ma’lum qilishicha, jamoa jazodan yengillik bilan qutilib qolgan.