Telegram kanallarida Oʻzbekiston havo hududida Tolibon harbiy vertolyoti urib tushirilgani haqidagi maʼlumotlar tarqalmoqda.
Factchecknet.uz bu xabarlarni tekshirdi.
HUKM: YOLGʻON
Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra oʻzbek harbiylari tomonidan urib tushirilgan Afgʻoniston vertolyoti Oʻzbekiston havo hududiga kirib kelgan.
“Urib tushurilgan vertolyot Tolibon armiyasining Mi-17 harbiy vertolyoti boʻlgan. U Mozori Sharifdan Afgʻoniston Badaxshoni tomon uchgan. U qanday qilib Oʻzbekiston havo hududiga kirib qolgani hozircha aniq emas. Vertolyot bortida 15 dan ortiq odam boʻlgani aytilmoqda” – deyiladi xabarda.
Ushbu tarqalgan xabarlar yuzasidan Mudofaa vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasida afg‘on harbiy vertolyoti urib tushirilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shuni ma’lum qilamizki, ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishlarini so‘rab qolamiz. Asoslanmagan yolgʻon xabar tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tamiz” – deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib oʻtamiz yolgʻon xabar tarqatganlik Ma’muriy javobgarlik kodeksining 202-2 moddasiga asosan jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish huququzarlik turiga ko‘ra, BHMning 50–100 baravari miqdorida (22 mln 300 ming so‘m) jarima solishga sabab boʻladi.