Ijtimoiy tarmoqlarda kiyiklarda “zombi virusi” paydo bo‘lganligi va tobora avj olib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Factchecknet.uz bu xabarlarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: ROST
Kiyik zombi kasalligi yovvoyi hayvonlar orasida tarqalmoqda. Ammo olimlar kasallik odamlarga yuqishi yoki yuqmasligi borasida aniq bir to‘xtamga kelgani yo‘q.
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlariga ko‘ra, surunkali zaiflashish kasalligi (CWD yoki kiyik zombi virus) prion kasalligining bir turidir. Bu kiyiklar yuqtiradigan neyrodegenerativ holat hisoblanadi. Hozircha insonlar orasida bu kasallik qayd etilmagan.
Kasallik Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Yelloustoun milliy bog‘idagi kiyiklarda qayd etilgandan so‘ng Kanadadagi cho‘chqalarda ham tasdiqlangan.
Biroq, Shimoliy Amerika, Skandinaviya va Janubiy Koreya bo‘ylab tarqalish kuchayganligi sababli, ba’zi ekspertlar odamlarga yuqish ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Tadqiqotchilar kasallikning hayvonlardan odamga yuqishi mumkinligini tekshirishda davom etmoqdalar. “Hozirgi tadqiqot majmuasi aralash, ya’ni biz hali bilmaymiz”, – deydi Mullinax. U o‘z xavotirlarini eksperimental tadqiqotlar, hayvonlardan odamlarga yuqadigan boshqa prion kasalliklari tarixiga asoslaydi.
Merilend universitetining yovvoyi tabiat ekologiyasi va menejmenti dotsenti Jennifer Mullinaks: “Hozircha kiyik yoki bug‘udan odamga yuqish holati kuzatilmagan”, – deydi.
Kiyik zombi kasalligi nima va uning belgilari qanday?
CWD kiyik, bugʻu kabi tuyoqli, kavsh qaytaruvchi sutemizuvchilar boʻlgan bachadonlilarda paydo boʻladigan kasallik. AQSh Qishloq xoʻjaligi departamentining Hayvonlar va oʻsimliklar salomatligini nazorat qilish xizmati maʼlumotlariga koʻra, bu yuqumli kasallik boʻlsa-da, CWD bakteriya yoki virusdan kelib chiqmaydi.
Miyadagi notoʻgʻri prion oqsillari miya hujayralarini oʻldiradi va tanada disfunksiyani keltirib chiqaradi. Bu esa noodatiy alomatlarga olib keladi. Simptomlar orasida vazn yoʻqotish, ortiqcha suv ichish, muvozanat buzilishi, quloqlarning choʻkishi va yutishda qiyinchiliklarga duch kelish kabi holatlar mavjud. Ozuqani yutish qiyinligi va koʻp suv ichish oxir-oqibat pnevmoniya va oʻlimga olib kelishi mumkin. Klassik alomatlar – muvozanatni yoʻqotgan, qoqilayotgan va yiqilayotgan hayvonning tasviri – “kiyik zombi kasalligi” atamasi qoʻllanilishiga olib keldi. Simptomlar oylar yoki yillar davomida namoyon boʻlishi mumkin, bu esa vizual tashxisni qiyinlashtiradi.
Ushbu kasallik hayvonlardan hayvonlarga tana suyuqliklari va chiqindilari bilan bevosita aloqa qilish va ifloslangan tuproq, suv va oziq-ovqat bilan bilvosita aloqa qilish orqali tarqaladi.
Kiyik zombi kasalligi odamlarga yuqishi mumkinmi?
Mavjud dalillar CWD odamlarga kasal hayvonning goʻshtini iste’mol qilganda, yuqtirilgan yovvoyi hayvonlar bilan uchrashganda yoki ifloslangan tuproq yoki suvni ichish, unga tegishdan yuqmasligini koʻrsatadi.
2022-yilda Kalgari universitetida oʻtkazilgan eksperimental tadqiqotda mutaxasislar kasallangan kiyiklardan CWD izolatlarini olib, ularni “insonlashtirilgan” sichqonlarga inyektsiya qilishdi. Insoniylashtirilgan sichqonlar inson kasalliklarini oʻrganish yoki modellashtirish uchun genetik jihatdan oʻzgartirilgan sichqonlardir. 2,5 yil davomida sichqonlarda CWD rivojlandi va ularning chiqindilarida yuqumli prion oqsillari aniqlandi. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, sichqonlarda atipik prion belgisi paydo boʻlgan. Agar kasallikning hayvondan odamga yuqish ehtimoli boʻlsa, yuqtirgan odam uni boshqalarga ham yuqtirishi mumkin. Mutaxassislar CWD vaqt oʻtishi bilan yuqish muhiti va tezligi oʻzgarishi mumkinligidan tashvishda.