Roʻza tutish foydasini kashf etganlik uchun Nobel mukofoti berildimi?

Telegram kanallarida roʻza tutish insonni yoshartirishini isbotlagan yapon olimining Nobel mukofotiga sazovor boʻlganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Factchecknet.uz ushbu maʼlumotlarni tekshirdi.

HUKM: MANIPULYATSIYA 

Xabardagi fotosuratda chindan ham yaponiyalik malekulyar biolog-olim Yoshinori Oxsumi aks ettirilgan. U 2016-yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo’yicha Nobel mukofotini xabarda keltirilgani kabi roʻza tutish foydaliligini isbotlagani uchun emas, “autofagiya mexanizmlarini kashf etgani uchun” olgan.

Autofagiya nima?

Autofagiya – bu bizning tanamizdagi hujayralar hujayra ichidagi keraksiz tarkibiy qismlarni parchalaydigan tabiiy hujayra mexanizmi. Autofagiya jarayoni hujayradagi normal faoliyatni (gomeostaz) saqlashga yordam beradi. “Autofagiya” atamasi “oʻz-oʻzidan oziqlanish” degan maʼnoni anglatadi. Garchi autofagiya oʻz-oʻzini yoʻq qilish kabi koʻrinsa-da, bu jarayon aslida hujayralar ichidagi zararli moddalarni tozalashga yordam beradi va yoshartiradi. Autofagiya shikastlangan molekulalarni butunlay yoʻq qilishi yoki ularni hujayralarni tiklash uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan yangi tarkibiy qismlarga aylantirishi mumkin.

Autofagiya – bu tabiiy jarayon boʻlib, u hujayrada doimo sodir boʻladi. Vaqti-vaqti bilan ochlikni saqlash autofagiya jarayonini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan usul hisoblanadi. Oddiy sharoitlarda, hujayra yetarli miqdorda ozuqa moddalariga ega boʻlganda, autofagiya rivojlanmaydi. Ochlik vaqtida hujayralar och qolsa, autofagiya jarayoni omon qolish uchun zarur energiyani olishda hujayra tarkibiy qismlarining bir qismini parchalashga va energiyaga aylantirishga yordam beradi.

Yoshinori Oxsumi turli tadqiqotlar olib borgan va 1988-yilda o‘z laboratoriyasini yo‘lga qo‘ygan.Olim aniqlagan eng qiziq holatlardan biri – organizmning autofagiya, ya´ni  ochlik vaqtida faol ishlashidir. Ochlik paytida tashqi ozuqa moddalarga ega bo‘la olmagan hujayralar o‘ziga zarur energiyani ichki zaxiralar, ya’ni, autofagiya orqali qayta ishlab olingan ikkilamchi ozuqalar hisobiga to‘ldirib boradi. Bu jarayonda eng birinchi bo‘lib, kasallangan, zaharlangan va bakteriyalar bilan birikib qolgan hujayralar autofagiyaga uchraydi. Ya’ni, ochlik orqali odam organizmi birinchi o‘rinda o‘zidagi turli darajada zararlangan kasallangan keraksiz hujayralardan qutulib, ularni energiyaga aylantirib isteʼmol qilib yuboradi. Osumining ilmiy kashfiyotini sinovdan o‘tkazgan boshqa mustaqil tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, autofagiya organizmni chiqitlardan tozalash orqali erta qarishni oldini olishga ham ulkan hissa qo‘shadi va yo‘q qilingan zararli hujayralar o‘rnini yangi yosh hujayralar bilan qoplash orqali, tananing yosharishiga ham xizmat qiladi.

Garvard universiteti qoshidagi Glen Bio-Aging instituti direktori Devid Sinkler 2020-yilda qarish bo‘yicha 25 yillik tadqiqotini e’lon qilgan. Sinkler tadqiqotiga ko‘ra, hayvonlar oqsilini ortiqcha isteʼmol qilish insonning qarish sabablaridan biri hisoblanadi.

Taʼkidlanishicha, odamlar hujayralardagi metabolizmni faollashtirib, immunitetni oshirib, ovqatlanishdan tiyilsa, kasal boʻlish ehtimoli kamroq boʻladi. Chunki yer yuzidagi tirik organizmlar koʻp oziqlanganda, ular nasl qoldirish uchun boʻlinishni boshlaydi. Bu vaqtda DNKni replikatsiya qila olmaydigan gen keraksiz DNKga aylanadi, bu esa qarishni keltirib chiqaradi.

Biroq, och va oqsil kam boʻlsa, hujayralar boʻlinishi to’xtaydi. Keyin, tana keraksiz DNKni parchalash uchun aminokislotalar ishlab chiqaradi. Shu sabab keraksiz DNK kamayadi, hujayralar faollashadi va organizm tanasining avtomatik tiklanishi boshlanadi. 

Autofagiya jarayonini ishga tushiruvchi interval ochlik (16 soatdan 72 soatgacha davom etadi) – ro’zadan farqi o’laroq toksinlarni chiqarish uchun toza suv iste’mol qilishni talab qiladi.

Shuningdek olimning kashfiyoti ochlik organizmni haqiqatan ham turli chiqindilardan, toksinlardan va zaharlardan tozalashini tasdiqladi.