Ijtimoiy tarmoqlarda “Muqaddas burch” nomli gazetaning bosh sahifasi suratlari tarqaldi. Unda Amir Temur haykali fonida Rossiya Federatsiyasi bayrog’i tasvirlangan. Xabarda aytilishicha, gazeta 2016-yildan buyon shunday holatda chop etib kelingan. Biz mazkur holatning haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini tekshirib ko’rdik.
HUKM: HAQIQAT
Asosan ichki ishlar va huquq-tartibot organlarining faoliyatini doimiy ravishda yoritib boradigan “Muqaddas burch” gazetasi Rossiya bayrog‘i ostida nashr qilinmoqda. Bu haqda Fanlar akademiyasi Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudov ma’lum qilgan.
“Nima uchun shu paytgacha mutasaddilar bunga qarshilik qilmay keldi. Bu holat kechirilmasligi kerak. Jurnalistlar uyushmasi nega gazetani maqtab chiqishga chiqdi-yu, biz e’tiroz qilgandan keyin o‘chirib tashladi. Demak ular ham e’tibor bermagan, ular ham gazeta bermoqchi bo‘lgan asosiy maqsadni tushunmagan”, deydi tarixchi.
Yuqoridagi fikrdan anglashilganidek, O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi o’zining facebook sahifasida Rossiya bayrog‘i ostida chop etib kelinayotgan gazetani “Muqaddas burch” — sevimli gazeta” deya ulug‘lab chiqqan. “Ayrim yurtdoshlarimiz “Endi gazetalarga hojat qolmadi” degan fikrda ekanidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kim nima desa desin, qanday fikrda bo‘lmasin, bosma nashrlar har qanday davrda ma’naviyat chirog‘i sanalib kelingan. Shunday bosma nashrlardan biri Navoiy viloyatida chop etib kelinayotgan “Muqaddas burch” gazetasidir”, deyilgan uyushma maqtovida. Bu holat tarixchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgach, uyushma gazeta haqida maqtovlarga to‘la maqolasini o‘chirib tashlagan.Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Navoiy viloyat boshqarma boshlig‘i Dilshod Mamarajabovga ko’ra, “Muqaddas burch” mustaqil gazetasining asosiy faoliyati o‘z nomidan kelib chiqib, huquq-tartibot organlarining faoliyatini yoritishdir.

Uning doimiy hamkorlari esa Adliya, advokatlar palatasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni aytish mumkin. Shuningdek, gazetaning 2022-yil 22-oktyabr sonida xuddi shu bayroq tasviri ostida Navoiy viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Azat Tasbayevning “Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilamiz” deya nomlangan maqolasi chop etilgan. Lekin, shunga qaramay, nashrning aynan qaysi davrdan boshlab shunday holatda nashr etila boshlaganligini aniqlashning iloji bo’lmadi.

Foto: Qalampir.uz
Ma’lumot o’rnida, gazeta “Matbuot taraqqiyot media” MChJ muassisligida 2016-yil 9-iyunda 07/073 raqam bilan ro’yxatga olingan. MChJ ta’sischisi Xalilova Dilafruz Uralovna gazetaning muharriri ham sanaladi va u Navoiy viloyati statistika boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosidir. 2016-yil ma’lumotlariga ko’ra, “Muqaddas burch” gazetasining avvalgi bosh muharriri Gʻaznayev Izzatulla Qo‘shoqovich bo’lgan.

Gazetaga tegishli muqaddasburch.uz internet manzili hozirda faoliyat olib bormayapti. Ammo 2017-2018-yillarda veb-sayt ishlab turganini “Wayback Machine” ma’lumotlardan ko’rish mumkin. Ushbu online arxiv manbalarda Amir Temur surati ham, bayroq tasviri ham ko’zga tashlanmaydi.