“Kanallani Dodasi” telegram-kanalida bir kishi muzlatilgan nonning foydalari haqida gapirib, uni shu shaklda iste’mol qilishni tavsiya qilgan video e’lon qilindi. Uning so’zlariga ko’ra, kraxmalning tuzilishi muzlash jarayonida parchalanib ketganligi sababli, organizm uchun uni hazm qilish qiyinroq kechadi. “Ushbu chidamli kraxmal qancha ko’p bo’lsa, muzdan tushirilgan non shunchalik sekinroq hazm qilinadi va qondagi shakar darajasining me’yorda ko’tarilishiga olib keladi.”
HUKM: YARIM HAQIQAT
Oq non sog’liq uchun eng foydali oziq-ovqat emas, uning tarkibida kraxmal borligi sababli u yuqori glikemik indeksga ega. Oq non boshqa oziq-ovqatlarga qaraganda qondagi glyukoza miqdorini oshiradi. Shuning uchun, vazn yo’qotish va yurak xastaligi, 2-toifa qandli diabet xavfini kamaytirish uchun oq nonni iste’mol qilmaslik yoki minimallashtirish bo’yicha tibbiyot xodimlarining tavsiyalarini tez-tez eshitamiz yoki o’qiymiz.
2008 yilda nutrisiolog Pat Berton oq non bo’yicha klinik tadqiqot o’tkazdi. Kichik guruhdaga ishtirokchilarga ham uyda yopilgan, ham do’kondan sotib olingan oq non berildi. Sinovlar to’rtta guruhda o’tkazildi. Birinchi guruhdagi ishtirokchilar yangi pishgan non iste’mol qildi. Ikkinchisida boroz qovurilgan non iste’mol qilishdi. Uchinchi guruhdagilar esa muzlatilgan va yeyishdan avval muzdan tushirilgan nonni iste’mol qildi va to’rtinchi guruh muzlatilgan, yeyishdan oldin biroz qovurilgan nonni iste’mol qildi.
Eng yuqori glikemik indeks yangi pishgan oq nonni iste’mol qilgandan keyin qayd etilgan. Yangi nonni qovurish gliqemik indeksni pasaytirdi, nonni muzlatish esa glikemik indeksni 31% ga tushirdi. Nonni muzlatish va keyin qizdirish esa ushbu ko´rsatgichni 39% ga pasaytirdi.
Biroq, muzlatilgan non hamma uchun birday foydali emas.
Diyetolog Fiona Hunterning Mirror nashriga aytishicha, qorin shishishi va ta’sirlangan ichak sindromi (TIS) kabi umumiy muammolari bo’lganlar muzlatilgan non ulardagi kasallik alomatlarinig kuchayganligini sezishlari mumkin. Mutaxassis buni shunday tushuntiradi: “Non pishirilganda bug’doy kraxmali yumshaydi… uni yana sovutganingizda, u qattiqlashadi va “chidamli kraxmal”ga aylanadi. Ba’zi odamlar uchun uni hazm qilish qiyinroq bo’ladi hamda u qorinni shishiradi va dam bo’lishiga olib kelishi mumkin, bu esa TIS alomatlaridir”.
Agar siz qorin shishishi va ta’sirlangan ichak sindromining boshqa belgilaridan aziyat cheksangiz, nonni muzlatmasdan iste’mol qilishga harakat qiling.