Telegram kanallarida AQSh dollarining yangi, vertikal (tik) ko‘rinishdagi suratlari tarqalmoqda. Unga ilova qilingan matnda banknotalar 2034-yilgacha bosqichma-bosqich yangilanishi aytilgan.
Hukm: Manipulyatsiya
AQSH haqiqatdan ham 2026-yildan boshlab dollar banknotalarining yangi namunalarini muomalaga kiritishni boshlaydi. Bu haqda AQSH Zarbxona va matbaa byurosi (BEP) ma’lum qilgan.
AQSh hukumati qalbaki pullar aylanishini kamaytirish va milliy valyuta himoyasini kuchaytirish maqsadida 5, 10, 20, 50 va 100 dollarlik banknotalar dizaynini bosqichma-bosqich takomillashtirib boradi. Yangilangan barcha kupyuralarga ($5 dan tashqari barchasida) umumiy himoya standartlari — yorug‘likda ko‘rinadigan xavfsizlik ipi, portretli suv belgilari va rangi o‘zgaruvchi raqamlar kiritilgan. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi aholiga pulning haqiqiyligini maxsus uskunalarsiz, shunchaki qimirlatib yoki yorug‘likka tutib ko‘rish orqali oson aniqlash imkonini berishdir.
Banknotalarning yangilanishi quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- $10 lik — 2026-yilda;
- $50 lik — 2028-yilda;
- $20 lik — 2030-yilda;
- $5 lik — 2032-yilda;
- $100 lik — 2034-yilda muomalaga chiqariladi.
Faqat tarmoqlarda yangi dollar dizayni sifatida taqdim etilayotgan suratlar asosida emas. Chunki u dizayn AQSh federal zaxira tizimi yoki G‘aznachilik departamentiga tegishli emas. Bu suratlar 2018-yilda belaruslik dizayner Andrey Avgust tomonidan chizilgan “The New US Dollar” nomli shaxsiy art-loyihadir.

Andrey Avgustning Behance’dagi portfoliosiga 2018-yilda yuklangan suratlar
Dizayner bu pullarni shunchaki o‘zining kreativ qarashlari asosida, plastik materialdan va vertikal ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilib yaratgan. Bu dizayn Behance kabi dizaynerlar platformasida mashhur bo‘lgan, ammo u hech qachon rasmiy to‘lov vositasi sifatida qabul qilinmagan.
Eski pullar muomaladan chiqmaydi
Yangi banknotalarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi faylda eski dizayndagi banknotalarni yangisiga almashtirish shart emasligi, barcha AQSh valyutasi, qachon chiqarilganidan qat’iy nazar, qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolishi aytilgan. AQSh dollarining dizayni o‘zgarishining yagona va birlamchi maqsadi — bu xavfsizlikni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalar yordamida tobora mukammallashib borayotgan qalbaki pullarga (sophisticated counterfeit attacks) qarshi turish ekanligi ta’kidlanadi.
Valyutani qalbakilashtirishga qarshi kurashish qo‘mitasi (ACD) maʼlumotiga ko‘ra, yangi banknotalar shunchaki chiroyli ko‘rinish uchun emas, balki yashirin va ochiq himoya qatlamlarini kuchaytirish hamda dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq bankomat va terminallarda muammosiz ishlashini taʼminlash uchun yangilanmoqda. Rasmiy rejaga ko‘ra, bu jarayon uzoq yillik sinovlarni talab qiladi va yangi dizaynlar faqat chiqarilishidan 6-8 oy oldin eʼlon qilinadi.