Factchecknet.uz Ostonada o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqining raqamli muhit va sun’iy intellekt bo‘yicha uchinchi media forumida ishtirok etdi

Ostonada Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi vakolatxonasi Maqsut Narikbayev universiteti bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ko‘magida «Raqamli muhit: sun’iy intellekt va axborot manipulyatsiyasi davrida onlayn mavjudlik» mavzusidagi Uchinchi yillik media-forumi tashkil etildi. Forumda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan 100 dan ortiq jurnalist, faktcheker, media ekspert va talabalar qatnashdi.

Tadbirni ochgan Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi Aleshka Simkich forum raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni axloqiy qo‘llash va dezinformatsiyaga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilish uchun asosiy mintaqaviy maydonga aylanganini ta’kidladi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays jurnalistlar raqamli tahdidlar va manipulyativ kampaniyalar bosimi kuchayib borayotgan sharoitda axborot muhitining shaffofligi, ishonchliligi va barqarorligini himoya qilishda markaziy o‘rin tutayotganini qayd etdi.

Shuningdek, ishtirokchilarga rasmiy tashrif bilan Ostonada bo‘lib turgan Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshtaning salomi yetkazildi. U o‘z murojaatida OAV erkinligi, raqamli barqarorlik va axborot yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligidagi asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt davrida dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tashabbuslari

Forum Yevropa Ittifoqining axborot makonini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining ifodasiga aylandi. So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi sun’iy intellekt bilan kuchaytirilgan dezinformatsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasini ilgari surmoqda, jumladan:

– Digital Services Act (DSA) – manipulyativ va sintetik kontentni tarqatish uchun platformalarning javobgarligini kuchaytirish;

– Algoritmlarning shaffofligini va sun’iy intellekt kontentini aniqlashni talab qiladigan yangilangan Dezinformatsiyaga qarshi kurashish amaliyoti kodeksi;

– Sintetik audio va video kontentni majburiy markirovkalashni joriy etuvchi AI Act;

– Faktchekerlarni o‘qitish, raqamli savodxonlikni oshirish va Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalarining barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan REVIVE va CARAVAN dasturlari.

Ushbu tashabbuslar Yevropa Ittifoqining ham Ittifoq ichida, ham hamkor mamlakatlarda yanada xavfsiz, barqaror va ishonchli axborot muhitini yaratishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi.

Forum dasturi to‘rtta amaliy seminarni o‘z ichiga oldi: dipfeyklar va ularning siyosiy ta’siri, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan dezinformatsiya va unga javob berish usullari, jurnalistik barqarorlik va noxolislikni bartaraf etish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari uchun raqamli xavfsizlik. Yevropa Ittifoqi, Polsha, Germaniya va Markaziy Osiyolik ekspertlar murakkablashib borayotgan axborot maydonida jurnalistlar uchun zarur bo‘lgan eng so‘nggi vositalar va uslublarni taqdim etdilar.


Factchecknet.uz ning forumdagi ishtiroki mintaqaviy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog‘liq dezinformatsiya hamda tahdidlarga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish imkonini berdi.