Sun’iy intellektni o‘qitish uchun ijodiy ishlardan foydalanishga qarshi keng ko‘lamli petitsiyada 19 ming bastakor, qo‘shiq muallifi, prodyuser va boshqa ijodkorlarning imzosi to‘plangan. Hujjatni imzolaganlar orasida “ABBA” a’zosi Björn Ulvaeus, “Radiohead” solisti Thom Yorke va “The Cure” rahbari Robert Smith ham bor. Bu haqda “Security Lab” yozadi.
Sun’iy intellektni o‘rgatish bo‘yicha petitsiya bayonotida aytilishicha, generativ sun’iy intellektni o‘qitish uchun ijodiy ishlardan litsenziyasiz foydalanish asarlar mualliflarining farovonligiga jiddiy tahdid soladi va bu taqiqlanishi kerak.
Hujjatni birinchi bo‘lib musiqachi, qo‘shiqchi va prodyuser, afsonaviy shved “ABBA” estrada guruhi a’zosi Björn Ulvaeus imzolagan. Undan keyin boshqa mashhur musiqachilar, jumladan, “Radiohead” rahbari Thom Yorke, guruhdoshlari gitarachi Ed O’Brien va barabanchi Phil Selway ham tashabbusga qo‘shilgan. Imzolovchilar orasida “The Cure” asoschisi Robert Smith, britaniyalik qo‘shiqchi va siyosiy faol Billy Bragg, “Jamiroquai” asoschisi va vokalchisi Jay Kay, amerikalik aktyor va musiqachi Kevin Bacon ham bor.
Bu tashabbusga 130 nafardan ortiq qo‘shiq mualliflari, 400 nafardan ortiq bastakorlar va 200 nafarga yaqin musiqa prodyuserlari qo‘shildi. 4000 nafarga yaqin yozuvchilar, jumladan, xalqaro bestseller mualliflari James Patterson va Sir Ian Rankin ham g‘oyaga o‘z xayrixohliklarini bildirdilar. Petitsiyani imzolagan 50 nafardan ortiq aktyorlar orasida Julianna Moore, Sean Astin, Rosario Dawson va komediyachi Rosie O’Donnell bor edi.
Petitsiya yirik sanoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi: Amerika mustaqil musiqa assotsiatsiyasi, “Harper Collins Publishers”, Amerika ovoz yozish sanoati uyushmasi, shuningdek, “Sony”, “Universal” va “Warner” musiqa guruhlari shular jumlasidandir.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilda “Runway” generativ sun‘iy intellekt (AI) kompaniyasi sun’iy intellekt asosida ishlaydigan qisqa metrajli filmlar ijodkorlari uchun “AI Film” festivalini boshladi. 2024-yilda festivalga 3000 nafardan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi va 1-may kuni Los-Anjelesdagi “Orpheum” teatrida saralangan 10 ta filmning premyerasi bo‘lib o‘tdi.