Factchecknet.uz turli yirik nashrlar, loyihalar tomonidan taqdim etiladigan aktual masalalardagi maqolalarni tarjima holida ulashib boradi. Bugun e’tiboringizga GIJN veb-saytida taqdim etilgan kiberjinoyatchilik masalasi yoritib berilgan materialni taqdim etamiz.
Raqamli makonda sodir bo‘ladigan har qanday jinoiy faoliyat kiberjinoyat hisoblanadi. Biz kiberjinoyatni klassik “xakerlar” ishi, ya’ni shu nuqtai nazardan – raqamli muhitga ruxsatsiz kirish jarayoni, deb o‘ylashga odatlanganmiz, ammo raqamli dunyoda boshqa ko‘plab jinoyatlar, xususan, moddiy jinoyatlar ham mavjud.
Bolalar pornografiyasini tarqatishdan tortib, bank insayderi yordamida hisob-varaqdan pul mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish yoki dasturiy ta’minotning manba kodini o‘g‘irlashgacha bo‘lgan barcha noqonuniyliklar “kiberjinoyat” toifasiga kiradi. Ko‘pincha kiberjinoyat imkoniyati maxfiylik huquqining buzilishi tufayli yuzaga keladi: masalan, agar kompaniya shaxsiy ma’lumotlarni talabga javob bermaydigan holatda shifrlagan va saqlagan bo‘lsa, keyin bu ma’lumotlar o‘g‘irlangan bo‘lsa, albatta, bu kompaniya tomonidan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish rejimining buzilishi va ma’lumotlar o‘g‘rilari tomonidan kiberjinoyat hisoblanadi.
Kiberxavfsizlik jurnalistikasi bo‘yicha eng qimmatli manbalardan biri bu Amerikaning PACER yuridik ma’lumotlar bazasidir.

Shutterstock
Kiberjinoyatchilar tomonidan yetkaziladigan moliyaviy yo‘qotishlar yirik bo‘lishi mumkin va ularni oldindan bashorat qilish juda qiyin. Milliarder investor Uorren Baffet o‘tmishda o‘z bizneslarini kibersug‘urta bozoridan qochishga undayotganini, chunki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yo‘qotishlarni bashorat qilish uchun yetarli ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidlagan edi. McAfee, Cybersecurity Ventures, SANS instituti va FBI kabi turli manbalardan olingan taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat idoralari va biznesdagi kiberjinoyatlarning narxi trillionlab dollarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda kiberjinoyatchilik xavfsizlik ustuvorliklarida birinchi o‘rinni egalladi.
Kiberjinoyatlarni o‘rganishda potentsial manbalar
Tadqiqotchilar: Ba’zi universitet tadqiqot markazlari onlayn hujumlarni kuzatib boradi va muayyan holatlar bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Karnegi Mellon AQShdagi shunday markazlardan eng mashhuri bo‘lib, u, shuningdek, amerikalik CERT – muhim zaifliklar haqida ogohlantirishlarni nashr etadigan kompyuterning favqulodda vaziyatlarga javob berish guruhi bilan ishlaydi. Britaniyada Kembrij universiteti qoshida Kiberjinoyatlarga qarshi kurash markazi mavjud.
Kiberxavfsizlik kompaniyalari: McAfee, Crowdstrike, Carbon Black, FireEye va yirik bulut provayderlari Amazon, Microsoft va Google kabi kompaniyalar ham so‘nggi hujumlarni kuzatuvchi ko‘plab maxsus guruhlarni yaratdilar. Ushbu kompaniyalardan istalgan biri bilan bog‘lanish va ular hozirda qanday hujumlarni ko‘rayotganini so‘rash juda oson. Ammo shuni e’tiborga olish kerakki, ular o‘zlarining yechimlarini, tahlillarini sotadilar va ularda bu mavzularga nisbatan tijoriy qiziqish bor. Bu ularning yomon mutaxassis ekanligini anglatmaydi, shunchaki ularning obyektivligiga ta’sir qiladigan manfaatlar to‘qnashuvi mabjud bo‘lishi mumkinligini yodda tuting.
Hukumat amaldorlari: Birgina Qo‘shma Shtatlarda kiberjinoyatlarga qarshi kurashga ixtisoslashga kamida 20 ta federal departament va agentliklar mavjud. Ichki xavfsizlik departamentida Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) mavjud, ular matbuot uchun eng ochiq ko‘rinadi va jamoatchilik bilan muloqot qilish vazifasini bajaradi. FQBning Kiberjinoyatlar bo‘limi kiberhujumlar va ular keltirgan zarar haqida faktlar va ishonchli, qimmatli va obyektiv statistik ma’lumotlarni ishlab chiqaradi. AQSh Maxfiy xizmati va AQSh G‘aznachilik departamenti ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan manbalardir. Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunday davlat organlari mavjud bo‘lib, ular bilan bog‘lanishingiz mumkin. Buyuk Britaniyada bu Milliy kiberxavfsizlik markazi bo‘lib, u jurnalistlar bilan ishlaydigan matbuot xizmatiga ega. Europol o‘zining Yevropa kiberjinoyatchilik markaziga ega. Yaponiyada Kiberxavfsizlik bo‘yicha milliy insidentlarga tayyorgarlik va strategiya markazi (NISC) mavjud. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha idorasida kiberjinoyatchilik dasturi mavjud.
Jabrlanuvchilar: Kiberjinoyat qurbonlari nafaqat jismoniy shaxslar, balki turli muassasalar, fraksiyalar, davlat organlari, ijtimoiy tarmoq portallari va boshqalar bo‘lishi mumkin. Ular bilan suhbatlashish va kiberhujumlar bilan bog‘liq tajribalarini muhokama qilish muhimdir. Shuningdek, kiberhujumlar haqidagi barcha maqolalarda jabrlanuvchilardan ular haqida gapirish yoki nima uchun izoh berishdan bosh tortganliklarini tushuntirish so‘rovi bo‘lishi kerak. Bilingki, kiberhujumning ko‘lami va zarari haqidagi birinchi taassurotlar aldamchi bo‘lishi mumkin.
Tavsiyalar va instrumentlar

Tasvir: GIJN uchun Anne Kiernan
Hukumat idoralari va ayniqsa kiberxavfsizlik kompaniyalari onlayn jinoyatchilarni aniqlash yoki jinoyatni sud-tibbiy tekshirishda qimmatli hamkorlar bo‘lishi mumkin. Biroq jurnalistlar bu munosabatlarni diqqat bilan kuzatib borishlari, manbalarning boshqa biznes aloqalari yoki manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini tekshirib ko‘rishlari kerak. Kiberxavfsizlik kompaniyalari ko‘pincha jurnalistlar yoki boshqa davlat xizmatlari loyihalari bilan hamkorlik qilishdan xursand bo‘lishadi, chunki bu yaxshi reklama vazifasini ham o‘taydi.
Materiallarga misollar
Tekshiruv strategiyalari
Muntazam jinoyatlar va kiberjinoyatlarni tergov qilish o‘rtasidagi asosiy farq uchta asosiy yo‘nalishda: jinoyatchilar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlar, jabrlanuvchilarni aniqlash va kiberjinoyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari.
Jinoyatchilar
Oddiy jinoyatlarda (bu odatiy yo‘l harakati qoidalarini buzuvchilar yoki qotillar bo‘ladimi) jinoyatchilar odatda jinoyat sodir bo‘lgan joyga yaqin joyda yashaydilar. Ammo kiberjinoyatlarni o‘rganishda bunday “yengillik” uchramaydi. “Ayblanuvchi” internetda o‘z jinoyatlari bilan maqtanadigan kiberjinoyatchilar guruhi yoki bu faqat bir kishi bo‘lishi mumkin. Ba’zan jinoyat xorijiy davlat tomonidan, oldingi jinoiy tashkilot niqobi ostida yoki xususiy shaxs niqobi ostida sodir bo‘ladi. Kiberjinoyatlarni tergov qilishning tabiati shundaki, biz hujumdan so‘ng tajovuzkor haqida hech qanday ma’lumotni bilmaymiz. Hujum qaysi davlatdan amalga oshirilganini aniqlash uchun haftalar, oylar va hatto yillar kerak bo‘lishi mumkin. Bu esa jinoyatni yorituvchi jurnalistga ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi. Jinoyatchining kelib chiqishi noma’lum bo‘lsa, jurnalistlar quyidagilarni yodda tutishlari kerak:
- Kibertekshiruvlar aniq fan emas. Tergovchilar yoki ekspertlarning kimdir – davlat organi, xakerlar guruhi yoki jismoniy shaxs – jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volari, ayniqsa voqea sodir bo‘lgandan keyin darhol qilingan bo‘lsa, ko‘pincha ishonchsiz bo‘lib chiqadi. Bunday bayonotlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak.
- Kiberjinoyatchilar, ayniqsa, murakkab hujumlar paytida, o‘zlarining shaxsini sir saqlash uchun ko‘plab qatlamlardan foydalanadilar. Jinoiy xaker haqida gumon qilingan dastlabki ma’lumotlar ehtimoliy yolg‘on xabar sifatida ko‘rib chiqilishi kerak. Jurnalistlar buni auditoriyaga tushuntirishlari va tergov qancha davom etishi mumkinligini aniqlab olishlari kerak.
Jabrlanuvchilar: Kiberjinoyatning aybdori dastlab aniq bo‘lmaganligi sababli jurnalistlar ko‘pincha e’tiborni jabrlanuvchiga qaratadilar.
Hujumga uchragan kompaniyaning texnik va xavfsizlik xodimlari, ayniqsa, olib tashlash qiyin bo‘lgan zararli dasturlar yoki to‘lov dasturlari o‘rnatilgan bo‘lsa, hujum oqibatlarini bartaraf etish uchun bir necha oy sarflashlari mumkin. Zarar ko‘rgan kompaniyalarning muhandislari va texnik xodimlari travmadan keyingi stress buzilishi (TKSB) bilan kurashishda qiyinchiliklarga duch kelishganidan shikoyat qilishdi.
Shu bilan birga, jurnalistlar ko‘pincha qurbon va hujumchi o‘rtasidagi chegaralarni an’anaviy jinoyat jurnalistikasida qabul qilib bo‘lmaydigan darajada xiralashtiradilar. Jabrlangan tomonni va nima uchun ularga qarshi jinoyat sodir etilganligini tushunish holatni chinakam tushunishga yordam beradi. Jabrlanuvchining zaif tomonlarini o‘rganish muhim, ammo bu boshqa tomonning jinoyat sodir etganligini yashirmasligi kerak.
Kiberjinoyatlar haqida xabar berish alohida, puxta yondashuvni talab qiladi. Hujumchi yoki hujumchilarning shaxsi hali aniqlanmagan bo‘lishi mumkin, ammo jinoyat jinoyatligicha qoladi. Hujumga aloqador odamlar, muassasalar yoki mamlakatlar haqida ma’lumot to‘plash huquqni muhofaza qilish organlari yoki tergovchilar uchun bo‘lgani kabi kiberjinoyatlar bo‘yicha tadqiqotchi jurnalistning ham doimiy mas’uliyati bo‘lishi kerak. Bu yerda ishonchli manbalarni to‘plash ayniqsa muhimdir. Jurnalistlar voqeaga eng yaqin bo‘lgan odamlarni aniqlashga va ular bilan tanishishga harakat qilishlari kerak. Agar voqea haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lmagan tashqi ekspertlar izoh bera olsalar, hech qachon “oldingi safda” bo‘lmagan nazariyotchilar yoki olimlarni emas, balki hech bo‘lmaganda kiberxavfsizlik sohasidagi amaliyotchilarni tanlashga arziydi. Bunday holda, amaliyotchilar bu so‘nggi 12 oy ichida bevosita kiberxavfsizlik vazifalarini bajargan xodimlardir.
Tashqi dunyo
Kiberjinoyatlar to‘g‘risida xabar berishning an’anaviy jinoyat jurnalistikasidan farq qiladigan yana bir jihati – muayyan jinoyatni idrok etish va baholashda tashqi dunyoning ahamiyati hisoblanadi. Kiberxavfsizlikni yoritishda xalqaro manfaatdor tomonlardan manba olish muhimdir.