Berkli olimlari bolalarni dezinformatsiyadan asrashning noan’anaviy usulini taklif qilishdi

Internet dezinformatsiyaga to‘lib ketgan va obyektiv faktlar ko‘pincha bahs-munozaraga uchraydi, bunga Berklidagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari hayratlanarli yechim topdilar: bolalarning onlayn makondagi katta miqdordagi noto‘g‘ri ma’lumotlarning bolalarga ta’sirini nazorat ostiga olish.

2024-yil 10-oktabrda nufuzli “Nature Human Behavior” jurnalida chop etilgan tadqiqotga “Berkli UC” psixologiya kafedrasi aspiranti Evan Ortisio boshchilik qildi. Ortisio va uning hamkasblari, kattalar bolalarni noto‘g‘ri ma’lumotlardan butunlay himoya qilishga hakakat qilish o‘rniga, ularni faktlarni tekshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga o‘rgatishlari kerak, deb ta’kidlaydilar.

“Biz bolalarni kelajakka tayyorlash uchun ularda skeptitsizmni shakllantirishimiz va onlayn kontekstda tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini qo‘llash imkoniyatini berishimiz kerak, axir ular deyarli 24/7 ushbu muhitda bo‘ladilar”, — deydi Ortisio.

Tadqiqotchilar 4 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 122 nafar bola ishtirokida ikkita tajriba o‘tkazdilar. Birinchi eksperimentda bolalarga hayvonlar haqidagi haqiqatdan butunlay yolg‘ongacha turli fikrlarni o‘z ichiga olgan elektron kitob ko‘rsatildi. Misol uchun, zebra surati yonida ba’zi bolalarga qora va oq chiziqlar haqidagi haqiqat, boshqalarga esa zebralarning qizil va yashil ranglarda bo‘lishi haqidagi yolg‘on ko‘rsatildi.

Ikkinchi tajribada qidiruv tizimining natijalari hayvonlar haqidagi o‘xshash faktlar va fantastika bilan taqlid qilindi. Keyin bolalardan “Zorpi” deb nomlangan xayoliy begona tur haqidagi yangi da’voning ishonchliligini baholash so‘raldi. Ekranda 20 ta Zorpi deb ataladigan, ulardan birining uchta ko‘zi bo‘lgan, qolganlari esa ko‘zlarini yashirish uchun qora ko‘zoynak taqib yurishgan tasvirlar ko‘rsatilgan.

Bolalardan barcha Zorpilarning uchta ko‘zi borligi rostmi, deb so‘rashdi. Yakuniy qaror qabul qilishdan oldin ishtirokchilarga o‘zga sayyoraliklarning rasmlarini bosish va ko‘zlarini ko‘rish uchun ko‘zoynaklarini olib tashlash orqali ushbu bayonotni sinab ko‘rishga ruxsat berildi.

Natijalar ajoyib edi. Ilgari hayvonlar haqida ko‘proq yolg‘on ma’lumotlar berilgan bolalar Zorpi haqidagi faktlarni ancha sinchkovlik bilan tekshirdilar. Bundan farqli o‘laroq, tadqiqot boshida ishonchliroq ma’lumot bilan ishlaganlar faktlarni deyarli tekshirmadilar.

“Bolalar raqamli muhitda ilgari duch kelgan ma’lumotlarining sifatiga qarab, skeptitsizm darajasini moslashtirishi mumkin, — deb tushuntiradi Ortisio. — Ular raqamli muhit qanday ishlashi haqidagi taxminlaridan foydalanib, kontentning o‘zi haqida hech narsa bilishmasa ham, ma’lumotlarga qanchalik ishonish yoki ishonmasliklarini oqilona tahrirlashlari mumkin”.

Ushbu tadqiqot ayniqsa dolzarbdir, chunki bolalarning taxminan uchdan bir qismi 9 yoshida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshlaydi va voyaga etmaganlar “TikTok”da akkauntini yaratgandan so‘ng bir necha daqiqada sog‘lig‘i haqidagi dezinformatsiyaga duch kelishadi.

Ortisioning ta’kidlashicha, hatto “YouTube Kids” kabi kichik yoshdagilar uchun mo‘ljallangan platformalar ham zaharli kontent va dezinformatsiya uchun maydonga aylangan. Bu ayniqsa muammoli, chunki ota-onalar bu platformalar o‘z farzandlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonishlari mumkin.

Internetning butunlay ”steril” makonini yaratishga harakat qilish o‘rniga, Ortisio ota-onalarga o‘z farzandlariga da’volarni qanday tekshirish va onlaynda ko‘rgan narsalari haqida gapirishni maslahat beradi. Platforma nimani taklif qilishi va nima taklif qila olmasligi haqida aniq taxminlarga ega bo‘lish ham muhimdir.

“Gap faqat skeptitsizmni kuchaytirishda emas. Biz bolalarga bu shubhadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish imkoniyatini berishimiz kerak, — deya xulosa qiladi Ortisio. — Bizning tajribalarimizda faktlarni tekshirish juda oson edi. Haqiqiy hayotda faktlarni tekshirish aslida juda qiyin. Biz bu bo‘shliqni yengib o‘tishimiz kerak”.

Ushbu tadqiqot dezinformatsiyaga qarshi kurashda yangi istiqbollarni ochadi va raqamli asrning qiyinchiliklariga tayyor bo‘lgan tanqidiy fikrlaydigan avlodni tarbiyalash uchun paradoksal, ammo potentsial samarali yondashuvni taklif qiladi.