2023-yilning 1-sentyabr sanasida telegramdagi “Qoraxabar” kanalida Qozog’iston Respublikasining shimoliy qismlarida kuydirgi (Sibir yarasi) kasalligi qayd etilgani haqida xabar chiqarildi. Xabarda keltirilishicha, Jarqayn tumani Ushkarasu qishlog’idagi 12 kishida ushbu kasallik aniqlangan.
HUKM: ROST
Qozog’iston Respublikasi Sog’likni saqlash vazirligi ushbu xabarni tasdiqladi. 6-sentyabr kuni vazirlik rasmiy saytida Akmola viloyatida aholi orasida kuydirgiga gumon qilingan 15 ta kasallik holati qayd etilgani haqida ma’lumot berildi. 2023-yilning 4-sentabr holatiga ko’ra, barcha bemorlar kuydirgi tashxisi bilan Akmola viloyati, Esil tumani, Esil shahar markaziy tuman kasalxonasi yuqumli kasalliklar bo’limiga yotqizilgan. Ulardan 15 nafarida kuydirgi kasalligi tasdiqlangan.
Sanitariya-epidemiologiya ekspertizasi natijalariga ko’ra, 21 ta go’sht namunasidan 16 tasida kuydirgi DNKsi aniqlangan. Kasallik aniqlangan hududlarda yakuniy dezinfeksiya o’tkazilgan. Viloyat hokimi o’rinbosari rahbarligida tuzilgan shtab qarori bilan 31 avgustdan Ushkarasu qishlog’i hududida karantin e’lon qilingan.
Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport qilishda cheklov choralari joriy etilgan hamda 536 kg go’sht mahsulotlari yoqib yo’q qilingan.
Kuydirgi haqida qisqacha ma’lumot
Odamlarga kasallik infeksiyasi asosan kasal hayvonlar orqali, juda kamdan-kam hollarda ifloslangan tuproq orqali yuqadi. Kuydirgi odamdan odamga yuqmaydi. Infeksiyaning asosiy manbai kasal qishloq hayvonlari (qoramol, ot, qo’y, echki).
Kuydirgi infeksiyasi inson tanasiga, asosan, shikastlangan teri orqali, ba’zi hollarda nafas yo’llari va oshqozon-ichak shilliq pardalari orqali kiradi.
Inkubatsion davr muddati bir necha soatdan bir necha kungacha bo’lishi mumkin, ko’pincha 2-3 kun oralig’ida o’zgarib turadi. Kasallik lokalizatsiyalangan (teri) yoki generalizatsiyalangan (o’pka va ichak) shaklda kechishi mumkin.
Profilaktik choralar:
Kuydirgi kasalligining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga amal qilish kerak:
- qishloq xo’jalik hayvonlarini davriy veterinariya ko’rigidan o’tkazib turish;
- molxonalarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qattiq rioya etish;
- hayvonlarni veterinariya nazoratisiz so’ymaslik va go’shtini aholiga tarqatmaslik;
- kuydirgi bilan kasallangan hayvon go’shtini dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish;
- kasal hayvonlar yotgan joylarni 2 foiz formalin, 20 foiz xlorli ohak eritmasi va boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilish, o’lganlarni esa 2-2,5 metr chuqur qazib, ustiga 10 sm qalinlikda ohak solib ko’mish yoki yoqib yuborish;
- kuydirgi yarasiga ishlatilgan vositalarni dezinfeksiya qilish, o’rin-ko’rpalarni dezkameradan o’tkazish;
- chorvachilik, go’sht kombinati, teri va qorako’l zavodi ishchilari, veterinarlar, laboratoriya xodimlarini kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish;
- go’sht, sut mahsulotlari bilan ishlashda e’tiborli bo’lish, pichoqlar va taxtachalarni alohida bo’lishiga qat’iy rioya etish.
Qo’shimcha ma’lumotlar:
Kuydirgi – sabablari, alomatlari, klinik tasviri, tashxislash, davolash, oldini olish (mymedic.uz)