COVID-19 dan xavfliroq virus: rost yoki yolg‘on?

Ijtimoiy tarmoqlarda Nipah virusi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Unda shunday deyilgan: “O‘zbekiston fuqarolaridan Hindistonga bormaslik so‘ralyapti. Ayni damda Hindistonda Nipah virusi tarqalyapti, unga chalingan 10 ta odamdan 8 tasi o‘ladi. Hozirda eng yomon virus shu Nipah virusi… Yaqinlarga ulashing, Ogoh bo‘linglar, shu kunlarda Hindistonga borib kelganlar bilan ehtiyot bo‘lib muomala qiling”.

Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: QISMAN ROST

Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi telegram kanalida 29-sentyabr sanasida quyidagi xabar berildi: 

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi avj olayotgani haqidagi ma’lumotini taqdim etdi. Joriy yilning 22-sentabr holatiga ko‘ra, Nipah infeksiyasi bo‘yicha oltita holat tasdiqlangan bo‘lib, ikkita o‘lim holati yuz berdi. Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi. Savdo-sotiq ishlari bo‘yicha boruvchi tadbirkorlar yoki sayohat uchun Hindistonga borishga chog‘langan yurtdoshlarimizga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhimligini eslatib o‘tamiz:

  1. Avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya eting;
  2. Mevalarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuving;
  3. Yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib iching;
  4. Ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmang”.

Qo‘mita sahifasida O‘zbekiston fuqarolaridan Hindistonga bormaslik so‘ralmagan.JSSTga ko‘ra, Nipah virusi infeksiyasi o‘tkir respirator infeksiya va o‘limga olib keladigan entsefalit kabi bir qator klinik ko‘rinishlarni keltirib chiqaradi. Bangladesh, Hindiston, Malayziya va Singapurdagi epidemiyalarda o‘lim holatlari, odatda, umumiy kasallanish holatlarining 40% dan 100% gachani tashkil qilmoqda. Hozircha ushbu kasallikning samarali davolash usullari yoki uning oldini olish uchun vaksinalar mavjud emas. Shuningdek, JSSTga ko‘ra, COVID-19 davrida o‘lim darajasi umumiy zararlanish holatlarining taxminan 2% iga to‘g‘ri kelgan.