Telegram kanallarning birida agar tish pastangizda E-171 — titan dioksidi bo‘lsa, demak, siz o‘zingiz bilmagan holda xavfli zaharni iste’mol qilyapsiz, degan xabar chop etildi.
“Jigar, buyraklar va saraton bilan bog‘liq muammolar aynan kimyoviy titan dioksidi tufayli kelib chiqadi”, — deyiladi xabarda.
HUKM: YOLG‘ON
Titan dioksidi oq pigment bo‘lib, bo‘yoqlarda, kremlarda, tish pastalarida va sovun uchun rang beruvchi modda sifatida ishlatiladi.
Ikki yil oldin, Evropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi o‘z xulosasini yangiladi va titan dioksidi endi ovqatlanish uchun ishlatilganida xavfsizligi kafolatlangan deb hisoblanmaydi.
Bu xulosa chiqqanidan so‘ng ko‘plab xorijiy saytlar titan dioksidining organizm uchun zaharli ekanligi, buyraklar bilan bog‘liq muammolar, ko‘ngil aynishi va hatto saraton kasalligini keltirib chiqarishi haqida maqolalar chop eta boshladi.
Shunday ekan, titan dioksidi bo‘lgan tish pastasi yoki kremlardan foydalansam bo‘ladimi?
Ushbu xulosa e’lon qilingandan so‘ng, Meduza titan dioksidi va undan foydalanish haqida sharh yozdi va unda titan dioksidi tish pastalari hamda kremlarida ishlatilishining xavfsizligini tasdiqladi.
Maqoladan parcha: “Yevropa boshqarmasining yangilangan xulosasi titan dioksidining faqat oziq-ovqat mahsulotlarida ishlatilishiga tegishli”.
Tarkibida titan dioksidi bor kosmetika yoki tish pastasini ishlatishda davom etishingiz mumkin, agar siz, albatta, tish pastasini ichga qabul qilmasangiz.
Titan dioksidi bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish mumkinmi?
Uni iste’mol qilishning zarari isbotlanmagan. Mutaxassislar moddani zaharli, kanserogen yoki xavfli deb atamagan. gap shundaki, ilgari titan dioksidi qo‘shilgan mahsulotlar xavfsiz ekanligi kafolatlangan deb hisoblangan, ammo hozir mutaxassislar bunga ishonch hosil qilolmayapti.
Xulosadan iqtibos: “Mavjud barcha ilmiy ma’lumotlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng, boshqarma titan dioksidi zarralarining genotoksikligiga shubhani istisno qila olmaydi, degan xulosaga keldi”. Shunga asoslanib, mutaxassislar endi titan dioksidini iste’mol qilish uchun xavfsiz deb hisoblay olmaydilar, chunki uning kundalik normasini belgilash mumkin emas.
Tish pastasidan yoki kremdan to‘g‘ri foydalanilganda titan dioksidi buyraklar yoki jigarga hech qanday zarar etkazmaydi va saraton rivojlanishiga olib kelmaydi.