Anomal sovuqda jonivorlar muzlagani rostmi?

2023-yil 13-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻistonda anomal sovuq boshlangani, havo harorati -52° gacha tushib ketgani va koʻchada qolgan hayvonlar muzlab qolayotgani haqida videoxabar tarqaldi.

Factchecknet.uz ushbu xabarning haqiqatga qay darajada mos kelishini tekshirib koʻrdi.

HUKM: YOLGʻON

Telegram kanallarida tarqalayotgan hayvonlar turgan joyida muzlab qotib qolganligi aks etgan video ilk bor 2 yil avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Tasvir birinchi marta Youtube platformasiga 2021-yilda joylangan. Tarqatilayotgan video shu yaqin kunlar oraligʻida tasvirga olingani haqidagi fikrlar asossiz. 

Ayni vaqtda Qozogʻiston bo‘ylab  ob-havo koʻrsatkichi kunduzi -13°, kechasi -20°ni tashkil qilmoqda. 2023-yil Markaziy Osiyo davlatlariga sovuq havo oqimi kirib kelganidan buyon hali Qozogʻistonda havo harorati -50°, -52°gacha tushib ketganligi kuzatilmagan. Shuningdek, ushbu darajada sovuq havo oqimi Oʻzbekistonga kirib kelishi haqida tarqalgan xabarlar ham asossizdir.
Eslatib oʻtamiz, aholi oʻrtasida vahima uygʻotishga qaratilgan materiallarni tarqatganlik uchun eng kam ish haqining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.