“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlardan biri “O‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilish orqali mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish” deb nomlanadi. Unga ko‘ra xoreografiya akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlar uchun maqsadli grantlar joriy qilish vazifasi belgilangan edi.
Factchecknet.uz ushbu vazifa ijrosi qay darajada amalga oshirilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Strategiya amaliy tadbirlar rejasi 41-maqsad 64-bandga ko’ra, 2023-yil oktyabr oyidan boshlab har yili milliy raqs sohasida ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun maqsadli grantlar tanlovini e’lon qilish belgilangan. Ushbu vazifa ijrosi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga berilgan. Strategiyadagi ushbu band ijrosi bo’yicha amaliy tadbirlar boshlanganligi aytildi, belgilangan vazifa 2023-yilda bajarilmagan.
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan vazirlik matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, topshiriq ijrosi yuzasidan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektorining 10-oktabrdagi 60-son buyrug‘iga asosan, o‘zbek va jahon xalqlari raqs san’atiga oid fundamental tadqiqotlarni olib boruvchi ilmiy-tadqiqot ishchi guruhi shakllantirilgan.
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tomonidan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sh.Xudoynazarova rahbarligidagi “Eshitishi hamda so‘zlashuvida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uсhun raqs harakatlari majmuasini yaratish” mavzusida umumiy qiymati 1,0 mlrd so‘m bo‘lgan, bajarilishi ikki yilga mo‘ljallangan maqsadli amaliy loyiha taklifi ishlab chiqilgan hamda Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etilgan. Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq o‘rnatilgan tartibda texnik hamda ilmiy ekspertizaning birinchi bosqichidan o‘tkazilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlarda muhokamaga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, mas’ulga ko’ra, o‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovlarning 85-turida “Filologiya va ijtimoiy fanlar” fan yoʻnalishida umumiy moliyalashtirish hajmi 0,7 mlrd soʻm va bajarilishi bir yilga mo‘ljallangan “O‘zbek milliy askiya va payrovlarni o‘z ichiga olgan “Askiya” raqamli ensiklopediyasini yaratish” amaliy loyiha mavzusi e’lon qilingan.
Xulosa qilganda, o‘zbek va jahon xalqlari raqs san’atiga oid fundamental tadqiqotlarni olib boruvchi ilmiy-tadqiqot ishchi guruhi shakllantirilgan. Innovatsion loyihalar tanlovlarida sohaga aloqador amaliy loyihalar taqdim qilingan. Lekin milliy raqs sohasida ilmiy-tadqiqot loyihalari uchun alohida maqsadli grantlar tanlovi hali e’lon qilinmagan.