O‘zbekistonliklar semirishga moyil emasmi?

OAVlardan birida “Nega o‘zbekistonliklar semirishga moyil emas va “ko‘k choy”ning bunga qanday aloqasi bor?” sarlavhasi bilan video xabar tarqaldi.

Ushbu videoda Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Gennadiy Onishenko O‘zbekistonda semirish sust ifodalangan degan fikrni bildirgan.

Factchecknet.uz bu fikr qanchalik to‘g‘ri ekanligini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

O‘zbekistonda bu masala bir necha bor ko‘tarilgan va ko‘rsatkichlarga qaraganda, semirish darajasi past ham emas.

2020 yilda o‘sha davrda sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan Alisher Shadmanov  quyidagi statistik ma’lumotlarni keltirgan: aholimizning 51 foizi ortiqcha vaznga ega, 28 foizi semizlikdan aziyat chekadi.

2023-yil oktabr oyida World Population Review ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi katta yoshli aholining 16,6 foizi semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston yetakchi: u yerda katta yoshlilarning 21 foizi ortiqcha vaznga ega. Turkmanistonda aholining qariyb 19 foizi bu muammoga duch kelmoqda. Qirg‘izistondagi ko‘rsatkich O‘zbekistondagi bilan o‘xshash. Eng kam semiz odamlar Tojikiston (14,2%) va Afg‘onistonda (5,5%).

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 18-64 yoshdagi aholining yarmi ortiqcha vaznga ega, 20 foizi esa semizlikka duchor bo‘lgan. Bu ma’lumotlar dekabr oyida ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘rtacha tana massasi indeksi (BMI) 1991-yildan buyon har yili 0,12 punktga oshib, 2006-yilda ortiqcha vazn ko‘rsatkichi 25 kg/m² ga teng bo‘ldi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘rtacha BMI 26,5 kg / m² ni tashkil qiladi (ayollarda bu erkaklarnikiga qaraganda 1 kg ga yuqori), bu Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Semizlik bilan bog‘liq muammolar faqat kattalarga hos emas. Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEF tomonidan 2019-yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda bolalarning 4,6 foizi ortiqcha vaznga ega. Garchi bu hodisa hali jiddiy muammo bo‘lmasa-da, O‘zbekistonda vaznning bo‘yga nisbati JSST bo‘y standartlaridan o‘rtacha yuqori. Shuningdek, 15-49 yoshdagi homilador bo‘lmagan ayollarning 40,7 foizi ortiqcha vaznga egaligi yoki semizlikdan aziyat chekishi, ayol qanchalik yoshi katta bo‘lsa, uning ortiqcha vaznga ega bo‘lish ehtimoli ham shunchalik yuqori ekanligi aniqlandi.

“Ushbu hodisa jamoat sog‘liqni saqlash tizimining  jiddiy muammosidir”, – deyiladi tadqiqotda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari esa semizlik bilan bog‘liq muammolarni mamlakat iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘ladi. Ularning prognozlariga ko‘ra, 2060-yilga borib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ortiqcha vazn va semizlikdan yetkazilgan zarar 21,6 milliard dollargacha o‘sadi, bu aholi jon boshiga 490 dollar va YaIMning 4,7 foiziga to‘g‘ri keladi, deyiladi 2023-yil 14-fevralda e’lon qilingan materialda.

Taqqoslash uchun, agar O‘zbekistonda foiz nisbatida 20 foiz aholi semizlikdan aziyat cheksa, Rossiyada bu umumiy katta yoshli aholining 24,1 foizini tashkil qiladi. Farq to‘rt foizdan sal ko‘proq bo‘lishiga qaramay, Onishenko Rossiya Federatsiyasi hududidagi bu raqamlarni “juda xavotirli” deb atadi. Ha, bu foizlar butunlay boshqa odamlar sonini aks ettiradi, chunki Rossiya geografik jihatdan kattaroqdir. Biroq, foizlarda ular mamlakatimizda davlat darajasida ham tashvish tug‘dirmoqda. O‘zbekistonda semiz insonlar sonining ko‘payishini oldini olishga qaratilgan strategiya va konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda va bu ko‘rsatkichni 23 foizga qisqartirish ham rejalashtirilgan. Demak, o‘zbekistonliklar semirishga moyil emas, degan fikr yolg‘on.
Eslatib o‘tamiz, ayni ekspert Gennadiy Onishenko 2021-yilda bir qator mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham biologik qurol ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjudligini aytgan edi. Keyin Tashqi ishlar vazirligi bunga nisbatan javob bergan va ma’lumot mutlaqo yolg‘on ekanligini ma’lum qildi – laboratoriyalar faqat diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan va faqat tinch maqsadlarda ishlaydi.