Telegram kanallardan biriga ko‘ra, 2022-yilda dunyoda daryolarning uchdan biridan ko‘prog‘i sayozlashib, Tibet, Alp tog‘lari va And tog‘lari o‘z muzliklarini yo‘qotishda davom etmoqda. “Bu haqida Jahon meteorologiya tashkilotining global suv resurslari holati to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib suv tanqisligi muammosi besh milliarddan ortiq odamga ta’sir qiladi”, deyiladi xabarda.
Biz mazkur xabarda keltirilgan ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdik.
HUKM: ROST
2022-yilda dunyo bo‘ylab daryolarning uchdan biridan ko‘prog‘ida suv hajmi qisqardi, Tibet, Alp va And tog‘laridagi muzliklar erishda davom etdi. Bu faktlar Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO)ning “Global suv resurslarining holati” hisobotida tasdiqlangan.
Tashkilotning xulosasiga ko‘ra, asosan inson omili natijasida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishi Yerdagi suv aylanish jarayonini izdan chiqarib yuborgan. 2022-yilda dunyo bo‘ylab daryolarning yarmidan ko‘pida me’yoriy oqimning buzilishi kuzatilgan.
Tibet, Himoloy, Pomir va Tyan-Shandagi tog‘ tizimlarini o‘z ichiga olgan “Uchinchi qutb” 2000-yildan beri muzliklarining 4% dan ko‘prog‘ini yo‘qotgan. Bu hududlarda qor qoplami kamayib, muzlik ko‘llari soni ortgan. “Uchinchi qutb” deyarli ikki milliard odamni toza suv bilan ta’minlaydi.
Reyn, Dunay va Po daryolarini to‘ldiradigan Alp tog‘laridagi qor qoplami o‘rtacha darajadan ancha pastlagan. Subtropik And tog‘larida 2009-yilning qishidan beri qor yog‘ishi kamayib, Chili va G‘arbiy Argentinadagi suv ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 3,6 milliard kishi hozirda yiliga kamida bir oy davomida toza suv yetishmasligi muammosidan aziyat chekmoqda. 2050-yilga kelib bu muammo besh milliarddan ortiq odamga ta’sir qilishi mumkin.