O´zbekiston aholisi 2021-yildan beri “Ochiq budjet” portali orqali mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etish imkoniyatiga ega.
“Tashabbusli budjet” xozirda eng ko´p quloqqa chalingan va “katta poygaga” aylangan jarayondir. Platforma orqali siz infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, kerakli mablag´ yutishingiz mumkin.
Bu Prezidentning 2021-yil 13-aprel kunidagi qarori (PQ-5072) bilan amalga oshirildi va fuqarolar budjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun imkoniyat yaratilgan edi.
Bugungi kunda 2024-yil 1-mavsum tashabbuslari uchun ovoz yig’ish jarayonlari davom etmoqda.

Shu o’rinda savol tug’iladi: 2023 va undan avvalgi yillardagi g´olíb bo´lgan tashabbuslar qay darajada amalga oshirildi? Loyiha tugallanganmi va ko´rsatilgan talab hamda sifatda topshirildimi?
2022-yilda “Ochiq budjet” axborot portalida “Jamoatchilik nazorati” funksiyasi ishga tushirildi. Unga ko’ra, axborot portalida ro‘yxatdan o‘tgan tashabbuskor fuqarolar mazkur bo‘limda g‘olib deb topilgan takliflar ijrosini bevosita kuzatish hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matn yoki fotosurat ko‘rinishida izoh yuklash, savollar yo´llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Biroq jamoatchilik nazorati asosida kelib tushgan savol va e’tirozlarga kimdir javob qaytaradimi degan masala ochiq qolmoqda.
2022-yil 1-mavsumda respublika bo’ylab ikki tashabbus ijrosi “qizil”, ya’ni qoniqarsiz deb baholangan. Xususan, Qashqadaryo viloyati G’uzor tumanida ichimlik suvi va oqava tizimini yaxshilash bilan bog’liq tadbirlar kategoriyasida g’olib deb topilgan tashabbusga 7 ta favqulodda xabar qoldirilgan. Ularning eng so’nggisi 2024-yil 26-fevralda yozilgan bo’lib, shunday mazmunga ega: “Ishlar yarmi bajarilmagan. Shartnoma bo‘yicha belgilangan narxlarni bajarilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomasida sun’iy oshirib yozish hisobiga pul mablag‘lari to‘liq o‘tkazib berilgan. Qachondan beri aytib kelyapmiz. Shuni qonuniy bo‘lsa qonuniyligini ozroq bo‘lsa ham tushuntiradigan tashkilot rahbari yoki xodimi bormi. Nahotki ko‘rinib turgan narsaga e’tibor qaratmasak. Bunchalik bee’tibor bo‘lmaylik. Talon-tarojlik bo‘lyapti axir”. Ushbu loyihaga 100 million so’m miqdorida pul ajratilgan.
“Mening yo’lim” loyihasi 1-mavsumida ham 2 tashabbus “qizil” deya baholangan. Xususan, Sirdaryo viloyati Shirin shahrida ichki yo’llarni ta’mirlash bilan bog’liq tadbirlar yo’nalishida g’olib deb topilgan loyihaga shunday izoh holdirilgan: “Ming afsus ishlar juda sifatsiz bajarildi. Avvaldan ko’chamizga shag’al yotqizilgan edi, shag’al olinmasdan yuzaki yupqa asfalt qilindi. Hozirda asfalt yupqaligi sababli ostidagi shag’al chiqib ketyapti. Ish bajarilayotgan vaqtida firma xodimlari tomonidan 2-sloy yotqizamiz hali deb va’da berildi, lekin bu va’da bajarilmadi. Iltimos, bu ko’chani boshqatdan asfalt qilish masalasini ko’rib chiqinglar. Chunki bu asfaltni biz ko’p yillar kutganmiz”. Izoh 2023-yil noyabr oyiga tegishli.
2022-yil 2-mavsum “Tashabbusli byudjet”ida qizil loyihalar soni 9 taga yetdi. Xususan, Samarqand viloyati Nurobod tumanida umumta’lim maktablarni ta’minlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari yo’nalishida g’olib deb topilgan tashabbus 1,2 mlrd so’mga baholangan. Unga 2023-yil noyabr oyida shunday izoh qoldirilgan:
“Amalga oshirilgan ishlardan mutlaqo noroziman. Sababi Nurobod tuman 67-maktabda qo’shimcha bino sifatsiz qurilgan. Va uni maktab direktori qabul qilib hozirda o’qish boshlangan. Nimaga e’tiborsiz bo’lmoqdasizlar? Uning ustiga qo’yilgan plita yaroqsiz. Shu sizning bolangizning ustiga ag’anab ketsa nima bo’ladi? Bu yerda bizning farzandlarimiz o’qiydi. Sifatsiz binoda siz farzandingizni o’qitar edingizmi? Jamoatchilik nazorati deysizlar. Men borsam smetani ham ko’rsatmadiku. Loyiha smeta bilan qayta ko’rib chiqishlaringizni, qurilishni qaytadan auditdan o’tkazishlaringizni so’rayman. Qurilishni nazorat qiladigan tashkilotlar bunga xulosa beraveradi yaroqli deb. Lekin bino haqiqatda yaroqsiz deb hisoblayman. Ayni ustidagi plita 80 kg ni ko’tarolmasdan qimirlab yotgan edi”.
Shuningdek, shu mavsumda moliyalashtirilgan va yakunlangan ayrim loyihalarga izohlar:
1. Bu loyihaga 1,2 mlrd so’m ajratilgan.

“Asfalt yotqizilgan yo’l qismi 1 yil bo’lmasdan joyidan ko’tarilib, ko’chib ketdi. Ishlar sifatsiz qilingan”.
2. Bu loyiha ham góliblardan va 1,1 mlrd so’mni yutib olgan.

“Ishlar sifatsiz va haligacha yakunlanmagan. 2 padyomdagi nasos uchun 2 dona generator o’rnatilishi kerak edi, hozircha faqat bittasi kelgan. Generatorlarning hammasi eski, faqat bo’yalgan va remont qilingan”.
3. Mana bu loyihaga 900 mln so’m ajratilgan.

“Davlatning puli isrof bo’ldi. Bu ishni loyihalashtirish va amalga oshirish ishlarini shunchaki xalqni ahmoq qilish deb bilaman”.
2023-yil 1-mavsumda qizil loyihalar soni yanada ortgan – 21 ta. Ilgariroq saytimizda ushbu mavsumga tegishli loyiha asosida “Chustdagi maktabning quyosh panellari bolalarga xavf solmoqdami?” sarlavhali kichik surishtiruv taqdim etgan edik.
“Mening yo’lim” 2023-yil 1-mavsumda qizillar soni 6 ta. Quyida ushbu mavsumdan ayrim izohlar:
4. Mana bu loyihaga 1 mlrd so’m ajratilgan.

“Qani gishlog’ining ichki yo’llarini asfalt qilish uchun mening yo’lim loyihasi tomonidan 100625000 ming sumdan 600 million so’m Shahrisabz tuman moliyasi tomonidan ajratildi, qolgan 406 million 250 ming sum pul yo’q. Yoqizilgan asfalt sifati qoniqarsiz, talabga javob bermaydi”.
5. Bu loyihaga 1,5 mlrd so’m ajratilgan.

“Yo’l loyiha bo’yicha qilinmagan, talabga javob
bermaydi. Shag’al bilan tuproq aralashtirib to’kilgan. Katok yashi yurgizilmagan, kvut yetarlicha chuqurlikda olinmagan. Bir yomg’irdan keyin yo’lning abgori chiqib qoldi”.
Nihoyat, 2023-yil “Tashabbusli byudjet” 2-mavsumida 8 ta loyiha qizilga baholangan.
6. Xorazm viloyati Yangiariq tumanidan tashabbus egasi izoh yoza turib, “foydalanishga qabul qilish dalolatnomasida tashabbuskorning imzosi soxtalashtirilgan” deb yozmoqda.
7. Mana bu loyihaga1,3 mlrd so’mdan ortiqroq mablag’ ajratilgan.

“Asfalt qalinligi talabga javob bermaydi”.
Umumiy sarhisob “qizil tashabbuslar” soni 50 ga yaqinlashganini ko´rsatadi. Biroq “Tashabbusli byudjet” portalida ushbu izohlarga javob qaytaruvchi, tekshiruvchi va nazoratga oluvchi jarayon haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Bugungi kunda mavjud kamchiliklar bartaraf qilingan bo’lishi mumkin, lekin buni tekshirish imkoni yo´q va bu holda mas’uliyat “Jamoatchilik nazorati” bo’limi mas’ullarida qoladi.
Hozirgi vaqtda 2024-yil 1-mavsum uchun 35,5 mingdan ziyod tashabbus ilgari surilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ovoz yig’ish jarayonlari bilan bog’liq virusli videoroliklar, turli postlar tarqalmoqda.
Biroq yuqoridagi tahlil shuni ko’rsatadiki, tashabbus g’olib deb topildi degani u a’lo darajada amalga oshiriladi degani emas.
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo’shiling.