O‘tgan 2023-yilda Toshkent shahrida turistlar uchun tunu kun faoliyat yuritadigan “turizm ko‘chalari” tashkil qilish reja qilingan edi. Bu vazifa 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan.
Factchecknet.uz vazifa ijrosi qay darajada bajarilganligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: BAJARILMAGAN
Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga ko‘ra:
- tashkil etiladigan turizm ko‘chalari ro‘yxatini shakllantirish;
- turizm ko‘chalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda tungi vaqtda ishlashini ta’minlash maqsadida ularning atrofini uzluksiz yoritish;
- mazkur hududlarni energiya tejamkor texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan jihozlash;
- turizm ko‘chalarida jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida “xavfsizlik chaqiruv tugmalari” o‘rnatish hamda Wi-Fi zonalarini tashkil qilish belgilangan edi.
OAV orqali Toshkent shahrida tashkil qilingan tunu kun faoliyat yuritadigan turizm ko‘chalarini izlash natija bermadi.
Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha “Inson qadri” portali ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu vazifa belgilangan maqsadning bir qismi “Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari turistlar uchun tunu kun faoliyat yuritadigan “turizm ko‘chalari” tashkil qilish” yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Biroq aynan Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar taqdim etilmagan.
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Toshkent shahar turizm boshqarmasi mas’ul xodimiga ko‘ra, hali shahar bo‘ylab turizm ko‘chalari tashkil qilinmagan. Bizga taqdim etilgan loyiha dizayni aks etgan hujjatda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasida “turizm ko‘chasi” tashkil qilinishi ko‘zda tutilayotganligi ko‘rinadi. Hujjat 2023-yil noyabr oyida imzolangan. Unda ko‘cha uzunligi 1,6 km bo‘lishi rejalashtirilayotganligini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonni Mirobod tumanida ijro etish to‘g‘risida tuman Kengashi qarorida Mirobod tumanida “turizm ko‘chalari”ni tashkil etish vazifasi belgilab o‘tilgan, biroq Toshkent shahar turizm boshqarmasi mas’ul xodimi so‘zlariga asoslanib, bu vazifa hali bajarilmagan deyish mumkin.