Surxandaryoda och boʻrilar ikki kishini yeb yubordimi?

Telegram kanallarida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining togʻli hududlarida qor yoqqani va boʻrilar aholi turar joyiga tushib, 2 kishini yeb yuborgani aytilayotgan xabarlar tarqalgan edi.

Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib koʻrdi.

HUKM: YOLGʻON

Ijtimoiy tarmoqlarda Sherobod tumanida joylashgan “Shalqon” qishlog‘idagi yalangliklarda  ikki nafar fuqaroga  tog‘dan tushib kelgan och bo‘rilar hujum qilganligi aks etgan videolavha tarqaldi. Xabar yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Aholi oʻrtasida keng muhokamaga sabab boʻlgan ushbu voqea aslida Rossiya Federatsiyasiyasida sodir bo‘lgan. Volgograd viloyatining Rudnyanskiy tumanida ovchilar mahalliy fermerlardan biriga zarar yetkazgan bo‘rilarni yo‘q qilishgan. Qorda harakatlanuvchi avtomobillarning yonida uch kishi uchta o‘lik yirtqichning oldida suratga tushgan. Ayni paytda ular Kotovskiy tumanidagi bo‘rilarni yoʻq qilishni rejalashtirgan. Tashkilotchilar tajribali ovchilarni pul mukofoti bilan jalb qilmoqda. Oʻldirilgan har bir bo‘ri uchun 20 ming rubl vaʼda qilingan. So‘nggi paytlarda Volgograd viloyatida yirtqich boʻrilar sonining ko‘payishi qayd etilgan.  Bu ushbu hududda yashovchi kiyiklar sonining ortishi bilan bog‘liq. Ushbu hududga yaqin joylashgan Lemeshkino qishlog‘i yaqinidagi fermaga 9-yanvar kuni bo‘rilar bostirib kirib, bir necha qo‘yni o‘ldirgan. Oʻtgan yili ham shunga oʻxshash holat kuzatilgan. Danilovskiy tumanida  och bo‘ri aholi turar joylariga tushib kelgan va  46 yoshli ayolni tishlagan.  Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, jonivor quturish bilan kasallangan boʻlgan.

Bundan koʻrinadiki, tarqalgan video va rasmlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida tasvirga olinmagan. Shuningdek, boshqarmaning rasmiy bayonotida “Shalqon”, “Vandob”, “Kampirtepa” qishloqlarining tog‘larida yashovchi yovvoyi hayvonlar Ekologiya vazirligi tasarrufidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasi tomonidan  doimiy muhofazaga  olingani, shuningdek, xabarda ilova qilingan  rasmlardagi holat ham Surxondaryo viloyatida sodir bo‘lmaganligini ko‘rsatib turibdi. Sababi murojaatda belgilangan hududlarda joriy yil hisobidan qor tushmaganligini ma’lum qilamiz” — deyiladi.

Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan manbasiz xabarlarga ishonmasliklarini va bu kabi yolgʻon xabarlarni tarqatmasliklarini soʻraymiz.