Telegram kanallarida glitserin varikozga qarshi arzon dori ekanligi haqida xabar tarqalmoqda.
“Glitserin tomirlarni toraytirish uchun juda foydali. Oyog‘ingizga glitserin surtib, yotish kerak”, — deyiladi xabarda.
HUKM: YOLG‘ON
Glitserin varikozni davolamaydi. Ba’zida oyoq kompresslari va malhamlari tarkibida qo‘llanilsa-da, varikozni davolashda samarali ekanligi haqida hech qanday ilmiy dalillar yo‘q.
Tomirlarning varikoz kengayishi surunkali kasallik bo‘lib, kompleks davolanishni talab qiladi, jumladan:
- Turmush tarzini o‘zgartish: bu vaznni kamaytirish, muntazam ravishda mashq qilish, kompression ich kiyimlarni kiyish va uzoq vaqt turish yoki o‘tirishdan qochishni o‘z ichiga olishi mumkin.
- Dori-darmonlar: qon oqimini yaxshilash va varikoz alomatlarini kamaytirishga yordam beradigan dorilar buyurilishi mumkin.
- Skleroterapiya: bu kasallangan tomirlarga maxsus eritma yuboriladigan protsedura bo‘lib, ularning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.
- Lazer bilan davolash: lazer nuri yordamida varikoz tomirlarini yo‘q qilish.
- Jarrohlik amaliyoti: ba’zi hollarda varikoz tomirlarini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash kerak bo‘lishi mumkin.
Varikoz tomirlari kengayisi kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish juda muhim, shunda u kasallikni to‘g‘ri tashxislashi va kerakli davolanish choralarini buyurishi mumkin.