Telegram kanallarida kiyimlarni uy sharoitida quritish inson salomatligi uchun xavfli ekani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlarda xonadagi namlikning oshishi natijasida bosh og‘rig‘i, pnevmoniya kabi kasalliklar kelib chiqishi, shuningdek, kir yuvish kukuni qoldigʻining o‘pkaga tushishi va hatto rakka olib kelishi mumkinligi aytilgan.
HUKM: TASDIQLANMAGAN
Kiyimlarni uy ichida quritish haqiqattan ham uydagi namlik darajasini oshiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ho‘l kiyim-kechaklar xonaning namligini 30% gacha oshirishi mumkin, bu esa turli mog‘orlar, jumladan Aspergillus fumigatusni (odamlar va hayvonlarda kasallik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mog‘or turi) rivojlanishiga imkon beradigan sharoitlarni yaratadi. Bu mog‘or immunitet tizimi zaiflashgan yoki astmasi bor insonlarda nafas olish muammolariga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori darajadagi namlik bilan nafas yo‘llari infeksiyalari va allergiyalarning ko‘payishi o‘rtasida bog‘liqlik mavjud. Bu xavflarni kamaytirish uchun esa xonadagi namlik darajasi 40% dan 60% gacha ushlab turilishi kerak.
Xabarda aytilganidek, uy ichida kiyimlarni quritish bosh og‘rig‘i yoki o‘pka pnevmoniyasiga olib kelishi mumkin degan fikr asosga ega emas. Xonada quritish yuqori darajadagi namlik va mog‘or sporalarini shakllantirib, nafas olish muammolariga olib kelishi mumkin, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Sog‘lom odamlar uchun kiyimlarni vaqti-vaqti bilan uy ichida quritish katta xavf tug‘dirmasligi mumkin, ammo astma yoki immunitet tizimi zaiflashgan odamlar ehtiyot choralarini ko‘rishlari tavsiya etiladi.
Kir yuvish vositasining qoldig‘i qurib, o‘pkamizga aynan kanserogen modda (saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moddalar) sifatida kirishi mumkin degan da’voni tasdiqlovchi ishonchli dalillar yo‘q, aslida boshqa muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqotlardan birida kir yuvish vositalari va ularning qoldiqlari inson bronxial epitelial hujayralariga qanday taʼsir qilishi o‘rganilgan. Bronxial epitelial hujayralar – bu o‘pkamizni himoya qiluvchi qatlamlarni hosil qiladi. Bu qatlamning yaxlitligi buzilsa, astma va allergiya kabi kasalliklarga moyillik oshadi. Bu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, kir yuvish vositalari, hatto yaxshilab eritib chayqalgandan keyin ham, o‘pkamizni himoya qiluvchi hujayralarga zarar yetkazishi mumkin ekan. Bu esa astma va allergiya kabi kasalliklarga moyillikni oshirishi mumkin, rakni emas.
Kir yuvish kukunlarining ba’zi tarkibiy qismlari ma’lum sharoitlardagina saraton kasalligi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bu mahsulotlarni uy sharoitida ishlatishning umumiy xavfi past hisoblanadi. Davom etayotgan tadqiqotlar va huquqiy me’yorlar xavfsizlikni yanada ta’minlashga qaratilgan. Hozircha kir yuvish kukunlari oddiy maishiy foydalanishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri saraton kasalligini keltirib chiqarishini tasdiqlagan aniq dalillar mavjud emas. Bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi cheklangan tadqiqotlar esa kir yuvish kukunlaridagi ayrim kimyoviy moddalarning hujayralarga zarar yetkazuvchi, gormonal tizimni buzuvchi va allergik reaksiyalarni keltirib chiqaruvchi xususiyatlariga qaratilgan.
Kiyimlarni uy ichida quritish bo‘yicha tavsiyalar
Xonada kiyimlarni quritish bilan bog‘liq sog‘liq uchun potentsial xavflarni, xususan namlik va mog‘or ko‘payishi xavfini hisobga olgan holda, quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:
- Xonani shamollatish: Agar uy ichida quritish zarur bo‘lsa, xona yaxshi shamollatilishini ta’minlang. Derazalarni ochish yoki ventilyatorlardan foydalanish namlik darajasini pasaytirishga yordam beradi;
- Namlikni yutuvchi qurilmalar: Xonadagi istalgan nuqtaga o‘rnatish mumkin bo‘lgan, havodagi namlikni kamaytiruvchi portativ, statsionar yoki devorga o‘rnatiluvchi maxsus qurilmalardan foydalanish mumkin;
- Quritishning muqobillari: Iloji bo‘lsa, tashqarida quritish yoki quritgichdan foydalanish ma’qul. Agar tashqi sharoitlar noqulay bo‘lsa, yashash joylaridan ajratilgan maxsus xonalardan foydalanish mumkin;
- Uy ichidagi namlikni nazorat qilish: Mog‘or ko‘payishining oldini olish uchun uy ichidagi namlikni 60% dan pastda ushlab turish kerak.