Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, Oʻzbekistonda tibbiy xizmat koʻrsatish qoidalari oʻzgargan. Unga koʻra xizmatlar endi quyidagicha amalga oshiriladi:
- Rejalashtirilgan davolanish yo‘riqnomasisiz — faqat to‘lov asosida.
- Asosiy bepul PSMT paketiga kirmaydigan barcha xizmatlar bemor tomonidan to‘lanadi.
- Qabul oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi — tibbiy kartada majburiy belgi bilan.
- To‘lovdan so‘ng bemor maslahat va tekshiruvlardan o‘tadi, keyin davolanishga yo‘riqnoma oladi.
Yangi qoidalar Sog‘liqni saqlash vazirligining barcha muassasalariga taalluqlidir va allaqachon ishga tushirilgan.
Factchecknet.uz Oʻzbekistonda joriy etilgan yangi tartibni chuqurroq oʻrganib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2025-yil 1-noyabrdagi 718-sonli qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizomga koʻra, agar fuqaro rejali tibbiy yordam olish uchun oilaviy shifokor yoki boshqa mas’ul shaxsdan yo‘llanma olmagan holda, o‘z xohishi bilan klinikaga murojaat qilsa, ko‘rsatiladigan xizmatlar pulli hisoblanadi. Davlat tomonidan aholiga kafolatlangan bepul xizmatlar paketi mavjud. Bu xizmatlar odatda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida (oilaviy poliklinikalar) ko‘rsatiladi. Xususan, bepul tibbiy хizmatlar roʻyхatiga quyidagilar kiritilgan:
- bemorlarni qabul qilish, davolash va maslahat berish;
- bolalarni yosh toifalari boʻyicha davriy profilaktik va skrining tekshiruvlari;
- diagnostika uchun zarur tahlillar va tekshiruvlar (jumladan, qon tarkibidagi glyukoza va хolesterin darajasini tekshirish, 40 yoshdan oshgan aholida elektrokardiogramma, bachadon boʻyni skriningini, ayollar orasida saratonni profilaktika qilish uchun koʻkrak skriningini, antropometriya, auskultatsiya, oftalmoskopiya, rinoskopiya va boshqalar).
Shu paketga kirmagan barcha qo‘shimcha xizmatlar — maslahatlardan tortib, tekshiruvlar va davolash jarayonlarigacha — pulli asosda amalga oshiriladi.
Tibbiyot muassasasiga kelgan har bir fuqaro avval ro‘yxatga olish bo‘limida qayd etiladi.
Shunda mijozning shaxsiga oid ma’lumotlar olinadi va tibbiy kartasida u pulli xizmat oluvchi sifatida belgilab qo‘yiladi.
Pulli xizmatlardan foydalanishni istagan bemorlar xizmat narxini oldindan to‘liq to‘lashlari kerak.
Rasmiy tasdiqlangan narxlar tibbiyot muassasasining narxnomasida aks etgan bo‘ladi.
To‘lov amalga oshirilgach, fuqaroga quyidagi imkoniyatlar beriladi:
- mutaxassis shifokor qabuliga kirish;
- zarur bo‘lsa, laboratoriya yoki instrumental tekshiruvdan o‘tish.
Tekshiruv natijalari chiqqanidan soʻng, bemor tor soha mutaxassisi qabuliga yuborilishi yoki unga ambulator (uy sharoitida) yoki statsionar (kasalxonada) davolanish tavsiya etilishi mumkin. Shifokor keyingi davolash rejasini har bir bemorning sog‘lig‘iga qarab individual tarzda belgilaydi.