Dollar “qulayaptimi”?

Vesti.uz saytida AQSh dollari «endi hech kimga kerak emas», Federal zaxira tizimi go‘yoki «vahimaga tushib», o‘nlab milliard dollarlik obligatsiyalarni qayta sotib olayotgani, dunyo esa allaqachon muqobil to‘lov tizimi BRICS Pay’ga o‘tayotgani haqidagi maqola paydo bo‘ldi. Material amerikalik investor Robert Kiyosakining bir qator hissiy bayonotlariga tayangan.

Bu safar Kiyosaki ijtimoiy tarmoq X’da (sobiq Twitter) «bazm tugadi», FRZ «o‘z obligatsiyalarini soxta pullar bilan sotib oldi», deb yozdi. U giperinflyatsiya, millionlab odamlar uchun moliyaviy falokat va oltin narxining 25 000 dollargacha, bitkoinning esa million dollargacha oshishini bashorat qildi. Maqolada, shuningdek, Rossiya va Xitoy muqobil BRICS Pay platformasi orqali «dunyoni qutqarayotgani», u go‘yoki SWIFT’ni siqib chiqarayotgani va G‘arbda vahima uyg‘otayotgani aytiladi. Factchecknet.uz tahririyati esa AQSh iqtisodida aslida nima bo‘layotgani, obligatsiya auksionlari qanday ishlashi, giperinflyatsiya alomatlari bormi va BRICS Pay platformasi nimadan iboratligini o‘rgandi.

Verdikt: Manipulyatsiya

2025-yil 19-may kuni AQSh Moliya vazirligi 20 yillik davlat obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan auksion o‘tkazdi. Umumiy hajm 16 milliard dollarni tashkil etdi. Talab odatdagidan pastroq bo‘ldi, ammo baribir taklifdan oshdi — auksion muvaffaqiyatsiz o‘tmadi. Bozor bunday tebranishlarni muntazam boshdan kechiradi va bular o‘z-o‘zidan inqirozni anglatmaydi. «Hech kim kelmadi» degan gap — bo‘rttirish. Qolaversa, FRZ maqolada aytilganidek qog‘ozlarni bevosita sotib olgani yo‘q. Qonun bo‘yicha Federal zaxira tizimi birlamchi joylashtirishlarda qatnasha olmaydi. U davlat obligatsiyalarini faqat ikkilamchi bozor orqali sotib olishi mumkin — bu pul-kredit siyosatining bir qismi bo‘lib, auksionlarni «qutqarish»ga aloqasi yo‘q.

Haqiqiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, gap faqat bitta aniq auksionning rekord darajada muvaffaqiyatli o‘tmagani, ammo muvaffaqiyatsiz ham bo‘lmagani haqida. Ammo bu holat Kiyosakiga dollar tugashi, AQSh iqtisodiyotining qulashi va yagona najot oltin, kumush hamda kriptovalyutalarda ekanini aytish imkonini berdi.

«Giperinflyatsiya»da nima noto‘g‘ri

Iqtisodiyotda «giperinflyatsiya» so‘zi oyiga 50 foizdan ortiq narxlar o‘sishini anglatadi. Bu — valyutaga bo‘lgan ishonch butunlay yo‘qolganida yuz beradigan halokatli qulash (misol: Zimbabve yoki Venesuela). AQShda 2025-yil aprel oyida inflyatsiya yillik hisobda 2,1%ni tashkil etdi. Bu hatto FRZning maqsadli diapazonidan ham past. 2022-yildagi inqiroz davrida inflyatsiya 9%gacha ko‘tarilganida, AQSh Markaziy banki foiz stavkalarini keskin oshirdi. Bu choralar samara berdi: inflyatsiya asta-sekin barqarorlashdi. Bugungi kunda u hatto mo‘tadil tezlashish darajasidan ham yiroq, giperinflyatsiyani aytmasa ham bo‘ladi.

Oltin va bitkoin narxlari prognozi — bu fikr, fakt emas

Kiyosaki ko‘p yillardan beri «dollar qulaydi» va «bitkoin osmonga chiqadi» deb bashorat qiladi, ammo haqiqat bunga mos kelmaydi. «Oltin 25 000 dollarga chiqadi» kabi prognozlar hech qanday analitik model bilan tasdiqlanmagan taxminlardir. Yirik banklar va xalqaro moliya tashkilotlari oltin va kriptovalyutalarning uzoq muddatli qiymatini ancha ehtiyotkorona baholaydi.

Ha, oltin va bitkoin iqtisodiy beqarorlik fonida narxi oshishi mumkin bo‘lgan vositalardir. Ammo obligatsiya auksionidagi bitta talab pasayishi tizimli qulashing dalili emas.

BRICS Pay masalasi

Yangi BRICS Pay platformasi haqiqatan ham BRICS mamlakatlari tomonidan SWIFT’ga muqobil sifatida muhokama qilinmoqda. U blokcheyn texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, milliy valyutalarda hisob-kitoblarni ko‘zda tutadi. Ammo hozircha bu faqat sinov loyihalari bosqichida. Ishga tushirish sanasi belgilanmagan, umumiy kliring qoidalari yo‘q, mamlakatlararo o‘zaro hamkorlik mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Hatto BRICS mamlakatlarining o‘zida ham dollarli hisob-kitoblar ustun — buning sababi ularning qulayligi va barqarorligidir. Hech bir g‘arb regulyatori yoki banki bu loyihani xavf yoki birlamchi muammo deb atamagan.

SWIFT’ni kim boshqaradi?

Maqolada SWIFT «shaxsiy idora» bo‘lib, AQSh nazorati ostida va mamlakatlarni «Vashington buyruq bersa uzib qo‘yadi» deyilgan. Aslida SWIFT — Belgiyada joylashgan xalqaro kooperativ tashkilot. Uning 200 mamlakatdan ortiq 11 000 dan ziyod bank va moliyaviy muassasalari a’zodir. SWIFT’dan uzib qo‘yish qarorlarini (masalan, ayrim Rossiya banklari bilan bo‘lgani kabi) SWIFTning o‘zi emas, balki siyosiy darajada — masalan, Yevropa Kengashi yoki xalqaro sanksiyalar doirasida qabul qiladi. SWIFT esa ushbu qarorlarni to‘lov tizimi operatori sifatida bajaradi.

Dollar “endi hech kimga kerak emas”mi?

Raqamlar buning aksini ko‘rsatadi. Dollar hanuzgacha dunyodagi bosh rezerv valyuta bo‘lib qolmoqda, shuningdek, xalqaro savdo, investitsiyalar va hisob-kitoblarda birinchi o‘rinda turadi.

  •   Jahon rezervlarining 57% dan ortig‘i dollarda saqlanadi.
  • Xalqaro hisob-kitoblarning qariyb 60% dollarda amalga oshiriladi.
  • Xalqaro qarzning dollar hisobida ifodalangan qismi umumiy hajmning qariyb 65% tashkil etadi.

Ha, mamlakatlar asta-sekin rezervlarni diversifikatsiya qilmoqda, mahalliy valyutalarni rivojlantirmoqda. Ammo bu sekin va murakkab jarayon bo‘lib, o‘n yillab vaqt oladi. Dollar «qulayotganini» ko‘rsatadigan hech qanday belgi yo‘q.