2025-yil 6-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasining Musavat.com saytida e’lon qilingan “O‘zbekistonda Emin Ag‘alarovga qarshi axborot urushi: Kreml “Sea Breeze” loyihasini nishonga olganmi?” nomli maqolada Anhor.uz tahririyati “oppozitsion platforma” sifatida tavsiflangan.
Ushbu bayonotning haqiqatga mosligini aniqlash uchun Factchecknet.uz Anhor.uz ning tahririy siyosatini va faoliyatini tahlil qildi.
HUKM: YOLGʻON
Avvalo, “oppozitsion media” tushunchasiga to‘xtalaylik. Bu atama Lovink va Richardson (2001) tomonidan ishlatilgan “the media of opposition” iborasiga borib taqaladi.
“Oppozitsion” deb atalishining sababi — asosiy oqimdagi OAV tomonidan yaratilgan yoki yoritilgan holat va voqealarga javoban qarama-qarshi aks-sado, tanqid, hajv (parodiya) yoki munosabat sifatida shakllanishidir.
Anhor.uz bosh muharriri Lola Islomova saytga nisbatan ishlatilgan ushbu so‘zlarga izoh berar ekan, shunday dedi:
“Bu ta’rif Anhor.uz tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Sea Breeze loyihasi va unda Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasining ishtiroki haqidagi maqolalar turkumiga javoban aytilgan”.
Anhor.uz nashri o‘zini muxolifat tuzilmalari manfaatlarini himoya qilmaydigan, siyosiy partiyalar bilan aloqador bo‘lmagan va siyosiy kurashda ishtirok etmaydigan OAV sifatida ta’riflaydi. Tahririyat mustaqillik, faktlarni tekshirish va jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilish kabi professional jurnalistika tamoyillariga asoslanadi. Anhor.uz materiallari tekshirilgan ma’lumotlar, rasmiy hujjatlar va ochiq manbalarga tayanadi. Nashrning Sea Breeze haqidagi maqolalari kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ochiq ma’lumotlar hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosida tayyorlangan bo‘lib, ular jurnalistik tahlil doirasidan chiqmaydi va hech bir davlat yoki biznesga qarshi qaratilgan baholarni o‘z ichiga olmaydi, deyiladi xabarda.
Nashr bosh muharriri Lola Islomova ta’kidlashicha: “Tanqid qarshilik degani emas. Shubha qilish har bir jurnalistning va har qanday shaxsning huquqidir. Ishonchimiz komilki, jurnalistika mafkuraviy yorliqlar vositasi emas, balki ommaviy muloqot maydoni bo‘lib qolishi kerak. Mustaqil ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, davlat mulki, yer uchastkalari va transmilliy loyihalar haqida so‘z yuritish huquqiga ega. Bu hujum emas, balki jamoat manfaatlari. Biz doimo o‘zimizni muloqot va ochiq munozaralar uchun maydon sifatida belgilab kelganmiz. Shuning uchun biz iqtisodchilar, ekologlar va ekspertlarning, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ko‘rgan va bu haqda gapirishdan qo‘rqmaydiganlarning fikrlarini eʼlon qilamiz. Biz shaffoflik, mas’uliyat va professional muloqot tarafdorimiz”, — deya taʼkidlab oʻtgan.
Factchecknet.uz tahlil jarayonida “Anhor.uz” o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida amalga oshirishi, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilishini, nashrning professional tanqidga ochiq ekanligini, lekin haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan siyosiy yorliqlarga qo‘shilmasligini kuzatdi.
Quyida ba’zi oppozitsion OAVlarga misollar keltiramiz:
- Mediazona — 2014-yilda Pussy Riot guruhi a’zolari tomonidan tashkil etilgan mustaqil yangilik sayti. Rossiya sud-huquq tizimi, jazoni ijro etish tizimi va inson huquqlariga oid mustaqil tanqidlarni chop etadi. Rossiya hukumati tomonidan “chet el agenti” deb e’lon qilingan.
- Indymedia yoki Independent Media Center — fuqarolik jurnalistikasi formatida faoliyat yurituvchi xalqaro mediata’minot tarmog‘i bo‘lib, norozilik namoyishlarini yoritishda va davlat nazoratidagi OAVlarga muqobil axborot tarqatishda muhim rol o‘ynagan. “OAVdan nafratlanma — sen mediaga aylanishga harakat qil” shiorini ilgari suradi.
- LeMan — Istanbulda asos solingan satirik jurnal bo‘lib, siyosiy va ijtimoiy mavzularni keskin, ba’zan provokatsion uslubda yoritadi. O‘zining ochiq va keskin satirasi bilan tanilgan. 2025-yil iyul oyida chop etilgan bir karikatura sababli uning ayrim xodimlari hibsga olingan.
Xulosa qilib aytganda, Anhor.uz oppozitsion OAV emas. Tanqidiy materiallar — bu tahririyat tanlagan jurnalistik uslub bo‘lib, turli fikrlarning mavjudligi uni avtomatik ravishda muxolifat qatoriga kiritmaydi.