O’zbek-MDK telegram kanali xabarida manikyur qilishni yaxshi ko’radigan qizlar ultrabinafsha nurlanishi tufayli saraton kasalligiga chalinishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi. “Amerikalik olimlar lakni quritish lampalaridan chiqadigan ultrabinafsha nurlarining teriga ta’sirini o’rganish chog’ida shunday xulosaga kelishdi”, — deyiladi xabarda.
HUKM: YOLG’ON
UV va LED-lampalar — qoplamalarni tez polimerizatsiya qilish (quritish) uchin asboblar. Tabiiy ravishda havoda quriydigan oddiy laklardan farqli o’laroq, gel-laklar, akrigeller va boshqa polimerlar ultrabinafsha va yorug’lik diodli nurlanishni talab qiladi. Ushbu lampalar uzoq saqlanadigan qoplamalar tarkibidagi fotoinitiatorlar tufayli polimerizatsiya qiladi, bu esa gel-lak va boshqa materiallarni qattiq holga keltiradi.
Yorug’lik to’lqinlarining har qanday nurlari nanometrlarda (nm) o’lchanadi. Odamlar uchun eng xavfli to’lqin uzunligi 0 dan 295 nm gacha bo’lgan nurlanishdir. Ya’ni, nurlanish to’lqini qanchalik uzun bo’lsa, odam va uning terisi uchun shunchalik xavfsiz, UV/LED lampalar nurlari uzunligi 365-400 nm’ni tashkil qiladi.
UVA nurlaridan gel va gel laklarini quritish uchun foydalaniladi. Ammo uning zarari kunduzgi yorug’likdan ko’p emas. Va siz ko’chada kun bo’yi bo’lishingiz mumkin bo’lsa, manikyur ustasi bitta jarayonda ultrabinafsha nurlarini 12-15 daqiqadan ko’p bo’lmagan vaqt davomida faqat tirnoq va qo’llaringizga tushiradi.
Qiziqarli fakt: stomatologiyada ham plomba yaratish uchun UV/LED lampalar ishlatiladi. Shunung uchun polimerizatsiya qilganda shifokorlar ultrabinafsha nurlanishning to’lqin uzunligi manikyur qurilmalarida qo’llaniladigan UV va LED asboblaridagi bilan deyarli bir xil bo’lgan stomatologik UV-asboblaridan foydalanadilar.
Garvard olimlari shunday izoh berishadi: “Xavf darajasi manikyurning chastotasiga bog’liq. JAMA Dermatology tomonidan 2014 yilda o’tkazilgan tadqiqot shuni ko’rsatdiki, ikki haftada bir marta manikyur bilan bog’liq bo’lgan UV-A ta’sir qilish darajasi teri saratoni xavfini sezilarli oshirish uchun yetarlicha darajada yuqori emas”.
Xulosa: Muntazam ravishda tirnoq lampalaridan foydalanish xavfsiz hisoblanadi. Hozirgi vaqtda tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, chiroqning teriga ta’siri kanserogenlarni keltirib chiqaradigan darajada yuqori emas.
Ammo, agar sizga teri saratoni tashxisi qo’yilgan bo’lsa, u holda UV/LED lampalaridan voz kechish kerak, chunki ular mavjud bo’lgan o’smalarning kattarishiga olib kelishi mumkin.
Agar hali ham UV/LED nurlaridan saraton kasalligiga chalinishdan xavotirda bo’lsangiz, sizga ularning ta’sirini kamaytirishning 3 usulini aytib o’tamiz:
- Manikyurdan 20 daqiqa oldin qo’llaringizga quyoshdan asrovchi krem surting. Bunda suv o’tkazmaydigan kremlarga ustunlik berish yaxshiroqdir. Bundan tashqari, bevosita manikyurdan oldin ham quyoshdan asrovchi kremni qo’llashingiz mumkin.
- Maxsus manikyur qo’lqoplaridan foydalaning. Ularda faqat tirnoqning o’zi va uning atrofidagi kichik joyi ochiq bo’ladi.
- Har 2 haftada bir martadan kamroq manikyurga boring.
Teri saratonini qanday aniqlash mumkin?
Tirnoq plastinkasiga e’tibor bering. Agar u уerda quyuq, tim-jigarrang chiziq paydo bo’lsa, shifokoringizga murojaat qilishingiz kerak. Biroq, barcha tirnoq o’zgarishlari xavotirli emas. Oq nuqta yoki dog’lar odatda kaltsiy yetishmovchiligi yoki ba’zi dorilarning qo’shimcha ta’siri bilan bog’liq.