Telegram messenjerida tarqalgan xabarlarga ko’ra, muntazam ravishda tovuq go’shtini iste’mol qilish oshqozon saratoni va erta o’lim xavfini 27 foizga oshirar ekan. Xabarda shuningdek, tovuq go’shtining «xavfsiz» iste’mol miqdori haftasiga 100 grammdan kam bo’lishi kerakligi ta’kidlanadi (1, 2, 3).
HUKM: HUKMSIZ
Bu xabarlar Italiyaning Milliy gastroenterologiya instituti olimlari tomonidan 2025-yil aprelda «Nutrients» jurnalida e’lon qilingan so‘nggi tadqiqotga asoslangan. Oxirgi haftalarda ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan ushbu tadqiqot, darhaqiqat, parranda go‘shti iste’moli va ovqat hazm qilish tizimi saratoni o‘rtasidagi aloqani o‘rgangan. Tadqiqot doirasida 20 yil davomida 4869 nafar italiyalik katta yoshli kishilar kuzatilgan bo‘lib, suhbatlar, tibbiy ko‘riklar va ovqatlanish odatlari haqidagi so‘rovnomalar orqali ma’lumotlar to‘plangan. Olimlar ishtirokchilarning turli xil go‘shtlarni, xususan parranda go‘shtini qay darajada tez-tez iste’mol qilishini alohida tahlil qilishgan hamda oshqozon-ichak saratoni rivojlanishi va u bilan bog‘liq o‘lim holatlarini tibbiy qaydlar va mintaqaviy ma’lumotlar bazalari orqali kuzatib borishgan.
Tadqiqotga ko‘ra, haftasiga 300 grammdan ortiq parranda go‘shti iste’mol qilgan kishilarda oshqozon-ichak saratoni rivojlanishi va u bilan bog‘liq erta o‘lim holatlari ko‘proq kuzatilgan. Xususan, haftasiga 100 gramm va undan kam parranda go‘shti iste’mol qilganlarga nisbatan, bu saraton kasalliklaridan vafot etish xavfi 27 foiz yuqori bo‘lgan. Biroq shuni ta’kidlash muhimki, bu bitta tadqiqot bo‘lib, ilmiy konsensusga erishish uchun odatda bir nechta tadqiqotlar bir xil natijalarni ko‘rsatishi lozim, shundagina qat’iy xulosalar chiqarish mumkin. Bundan tashqari, mazkur tadqiqotda tarqalgan xabarda ta’kidlangan oshqozon saratoni emas, balki umuman ovqat hazm qilish tizimi saratonlari keng ko‘lamda o‘rganilgan.
Boshqa ilmiy tadqiqotlar qanday xulosaga kelgan?
Italiyada qilingan tadqiqotning natijalari parranda go‘shti iste’moli va saraton xavfi bo‘yicha oldingi ko‘plab tadqiqotlardan sezilarli darajada farq qiladi. 2018-yilda parranda va baliq iste’moli hamda saraton kasalligidan umumiy o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tkazilgan meta-tahlil (Cancer Mortality Meta-Analysis) natijasida parranda go‘shtini ko‘p va kam iste’mol qilinishi hamda saraton o‘rtasida sezilarli farq aniqlanmadi. Umumiy nisbiy xavf (RR) 0,96’ni tashkil etdi, bu esa xavfning oshmaganligini ko‘rsatadi.
PubMed nashrida 2019-yilda chop etilgan tadqiqotlar meta-tahlilida ham turli xil go‘shtlar iste’moli va oshqozon saratoni o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan. 16 500 dan ortiq saraton holatlarini qamrab olgan 43 ta tadqiqotni o‘z ichiga olgan ushbu tahlil shuni ko‘rsatdiki, oq go‘sht (tovuq va kurka go‘shti) iste’moli aslida oshqozon saratoni xavfi bilan salbiy bog‘liqlikka ega bo‘lib, nisbiy xavf 0,80’ni tashkil etdi. Boshqacha aytganda, ushbu keng qamrovli tahlil oq go‘sht iste’moli oshqozon saratoni xavfini aksincha kamaytirishi mumkinligini ko‘rsatgan. Bu esa yuqoridagi 2025-yilgi tadqiqotga zid keladi.
Bundan tashqari, Oksford universitetining Saraton epidemiologiyasi bo‘limi 2020-yilda e’lon qilgan tadqiqotida Buyuk Britaniyaning 475 mingga yaqin ishtirokchidan iborat Biobank to‘plami ma’lumotlarini o‘rganib, parranda go‘shti iste’molini saraton xavfi bilan bog‘liq deb topmagan. Ushbu muhim tadqiqot go‘sht iste’moli va 20 ta keng tarqalgan saraton turi o‘rtasidagi bog‘liqliklarga qaratilgan bo‘lib, asosan qizil (mol, qo‘y va echki go‘shti) va qayta ishlangan go‘sht hamda kolorektal saraton o‘rtasidagi aloqalarni aniqlagan, ammo parranda go‘shtini xavf omili sifatida ko‘rsatmagan.
Biroq saratonning turli xillarini ko‘rib chiqishda ilmiy manzara farqli xulosalarga ega. 2023-yilgi prognostik kogort tadqiqotlarining meta-tahlili shuni ko‘rsatdiki, oq va qizil go‘shtni ko‘p iste’mol qilish oshqozon osti bezi saratoni xavfining oshishi bilan bog‘liq ekan. Saraton va ovqatlanishni o‘rganish bo‘yicha Yevropa istiqbolli tadqiqoti (EPIC) tomonidan o‘tkazilgan yana tadqiqot natijalariga ko‘ra, parranda go‘shti iste’moli ayrim turdagi limfomalar, xususan, B-hujayrali limfomalar xavfining oshishi bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan.
Muzqaymoq yeyish jinoyatchilikka sabab bo‘ladimi?
Eng muhim nuqta korrelyatsiya va sababiyat o‘rtasidagi farqdir. Italiya tadqiqoti kuzatuv tadqiqoti bo‘lib, unda odamlar guruhidagi qonuniyatlar aralashuvsiz kuzatilgan. Unda parranda go‘shtini ko‘proq iste’mol qilish bilan o‘lim darajasi, ayniqsa oshqozon-ichak saratoni o‘rtasidagi bog‘liqlik (korrelyatsiya) aniqlangan. Biroq ikki hodisaning birgalikda sodir bo‘lishini kuzatish, ulardan biri ikkinchisini keltirib chiqaradi degan xulosaga olib kelmaydi.
Tushunarli bo‘lishi uchun quyidagi farazni olib ko‘raylik: muzqaymoq savdosi yuqori bo‘lgan shaharlarda jinoyatchilik darajasi ham yuqori bo‘ladi. Muzqaymoq yeyish jinoyatchilikka sabab bo‘ladimi? Yo‘q. Yozning issiq kunlarida ham muzqaymoq savdosi, ham jinoyatchilik darajasi oshadi. Ob-havo ikkala holatga ta’sir qiluvchi uchinchi omil bo‘lib, muzqaymoq va jinoyatchilik o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat aloqasi bo‘lmagan holda bog‘liqlikni yuzaga keltiradi.
Xuddi shunday, yuqoridagi tadqiqot ham faqat shuni ko‘rsatishi mumkinki, aynan shu italyan guruhida ko‘proq parranda go‘shti iste’mol qilgan odamlarda ma’lum sabablarga ko‘ra o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan. Tadqiqot o‘z tuzilishi bilan parranda go‘shtini iste’mol qilishning o‘zi o‘lim darajasining oshishiga bevosita sabab bo‘lganligini isbotlay olmaydi. Tadqiqotni sharhlagan mutaxassislar bu cheklovni aniq ta’kidlab, tadqiqot to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababni emas, balki bog‘liqlikni aniqlagan, deb tushuntirganlar (1, 2).
Tadqiqotlarning natijalari nima uchun farq qilmoqda?
2025-yilgi Italiya tadqiqoti va oldingi tadqiqotlar o‘rtasidagi aniq tafovut sinchkovlik bilan o‘rganishga loyiqdir. Bu farqlarni bir necha omillar bilan tushuntirish mumkin, masalan, uslubiy farqlar. Ilmiy tadqiqotlar o‘z uslubiyati bo‘yicha sezilarli darajada farqlanishi mumkin. Bu farqlar go‘sht iste’molini qanday o‘lchash, saraton kasalliklarini qanday aniqlash va tasniflash, chalkash o‘zgaruvchilarni qanday nazorat qilish va statistik yondashuvlarni qo‘llashda namoyon bo‘ladi. 2025-yilgi tadqiqot aynan italiyalik katta yoshdagi odamlarga qaratilgan edi. Ularning ovqatlanish tartibi, taom tayyorlash usullari va genetik kelib chiqishi boshqa tadqiqotlardagi aholi guruhlaridan farq qilishi mumkin.
Kuzatuv tadqiqotlari natijalariga «adashtiruvchi omillar» ta’sir qilishi mumkin – bu omillar ham tadqiqot obyekti (parranda go‘shti iste’moli), ham natija (o‘lim darajasi) bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘rilayotgan bog‘liqlikni buzib ko‘rsatishi mumkin. Italiyada o‘tkazilgan yuqoridagi tadqiqotda mualliflarning o‘zlari tan olgan bir nechta shunday omillar to‘liq hisobga olinmagan, bu esa parranda go‘shtining o‘zi «aybdor» ekanligiga shubha uyg‘otadi.
Asosiy hisobga olinmagan yoki cheklangan omillar:
- Pishirish usullari: Tadqiqotda parranda go‘shti qanday pishirilgani haqida ma’lumot to‘planmagan. Mualliflar ta’kidlashicha, yuqori haroratda pishirish kanserogen moddalar (GSA, PAU, NOB) hosil qiladi va bu hisobga olinishi kerak bo‘lgan muhim omil. Kuzatilgan xavf pishirish usullaridan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin;
- Qayta ishlangan va ishlanmagan parranda go‘shti: Tadqiqotning muhim cheklanishi shundaki, unda yangi va qayta ishlangan parranda go‘shti mahsulotlari (naggetslar, sosiskalar va h.k.) farqlanmagan. Chunki qayta ishlangan go‘shtlar o‘z tarkibi va ishlov berish usullari tufayli sog‘liq uchun farqli xavf tug‘dirishi mumkin (masalan, konservantlar tufayli). Tadqiqotda kuzatilgan bog‘liqlik asosan shu qayta ishlangan mahsulotlar iste’moli bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli bor;
- Jismoniy faollik: Mualliflar ishtirokchilarning jismoniy faollik darajasi haqida ma’lumot yo‘qligini «potensial jiddiy cheklanish» deb atashgan. Kamroq faol bo‘lgan katta yoshli odamlarda o‘lim xavfi yuqori bo‘lishi va bu parranda go‘shti iste’moli bilan bog‘liq bo‘lmagan holda natijalarga ta’sir qilishi mumkin;
- Umumiy ovqatlanish sifati: Oziq-ovqat chastotasi so‘rovnomasi (FFQ) ishlatilgan, bu esa ishtirokchilarning xotirasi va hisobotining aniqligiga bog‘liq. Garchi O‘rta Yer dengizi parheziga moslik (rMED) statistik tahlilda hisobga olingan bo‘lsa-da, ovqatlanishning boshqa hisobga olinmagan jihatlari natijalarga ta’sir qilishi mumkin;
- Boshqa omilar: Tadqiqot chekish, vino iste’moli, ayrim kasalliklar kabi bir qancha omillarni hisobga olgan bo‘lsa-da, barcha potentsial adashtiruvchi omillarni (masalan, ijtimoiy-iqtisodiy holatning barcha jihatlari, boshqa turmush tarzi odatlari) to‘liq qamrab olish imkonsiz.
Ayniqsa, pishirish usullari va iste’mol qilingan parranda go‘shti turi (qayta ishlangan yoki ishlanmagan) haqida ma’lumot yo‘qligi, shuningdek jismoniy faollik hisobga olinmagani tadqiqotning jiddiy kamchiliklari hisoblanadi. Mualliflarning o‘zlari ham ta’kidlaganidek, parranda go‘shti iste’moli va o‘lim darajasi o‘rtasidagi kuzatilgan bog‘liqlik aslida yuqori haroratda pishirish natijasida hosil bo‘lgan kanserogenlar yoki qayta ishlangan mahsulotlardagi qo‘shimchalar bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.